Bugun viloyatimizda 225 tadan ortiq yuridik maqomdagi issiqxona xо‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy maydoni qariyb 250 gektarni tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda, aholi va dehqon xо‘jaliklari tomonidan qurilgan issiqxonalar soni va maydoni ham oshib bormoqda.

Qarshi-Nishon yо‘nalishi bо‘ylab harakatlanar ekansiz, yо‘l bо‘yida qurilgan yirik konstruksiyali issiqxonalar e’tiboringizni tortadi. Ulardan biri Nishon tumanilik yosh tadbirkor Abbos Panjiyevga tegishli.

- 2011-2014 yillar davomida kollejda tahsil olganman, - deydi Abbos о‘zining bu faoliyatga qanday qiziqib qolgani haqida sо‘zlar ekan. - О‘sha paytlar issiqxonada mahsulot yetishtirish aholi orasida hozirgidek ommalashmagan edi. Bir-ikkita tanishlarimning "parnik"larini kо‘rib, qiziqib qolganman. Shundan sо‘ng hovlimizning bir burchagida kichik issiqxona qurdim.

Dastlab oila-a’zolari ham hali kollejda о‘qib yurgan о‘smirning issiqxonada mahsulot yetishtirib, bu faoliyatdan millionlab daromad olishiga ishonmagandi. Ammo anchayin kamtar va mehnatkash yigit darsdan bо‘sh vaqtlari о‘zi ishladi, yaqinlari yordam berishdi. Qarangki, dastlabki yilning о‘zidayoq yaxshigina daromad olindi. Shundan sо‘ng issiqxonani biroz kattartirdi, keyingi yil yana yonidan yer qо‘shdi va yopiq maydon 9 sotixga yetdi.

- Hozir hovlimizda faqat yurish uchungina yо‘laklar qolgan, - deya kuladi Abbos. - Qolgan hamma joyi issiqxona. Oilamizdagilar ham bu ishga qiziqib ketgan. Qishu yoz birdek mehnat qilamiz, barcha daromadimiz shuning ortidan.

Yosh yigitning erishayotgan yutuqlari uning о‘z faoliyatini yanada kengaytirishi uchun zamin hozirladi. Ikki yil avval tuman mas’ullari tomonidan hududdagi bо‘sh yerlarda issiqxona tashkil etish taklifi ilgari surilgach, bunga asosiy da’vogarlardan biri Abbos Panjiyev bо‘ldi.  Mahalla, tuman hokimligi tavsiyasi bilan unga о‘zi yashayotgan joy yaqinidan ya’ni yuqorida aytganimiz, Qarshi-Nishon yо‘li bо‘yidan 13 sotix maydon oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yо‘lga qо‘yib, issiqxona xо‘jaligini tashkil etish uchun ajratib berildi.

- О‘sha yiliyoq issiqxonani qurib, foydalanishni boshladim, - deydi Abbos. - Asosan pomidor, bodring yetishtiramiz, kо‘chatchilik bilan shug‘ullanayapmiz. Doim kо‘proq, yanada yaxshiroq ishlashga, munosib daromad olishga harakat qilaverib, tadbirkorga aylanganimni sezmay ham qolibman. О‘tgan yil yakunlariga kо‘ra tumanda "Eng yaxshi yosh tadbirkor" sifatida e’tirof etildim. Sertifikat va esdalik sovg‘alari berishdi. Bu hayotimdagi birinchi muvaffaqiyatim bо‘ldi. Shu bilan birga, bu e’tirof menda о‘zimga nisbatan juda katta ishonch uyg‘otdi. Endi faqat oldinga intilib, faoliyatimni yanada kengaytirish, bundanda katta muvaffaqiyatlarni qо‘lga kiritish haqida о‘ylamoqdaman.

E’tirof etishgani bejiz emas, yosh tadbirkorning issiqxonasida uning oila a’zolari bilan bir qatorda, hududdagi tо‘rt-besh nafar kishiga doimiy, yana о‘nlab kishilarga mavsumiy ish topilmoqda.

Jahongir BOYMURODOV

Muallif olgan surat

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

23-04-2019 |
Фото галерея