3 may - Jahon matbuoti erkinligi kuni

Ozod inson fikr uchun quvg‘in qilinmaydi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 19-moddasida har bir inson erkin fikrlash va о‘z fikrini erkin ifodalash huquqiga egaligi, mazkur huquq fikrga ega bо‘lish, uni himoyalash, ma’lumot va g‘oyalarni istalgan vosita orqali izlash, olish va taqdim etish huquqini о‘z ichiga olishi qayd etilgan.

Bu О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 29-moddasida yanada mustahkamlangan: "Har kim fikrlash, sо‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim о‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir".

Jahon matbuoti erkinligi kuni esa 1993 yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1991 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 26-yig‘ilishida berilgan tavsiya asosida joriy qilingan. О‘z navbatida mazkur tavsiya 1991 yil Afrika jurnalistlari tomonidan ishlab chiqilgan OAV plyuralizmi va mustaqilligi haqidagi tarixiy Vindxuk deklaratsiyasiga asoslangan edi. Bunday xalqaro kun belgilanishidan asosiy maqsad matbuot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, dunyoning barcha mintaqalarida matbuot erkinligi holatiga baho berish, matbuot erkinligi va mustaqilligiga qilinayotgan tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bо‘lgan jurnalistlarni yodga olish, ularning oilalarini qо‘llab-quvvatlashdan iborat.

Ma’lumot о‘rnida aytish joiz, sо‘nggi 10 yilda 700 dan ziyod matbuot xodimi professional faoliyati paytida yoki kasbi sabab о‘ldirilgan. Jurnalistlar uchun eng xavfli mintaqalar sifatida Osiyo,   Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq, Xorvatiya va Afrika mamlakatlari kо‘riladi. Xizmat vazifasini bajarayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining о‘limidan tashqari ularning jarohat olishi, о‘g‘irlanishi va hibsga olinishi bilan bog‘liq hodisalar Afg‘oniston,  Somali, Kongo va Meksikada tez-tez uchrab turadi.

Bu sananing muhimligi shundaki, har bir kishi tomonidan fikrni erkin ifoda etish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning ustuvor tamoyillaridan biridir. Matbuot erkinligi huqumatning aholi oldidagi hisobdorligi, ochiqligini ta’minlaydi. Shaffoflik esa hukumat yuritayotgan ichki va tashqi siyosatning tо‘g‘ri yо‘nalishini belgilab beradi.

BMTning matbuot erkinligi tо‘g‘risidagi g‘oyani ilgari surish masalasi bо‘yicha ixtisoslashgan tashkiloti sanalmish YUNESKO agentligi har yili mazkur kunni nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni tayyorlash va о‘tkazish jarayonini boshqarib boradi. Dunyoning turli mamlakatlarida tegishli tashabbus va tantanali tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi. Jumladan mamlakatimizda о‘tkazilib kelinayotgan "Oltin qalam" xalqaro-milliy mukofoti doirasida ham YUNESKO tomonidan joriy etilgan alohida nominatsiya mavjud.

Shuningdek, Jahon matbuoti erkinligi kunida YUNESKO tomonidan 1997 yilda joriy etilgan Gilermo Kano nomidagi matbuot erkinligi bо‘yicha maxsus sovrin bilan dunyo bо‘ylab matbuot va fikr erkinligi g‘oyalarini ilgari surgan, ayniqsa, xavfli hududlar hamda vaziyatlarda mazkur erkinlik va huquqni himoya qilishga katta hissa qо‘shgan insonlar va tashkilotlar taqdirlab kelinadi.

Qayd etish lozim, bugun hayotimizni erkin fikr minbari bо‘lgan ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etib bо‘lmaydi. Birimiz yangi nashrlarni varaqlasak, ikkinchimiz yangiliklardan xabardor bо‘lish uchun internet saytlarni kо‘rib chiqamiz, uchinchimiz "oynai jahon" kanalini unisidan bunisiga olib, о‘zimiz istagan axborotlarni izlaymiz. Tabiiyki, о‘zimiz uchun kashf etgan yangiliklarni yaqinlarimiz bilan baham kо‘rishga shoshilamiz. Bir sо‘z bilan aytganda, axborotlar oqimi og‘ushida yashayapmiz. Ammo shunga qaramasdan matbuotda erkin fikr kam, muxbirlar haqiqatni yozishmaydi, qabilidagi iddaolarga ham duch kelib turamiz.

Ayrim hollarda OAV odamlarga salbiy ta’sir kо‘rsatishidan ham kо‘z yumib bо‘lmaydi. Buni yuz berayotgan hodisalarning notо‘g‘ri talqin qilingan holda yoritilayotganida kо‘rsa bо‘ladi.

Mamlakatimizda OAV turli shakllarda (bosma nashrlar, radio va telekanallar, internet va ijtimoiy tarmoqlar) shunchalik keng   tarqalganki, ularning barchasini kо‘zdan kechirishga bir kishining vaqti va imkoni yetmaydi. Aslida rang-barang axborotlar oqimi matbuot erkinligi sari tashlanayotgan qadam deyish mumkin. Har yili yurtimiz jurnalistika sohasidagi eng nufuzli mukofot - "Oltin qalam" xalqaro-milliy mukofoti taqdimot marosimi aynan 3 may - Jahon matbuoti erkinligi kunida о‘tkazilishi ham о‘ziga xos ramziy ma’noga ega.

Abdunabi ABDIYEV

 qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

05-05-2019 |
Фото галерея