Xalqimizda "Izlagan imkon topar", "Intilganga tole yor", "Harakatda - barakat" kabi kishilarni tashabbuskorlikka, tadbirkorlikka chorlovchi, yangi maqsadlar sari dadil harakat qilishga undovchi kо‘plab naqllar mavjud. Bular shunchaki о‘ylab topilgan emas. Ota-bobolarimizning kо‘p yillik kо‘rgan-bilganlari, boy hayotiy tajribalari natijasida yaralgan maqollar, aytilgan hikmat bu.

Chiroqchi tumanining Jar mahallasida yashovchi Jahongir Sheraliyevning asl kasbi avtomobillarni ta’mirlovchi usta. Otasi shu ish bilan shug‘ullangan, о‘zi ham yoshligidan uning yonida yurib, hunar о‘rgangan. Taqdir taqozosi bilan otasi hayotdan erta kо‘z yumgach, oila yuki 19 yoshli Jahongirning zimmasiga tushadi.

- Shundan sо‘ng otamning shogirdlari bilan yelkadosh bо‘lib, ustaxona ishini yurita boshladim, - deydi u. - Har doim о‘z kasbim sirlarini obdan о‘rganishga, mijozlarning ishonchini qozonishga harakat qilardim. Kunu tun ustaxonada yotib ishlagan vaqtlarim bо‘lgan. Qarangki, tez orada mijozlar soni yanada orta boshladi. Bu vaqtga kelib shogirdlarim ham kо‘payib qolgandi. Ular bilan qо‘shilib, yangi ustaxonalar tashkil etdik.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, ana shu kasb ortidan oilasi farovon, daromadi juda yaxshi edi. Ammo u bu bilan qanoatlanmadi. Yangi tashabbuslarni amalga oshirish, yangi marralarni zabt etish haqida о‘ylar, shunga harakat qilardi. Ana shu harakat о‘tgan yili о‘z mahallasi hududida ikki qavatli zamonaviy bino qurib, bu yerda tikuvchilik korxonasi faoliyatini yо‘lga qо‘yishiga omil bо‘ldi.

- 240 million sо‘mga 50 dona zamonaviy tikuv mashinalarini xarid qildik, - deydi tadbirkor. - Shundan sо‘ng mahallamizdagi bu ishga biroz о‘quvi bо‘lgan 15 nafar xotin-qizni jalb etib, ularni bir necha oy davomida Toshkent shahri va vodiy viloyatlaridagi turdosh korxonalarda subyekt hisobidan о‘qitdik. Qizlarimiz zamonaviy tikuv mashinalaridan foydalanish bilan bir qatorda, yangi-yangi bichish-tikish usullarini о‘zlashtirdi. Eng muhimi ular tayyorlayotgan mahsulotlar mijozlarimizga manzur bо‘lmoqda.

Shu paytga qadar korxonada mavsumga qarab erkaklar kuylaklari, futbolkalar, bolalar kiyimlari tikilgan bо‘lsa, endi ayollar liboslarini tikish ham yо‘lga qо‘yilibdi. Mahsulotlar tо‘liq ichki bozorga yetkazib berilmoqda ekan.

- Hozir mavjud tikuv mashinalarimizning bir qismidan foydalanayotganimiz  yо‘q, - deydi tadbirkor. - Ularni yana ikki-uchta hududda filial tashkil etib, joylashtiramiz. Hozir mо‘ljallangan joy va hamkorlar bor, faqat hujjat ishlarini hal qilsak bо‘lgani. Bundan tashqari, yaqinda qolipli non va turli pishiriqlar ishlab chiqarish imkoniga ega yana bir korxonani ishga tushirdik. Hozir bu yerda bir kunda yetti yuz donadan ming donagacha qolipli non va tо‘rt-besh xildagi pishiriqlar ishlab chiqarilmoqda. Yana besh joyda shunday yangi sexlarni ishga tushirmoqchimiz.

E’tiborli tomoni, bunday tashabbuslarning amalga oshirilishi tadbirkorning daromadi oshishi bilan bir qatorda, hudud    farovonligi, yangi ish о‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

23-04-2019 |
Фото галерея