IKKINCHI JAHON URUSHI QATNASHCHILARIGA EHTIROM KО‘RSATILDI

Ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini qadrlash, mamlakat taraqqiyoti, yurt ozodligi yо‘lida jonbozlik kо‘rsatgan fidoyi yurtdoshlarimizning ruhlarini shod etmoq uchun savobli ishlarni amalga oshirish ezgu an’anaga aylangan.

Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan bir xalq sifatida tinchlikning ulug‘ ne’mat ekanligini teran his etamiz. Garchi urush yurtimiz sarhadlaridan ancha olislarda sodir bо‘lgan esa-da, uning ayanchli oqibatlari о‘zbek oilalarini ham chetlab о‘tmadi. Xalqimiz ne-ne asl farzandlaridan, qanchadan-qancha navqiron о‘g‘lonlaridan judo bо‘ldi. Raqamlarga murojaat qiladigan bо‘lsak, mana shu mudhish muhorabada О‘zbekistondan bir yarim million kishi qatnashgan, shulardan taxminan 500 ming nafarga yaqini jang maydonidan qaytmagan. 604 ming 52 nafar hamyurtimiz urush maydonlaridan nogiron bо‘lib qaytgan. Bu raqamlarda qanchadan-qancha insonlarning guldek umri, ularning dog‘ida kuyib о‘tgan mushtipar onalar, suyukli yorlar, qadrdon insonlarning cheksiz g‘am-g‘ussasi mujassam.

О‘sha paytda mamlakatimiz aholisi olti yarim million kishidan iborat bо‘lgani va buning yarmidan kо‘prog‘ini keksalar, ayollar va bolalar tashkil etganini hisobga olsak, xalqimiz boshiga tushgan sinov nechog‘lik og‘ir bо‘lgani ayon bо‘ladi.

Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qо‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi. Bugun oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. О‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari uchun Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da tadbir uyushtirildi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, bir guruh faxriylar "Vatanparvarlar bog‘i"da davlat rahbari tashabbusi bilan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida bajarilayotgan ishlar bilan tanishishdi. Mazkur bog‘da Ikkinchi jahon urushi davrini aks ettiradigan sahna kо‘rinishlari va konsert dasturi namoyish etildi.

– 20 yoshimda urushga ketdim, – deydi Qarshi shahrida tug‘ilgan Usmon bobo Donayev. – Bizning bunday tetikligimiz zamonamizning tinchligidan, yurtimizning obodligidan. Shunday kunlarga yetkazganiga shukr. Ilohim, elimizdan mehr-oqibat, ahillik arimasin. Yurtimiz hamisha tinch, xalqimiz omon bо‘lsin!  Boshimdan о‘tgan voqealar haqida ta’lim muassasalarida о‘tadigan tadbirlarda hikoya qilib beraman, chunki urush xotiralari yoshlarni tinchlikni qadrlashga, yurt himoyasi sharafli burch ekaniga о‘rgatadi.

Urush yillarining sitamli xotiralari, bugungi tinch-osoyishta hayot qadri aks ettirilgan badiiy tadbir qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. 

                                                               Viloyat   hokimligi  axborot xizmati

 

 

 

 

 

 

22-04-2019 |
Фото галерея