Ikki yil ichida Yakkabog‘ tumani xalq xо‘jaligining yetakchi sohalari jiddiy о‘zgarishi kerak. Bugungi kunda biroz oqsayotgan, taraqqiyotdan ortda qolayotgan jabhalarga yangi qon kirishi lozim. Tuman esa viloyatning har tomonlama rivojlangan hududiga aylanishi darkor. Qanday qilib bu natijaga erishish mumkin, deysizmi? Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18 apreldagi "2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarori bunga tо‘la sharoit hozirlashi kutilmoqda.

Ushbu hujjat bilan tasdiqlangan dastur ijrosi kelgusida bir qator maqsadlar rо‘yobiga xizmat qilishi qayd etiladi. Jumladan, mavjud resurslardan tо‘liq va samarali foydalanish hisobiga hududning sanoat va eksport salohiyati yanada kengayadi. Shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi, xizmatlar va servis sohasi rivojlantiriladi. Dasturdan joy olgan istiqbolli loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishi natijasida aholi bandligi va daromadi kо‘payishi ta’minlanadi.

Xо‘sh, buning uchun qanday chora-tadbirlar belgilangan? Dasturda ushbu masalaga tо‘liq oydinlik kiritilgan. Asosiysi, har bir loyihaning moliyalashtirish manbasi, bundan kutilayotgan samara aniq kо‘rsatib о‘tilgan.

Ahamiyatlisi, dasturga kiritilgan loyihalar umumiy soni 203 tani tashkil etadi. Ular amalga oshishi uchun esa ikki yil mobaynida jami 1 trillion 64 milliard sо‘m mablag‘ о‘zlashtirilishi kerak. Shuning 51 milliard 152 million sо‘mi respublika, 35 milliard 776 million sо‘mi mahalliy byudjetdan moliyalashadi. Maqsadli jamg‘armalardan 500 million sо‘m ajratiladi. Tashabbuskorlar ham bunga salmoqli mablag‘ - 530 milliard 419 million sо‘m yо‘naltirishadi. Tijorat banklari ularni qо‘shimcha 109 milliard 210 million sо‘m moliyaviy kо‘mak bilan qо‘llab-quvvatlaydi.

Dasturda xorijiy sarmoya ishtiroki ham kо‘zda tutilgan. Chet el moliya tashkilotlarining 5 million 775 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasi jalb qilinadi. Bundan tashqari, hududga asbob-uskuna yoki pul kо‘rinishida 22 million 800 ming AQSH dollariga teng xorijiy investitsiya olib kiriladi. Albatta, bu loyihalar ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Ularning hayotga tatbiq etilishi qariyb 2,5 ming yangi ish о‘rni yaratish imkonini beradi.

Tegishli dastur qamroviga kо‘ra 4 muhim yо‘nalishga bо‘lingan. Birinchisi sanoat, xizmat kо‘rsatish va qishloq xо‘jaligiga daxldor loyihalarni о‘z ichiga olgan. Ayni jabhada jami 142 ta istiqbolli tashabbus amalga oshadi. Shu maqsadda 917 milliard 778 million sо‘m, ya’ni umumiy mablag‘ning asosiy qismi sarf etilayotgani ham bu borada qilinajak ishlar salmog‘idan darak berib turibdi.

Ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada rivojlantirish yо‘nalishida esa 18 ta loyihani bajarish reja qilingan. О‘zlashtirilayotgan investitsiya summasi 47 milliard sо‘mdan oshadi. Yо‘l-transport va muhandislik kommunikatsiya tizimlarini takomillashtirish bо‘yicha 37 loyihaga 88 milliard 813 million sо‘m mablag‘ jalb qilinadi. Dasturda qishloq xо‘jaligi yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash bо‘yicha ham chora-tadbirlar belgilangan. Bu maqsad uchun respublika byudjetidan qariyb 11 milliard sо‘m pul ajratiladi.

Dastur qamrovi keng va har bir loyihaga batafsil tо‘xtalish imkonsiz. Shu sababli birinchi yо‘nalish bо‘yicha qilinadigan loyihalarga atroflicha kо‘z yugurtirishni lozim topdik.

