9 may – Xotira va qadrlash kuni

Ajdodlarimiz azaldan o‘lkamizni bosqinchilardan himoya qilgan, uning erkinligi, mustaqilligi va daxlsizligi uchun kurashgan qahramonlarini e’zozlab keladi.

Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda o‘zligini yo‘qotmagan, iymoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat ko‘rsatish tom ma’noda milliy an’anaga aylandi.

Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan faxriylarga, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Qarshi shahridagi Vatanparvarlar bog‘ida bir guruh urush qatnashchilari, Qashqadaryo viloyati hokimligi va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi hamda turli davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.

– Uzoq yillar harbiy sohada faoliyat yuritdim, – deydi Qarshi shahridagi “Shohbekat” mahallasida istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 91 yoshli Ivan Bex. – Umrimning asosiy qismi O‘zbekistonda o‘tdi va bu yer mening Vatanim deb baralla ayta olaman. 

Farzandlarim shu o‘lkada ulg‘aydi. Hozir ular xorijda yashaydi, ammo bu yerni juda sog‘inadi. Buni ular bilan suhbatlashganimda sezaman. O‘lkamiz tinch, osmonimiz musaffo, muhimi biz kabi keksalar doim e’tiborda. Mana bugun Vatanparvarlar bog‘ida aylanib, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Ayniqsa, bog‘da tashkil etilgan blendajni ko‘zdan kechirayotib, urush xotiralari ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi.

 

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.

 

O‘.Barotov, O‘zA

07-05-2019 |
Фото галерея