О‘z ichki salohiyati bilan import о‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kо‘paytira olgan mamlakat iqtisodiyoti qudratlidir. Yaponiya va Xitoy singari yurtlar tajribasi bunga yorqin misol. Ayni rivojlanish ulubi bizga ham asqatadi. Sо‘nggi vaqtda ana shunday yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni о‘zlashtirayotgan tadbirkorlar safi kengayayotgani esa foydaga xizmat qilayapti.

Qarshi shahridagi  "Nasaf metall servis" mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatimizda birinchilardan bо‘lib sport trenajyorlari ishlab chiqarishni boshlab bergandi. О‘tgan  davrda turdosh subyektlar soni ham kо‘paydi. Shunga monand mazkur korxona taklif etayotgan mahsulot turi ortdi.

- Korxonamizda hozirgi paytda 40 turdan ortiq sport inventarlari tayyorlanmoqda, - deydi jamiyat direktori Nurbek Sirojev. - Birgina sport trenajyorlari yoniga bir qancha yangi funksiyali muqobillari qо‘shildi. Shuningdek, shtanga, gantel singari zarur anjomlarni ishlab chiqarishni ham faol о‘zlashtirdik. Bugun bir sport muassasasini ta’minlash mumkin bо‘lgan barcha inventar о‘zimizdan chiqayapti hisobi. Ularning shakli va funksiyalarini   takomillashtirish ustida ishlayapmiz. Qolaversa,  metall konstruksiyalarning boshqa xillarini yasashni ham yо‘lga qо‘ydik. Bolalar maydonchalari uchun arg‘imchoqlar, suv minorasi shular jumlasidan.

Ishlab chiqarishning samarali diversifikatsiya qilingani mahsuldorlik oshishida ham muhim omil bо‘lgan. Bultur korxona qiymati 1 milliard sо‘mdan kо‘p tovarni realizatsiya qilishga erishgan. Tadbirkorlik subyekti barqaror faoliyati 40 nafarga yaqin kishining mustahkam daromad manbaiga ega bо‘lishini ta’minlamoqda.

Mirzohid JО‘RAYEV

Surat muallifi Sobir NARZIYEV.

 

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-05-2019 |
Фото галерея