Bu yо‘nalishni tarmoqlar kesimida kо‘rib chiqsak. 43 ta loyiha tumanning sanoat ishlab chiqarishi kо‘rsatkichlarini yanada yaxshilashi lozim. Loyihalar umumiy qiymati 201 milliard sо‘mga baholangan.  Xususan, "Hydrolife Yakkabog'" filiali 2019 yil ikkinchi choragida tumanda mineral suv qadoqlashni tashkil etadi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 2 ming dekalitr bо‘lgan ushbu korxona 6,5 milliard sо‘m sarmoya evaziga ishga tushadi. Bugungi kunda parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan "Kumush kuz fayzi" MCHJ 7 milliard sо‘m о‘z mablag‘i hisobidan makaron mahsuloti ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘yadi. Joriy yilning ikkinchi yarim yilligida tumanda PVX rom va eshiklarga lambra va deraza tokchalari tayyorlovchi zamonaviy quvvat ish boshlashi kerak. Shu vaqtgacha qurilish-pudrat ishlari bajarish va meva-sabzavotni qayta ishlash sanoatida о‘zini kо‘rsatgan "Delta Muhandis" MCHJ loyiha tashabbuskori sanaladi. 3 milliard sо‘m investitsiya asosida barpo qilinadigan bu korxona har yili 1500 tonna mahsulot yetkazib bera oladi.

Hududda samarali faoliyat kо‘rsatayotgan "Muharram Karimova" xususiy firmasi bolalar tagligi, butlovchi qismlar tayyorlashni о‘zlashtirgan "Yorov Odiljon" xususiy korxonasi yuqori bosimga chidamli shlanklar ishlab chiqarish taklifini bergan. Tumanga "Shen guoqlang buildings materials Co Ltd" xorijiy korxonasining 8 milliard 300 million sо‘m sarmoyasi jalb etiladi. Natijada joriy yil sо‘ngida  pishiq g‘isht ishlab chiqaruvchi korxona bittaga kо‘payadi, bu yerda yiliga 9 million dona qurilish materiali ishlab chiqariladi. Polshaning "Konar" kompaniyasi esa Yakkabog‘da isitish qozonlari tayyorlashni tashkil etishga qiziqish bildirgan. Xorijiy investor 58 milliard 100 million sо‘m sarmoyani shu biznesga tikayapti. Pirovardida ushbu subyekt har yili ichki bozorni 2 ming dona tayyor mahsulot bilan ta’minlay oladi.

"Darmon farm" xususiy firmasi, "Yakkabog‘ paxta tozalash" AJ, "Universal taraqqiyot tekstil" MCHJ tomonidan ilgari surilgan loyihalar ham kо‘lami jihatidan eng yiriklari hisoblanadi. Birinchi tashabbuskor 17 milliard 990 million sо‘m mablag‘   sarflab, bolalar uchun mevadan sharbat va pyure ishlab chiqarish quvvatini ishga tushiradi. Yillik mahsuldorlik 41 million qutiga yetishi mо‘ljal qilingan. Qolgan ikki subyekt loyihasi tekstil sanoatiga oid. "Yakkabog‘ paxta tozalash" AJ mulkdorlari qiymati 30 milliard sо‘mlik loyiha asosida ilk bor kalava ip ishlab chiqarishni tashkil etsa, "Universal taraqqiyot tekst" MCHJda 6,6 milliard sо‘m sarmoya о‘zlashtirilib, mavjud quvvat modernizatsiya qilinadi. Natijada tumanda paxta tolasini qayta ishlash darajasi oshadi, kalava ip ishlab chiqarish hajmi yiliga 3 ming 700 tonnaga ortadi.

Ta’kidlash joiz, loyihalarga mablag‘ yо‘naltirilishi borasida sanoat sohasi qishloq xо‘jaligidan ortda qolgan. Ayni maqsadga 41 ta tashabbus doirasida jami 285 milliard 813 million sо‘m jalb qilinayotgani ham buning isbotidir. Bu loyihalar tumanning issiqxona xо‘jaligi, baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik va bog‘dorchilik kabi asosiy tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan.

Misol uchun, "Diana hamkor" xususiy korxonasi tomonidan 10 ming bosh parranda boqishga mо‘ljallangan majmua ishga tushiriladi. Hududdagi asosiy eksportchi sanalgan "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasi sig‘imi 5 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish loyihasini bajaradi. Faqat shunga qariyb 30 milliard sо‘m sarmoya yо‘naltiriladi. "Darmon farm" xususiy firmasi barpo etayotgan intensiv bog‘ maydoni esa 200 gektar joyni egallaydi. Qiymati 70 milliard sо‘mga baholangan loyiha doirasida amaliyotda zamonaviy parvarish va sug‘orish texnologiyalarini qо‘llash maqsad qilingan.

