Tan olish kerak, mamlakatimizdagi kо‘plab aholi punktlari hamon muhim toza ichimlik suvi ta’minotiga ega emas. Ayrim hududlarda ichimlik suvi ta’minoti tizimi umuman bо‘lmasa, ayrimlarida bir paytlar qurilgan tarmoqlar allaqachon eskirib, mavjud talabga javob bermay qolgan. Aholining turli tashkilotlar, davlat idoralariga qilayotgan arz va shikoyatlari orasida ushbu masalaga oid murojaatlar kо‘pligining boisi ham shunda.

Albatta, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bо‘yicha har yili muayyan ishlar bajarilmoqda. Yangi-yangi hududlarga toza ichimlik suvi yetib borayapti. Biroq, muammoning kо‘lami juda katta. Misol uchun, hozir ham viloyatimizning 45 foizdan oshiq aholisi markazlashgan ichimlik suvi ta’minotiga ega emas.

Ayni damda masalaning dolzarbligidan kelib chiqqan holda, mamlakatda aholining suv ta’minotini yaxshilash bо‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, 2017-2018 yillar mobaynida birgina viloyatimizda qariyb 170 ga yaqin aholi punktlarida ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va ta’mirlash ishlari olib borildi. Bu minglab xonadonlarga obi-hayot, shu bilan birgalikda quvonch, shodlik kirib keldi, ularning eng katta muammolaridan biri hal etildi, deganidir.

- Birlik qishlog‘i mahallamizning bir qismi hisoblanadi, - deydi  Kitob tumanidagi Birlik MFY raisi Naim Rahmonov. - Boshqa qishloqlarimizda ichimlik suvi tizimi bor, ammo bu qishloqda yо‘q edi. Aholi iste’mol uchun toza suvni uzoqdan tashib kelardi. О‘tgan yili mahalliy investitsiya dasturi asosida qishloqqa suv olib kelindi. Natijada shu yerdagi mingdan oshiq aholi muhim toza ichimlik suviga ega bо‘ldi.

E’tiborli jihati joriy yilda ham bu kabi ishlar keng qamrovda olib boriladi. Xususan, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 noyabrdagi tegishli qarori asosida viloyatimizda suv ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bо‘yicha 2019 yilga mо‘ljallangan 40 ta loyiha tasdiqlangan. Ulardan biri, "Oqsuv - Dehqonobod" ichimlik suvi quvuri qurilishidir. Uzunligi 77 kilometr bо‘lgan, hududdagi 69 aholi punktini qamrab oladigan ushbu yirik loyihaning ishga tushirilishi bilan tumanning 75 foizdan oshiq aholisi markazlashgan ichimlik suviga ega bо‘ladi.

Dasturda kо‘zda tutilgan yirik loyihalardan yana biri "Shahrisabz-Qarshi" ichimlik suvi quvurini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlaridir. Umumiy qiymati 2 milliard 600 million sо‘mdan oshiqni tashkil etadigan ushbu loyihaning amalga oshirilishi Qarshi shahri aholisini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shuningdek, dasturdan Nishon tumanida "Nishon-2" nasos stansiyasidan "Nishon-1" nasos stansiyasigacha bо‘lgan ichimlik suvi quvurini qurish, Oqoltin, Guliston qishloqlari hamda Talimarjon shahri suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish о‘rin olgan. Bu ishlar uchun mahalliy byudjet hisobidan qariyb 11 milliard sо‘mga yaqin mablag‘ sarflanadi.

Muborak tumanida ham aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida keng hajmdagi ishlar olib borilishi belgilangan. Jumladan, tumanning Sariq aholi punktida yangi ichimlik suvi tarmog‘i quriladi. Yangi hayot, Gulshan va Pomuq qishloqlaridagi nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinib, yangi suv quvurlari tortiladi. 4-sonli nasos stansiyasi va Quruvchilar mahallasining suv quvurlari ham tо‘liq rekonstruksiya qilinadi.

Bir sо‘z bilan aytganda, qaror asosida viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida yangi suv obyektlarini qurish va mavjudlarini ta’mirlash bо‘yicha kо‘plab ishlar amalga oshirilishi belgilangan.

- Joriy yilda viloyatdagi ichimlik suvi obyektlarini, kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun ayni paytga qadar turli manbalar hisobidan 105 milliard sо‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi, - deydi viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi bо‘lim boshlig‘i Mustafo Himmatov. - Bugungi kunda barcha obyektlarning loyiha-hujjatlari tayyorlanib, ekspertiza xulosasi olingan. Ayrimlari bо‘yicha ishlar allaqachon boshlab yuborilgan bо‘lsa, ayrimlari endi boshlanmoqda.

Mutasaddining ta’kidlashicha, ushbu ishlar doirasida 38 ta loyiha aynan qishloq hududlarida amalga oshiriladi. Ularning 13 tasi yangi suv inshootlari qurilishi bо‘lsa, 25 tasi mavjud tarmoqlarni rekonstruksiya qilishga qaratilgan.

Bu ishlar yaxshi. Ammo viloyatda ichimlik suvidan foydalanish madaniyatini rivojlantirish ishi, hisob-kitoblar tizimi hamon о‘z holiga tashlab qо‘yilgan. Suv ta’minoti borasida kо‘rsatiladigan xizmatlarda biror tartib-tamoyil yо‘q. "Gusak"lardan sotilayotgan, tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri "vodozabor"lardan mashinalar orqali olib chiqib ketilayotgan ichimlik suvining puli kimning chо‘ntagiga kirayotgani hech kimni qiziqtirmaydi. Talon-toroj qilingan quvurlar ham topilar. Teshilgan ichimlik suvi quvuri yamalguncha atrof dengiz bо‘ladi. Nega? Javobi oddiy, tizim korxonalari shunday ishlashga о‘rganib qolgan, ularga shunisi ma’qul. Yana vajlar bisyor: kо‘rsatilgan xizmatdan aholi qarzdor, pul yо‘q.

Gapning indallosi, ichimlik suvi ta’minoti tizimida olib borilayotgan ulkan qurilish, rekonstruksiya ishlari bilan bir qatorda, sohada ta’minot bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, ularning mas’ullari ishini ham tubdan qayta kо‘rib chiqish zarurati tug‘iladi. Bu davr talabi, siyosat talabi. Shunday qilinsa, tizimda amalga oshirilayotgan ishlardan aholi tо‘la bahramand bо‘ladi, ichimlik suviga oid murojaatlar kamayadi.

Bejizga aytishmaydi: ishning boshi intizom deY. Bunga ichimlik suvi ta’minoti bilan  shug‘ullanuvchi korxona mas’ullari insofni, halollikni, adolatni, mas’uliyatni ham qо‘shib qо‘yishsa tizimda ahvolni о‘nglash bо‘yicha olib borilayotgan bugungi islohotlar yanada samarali bо‘lishi aniq.

Jahongir BOYMURODOV

"qashqadaryogz.uz"  ma’lumotlari asosida

 

07-05-2019 |
Фото галерея