Unumdorligi past, suvdan yiroq yerdan imkon topib tо‘g‘ri foydalana olgan  dehqon uquvli va tadbirlidir. Bugun о‘z ishini shu taxlit tashkil etayotgan sohibkor oldida ilojsiz degan narsa bо‘lishi mumkin emas. Kichik imkoniyatdan ham katta samara chiqarishga qodir, bir qarashda foydasizdek kо‘ringan joyda dehqonchilik qilib, yuqori hosildorlikka erishayotgan yurtdoshlarimiz talaygina. Lalmi yerda polizchilik bilan shug‘ullanib har yili bozorlarimiz tо‘kinligiga hissa qо‘shayotgan chiroqchilik mirishkorlar tajribasi bunga misol. Sо‘nggi paytda ushbu ezgu an’ana keng quloch yozayapti, tajriba ommalashmoqda. Natijada qanchadan-qancha qaqroq maydonlarga jon kirib, yam-yashillikka burkanayapti.

Omilkorlikda о‘rnak bо‘luvchilar Muborak tumanida ham topiladi. Shu yildan boshlab faoliyat yuritayotgan "Tashabbuskor tadbirkor" fermer xо‘jaligida qо‘l urilgan ishlar ham e’tiborga sazovor. Xо‘jalikka ajratilgan 20 gektardan ziyod maydon sug‘orilmaydigan lalmi yerlar hisoblanadi. Dehqonlar vaqtni behuda о‘tkazmay yerga obdan ishlov berishgan, yaxshi niyat bilan dehqonchilik boshlashgan edi. Bu mashaqqatli ishning uddasidan chiqishgani palak yozgan qovunu tarvuzlardan ham ma’lum.

- Artezian quduq qazib, suv chiqarib, sug‘orish masalasini samarali hal etdik, - deydi xо‘jalik ish boshqaruvchisi Zafar Umarov. - Kо‘p о‘ylab о‘tirmadik, poliz mahsuloti yetishtirishga qat’iy tо‘xtaldik. 50 sotix joyda issiqxona tashkil etib, urug‘dan kо‘chat kо‘paytirishni shu  yerda bajardik. Kun iliy boshlagan kezlarda ularni ochiq maydonga plyonka ostiga kо‘chirdik. 5 gektar joyga tarvuz, qolganiga qovun ekkanmiz. Turgan gapki, bu bizga odatdagidan kо‘ra ertachi hosil yig‘ishtirib olish imkonini beradi. Qovun-tarvuz kechi bilan iyun oyi boshlarida pishib yetiladi. Sifatli mahsulot olish uchun barcha chorani kо‘rdik, zarur agrotexnik tadbirlarni bajardik. Hosildorlik yuqori bо‘lishi uchun hamma sharoit hozirlangan.

Mas’ulning sо‘zlariga kо‘ra, qovun ham, tarvuz ham eksportga mо‘ljallab parvarishlanmoqda. Shu bois sara navlar tanlab olingan. Asosiysi, mahsulotni sotib olishga chetdan xaridor bor. Hosil pishib yetilgan zahoti dalaning о‘zidanoq peshma-pesh eksport qilinadi. Fermer xо‘jaligi mutasaddilari  dukkaklilar, xususan, nо‘xatga ham  eksportbop mahsulot sifatida qarayapti. Negaki unga tashqi bozorda talab yuqori. Shuni hisobga olib, kelgusida bu yо‘nalish bilan ham jiddiy shug‘ullanish maqsad qilingan. Qolaversa, istiqbolda tuyachilik va tuyaqushchilik singari yangi tarmoqlarni yо‘lga qо‘yish rejalashtirilgan. Buning uchun hudud iqlimi ham har tomonlama qulaylik tug‘diradi. Sut va gо‘sht yetishtirish bu faoliyatdan kо‘zlangan asosiy muddaodir.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

 qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

17-05-2019 |
Фото галерея