Shahrisabzdagi "Oqsaroy tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yildan klaster tizimiga о‘tgan. Xom ashyo yetishtirish maqsadida tadbirkorlik subyektiga Yakkabog‘ tumanidan yer ajratilgan. Ishlab chiqarishda yaxshi tajriba tо‘plagan korxona endilikda paxtachilikda ham samara kо‘rsatishi kerak. Joriy yilda klasterga kо‘plab qishloq xо‘jaligi texnikasi, tomchilatib sug‘orish tizimi olib kelinishi darkor. Shu bois 83 milliard sо‘m qiymatidagi ushbu loyihaga ham dasturda alohida о‘rin berilgan. Mazkur sarmoya subyektning о‘z mablag‘i ekani e’tiborli.

Bog‘dorchilik va uzumchilik yо‘nalishida 5 ta loyiha taklif etilgan va bu Yakkabog‘dek hudud uchun kamdek tuyulsa-da, ular hajman ancha salmoqli ekanini alohida qayd etish lozim. Masalan, "Original gold garden" MCHJ, "Davr sharob" MCHJ va "Oziq-ovqat xolding" XK birgalikda jami 1300 gektar maydonda tokzor barpo etadi. Buning uchun 36 milliard sо‘m investitsiya ishlatiladi. Afg‘onistonlik sarmoyador esa 1000 gektar joyda bog‘ tashkil etishni zimmasiga olgan. Shu maqsadda Yakkabog‘ga qariyb 25 milliard sо‘m investitsiya olib kiradi. Istiqbolli loyiha rо‘yobi uchun 4 milliard sо‘mning bahridan о‘tishga tayyor "Aloe Vera Shumal" xorijiy kompaniyasi hududda dorivor о‘simlik yetishtirish istagini bildirgan.

Ikki yildan keyin Yakkabog‘ tumanida xizmatlar sohasi jadal ravnaq topishini ham taxmin qilish qiyin emas. Dastur doirasida bu yо‘nalishda 339 milliard 209 million sо‘m evaziga 58 ta loyiha amalga oshirilishi shunga puxta zamin yaratadi. Aniq misollarga murojaat etsak, "Yakkabog‘ mega invest" MCHJ 1 milliard sо‘m sarflab, tumanda maxsus texnika xizmatlari kо‘rsatishni yо‘lga qо‘yadi. "Fayz" oilaviy korxona tashkil etmoqchi bо‘layotgan majmua bir qancha maishiy xizmat kо‘rsatish shoxobchalaridan tarkib topadi. Investitsiya miqdori 1,5 milliard sо‘mga teng. "Xо‘jailg‘or shabadasi" xususiy korxonasi ochadigan fizioterapiya klinikasi hududda xususiy tibbiy xizmatlar raqobatini kuchaytiradi.

"Yakkabog‘ yog‘dusi" xususiy korxonasi sayyohlar tashrifi kо‘payganini hisobga olib, 50 о‘rinli mehmonxona bunyod etadi. Faoliyat yо‘lga qо‘yilishiga 4 milliard sо‘m mablag‘ talab qilinadi. Xizmatlar sohasidagi loyihalarda xususiy maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etishga ham alohida e’tibor berilgan. Bunday tashabbuslar soni esa 10 ga yaqin. Ularning sig‘imi 50 о‘rindan 100 о‘ringacha bо‘ladi. Qarorda keltirilishicha, chet ellik investor - "Ansher Capital" kompaniyasi Yakkabog‘da mehmonxona tarmog‘i va dam olish maskanlari qurish masalasini kо‘rib chiqayapti. 10 million AQSH dollari ekvivalentidagi tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy sarmoya 2020 yil oxirigacha mazkur loyiha samarali rо‘yobga chiqishini ta’minlaydi.

Hukumat qarorida dastur parametrlari sо‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan mutasaddi tashkilot va idoralarga javobgarlik yuklatilgan. Jumladan, viloyat hokimligi davlat va xо‘jalik boshqaruvi organlari hamda tashabbuskorlar bilan birgalikda investitsiya loyihalari о‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, mо‘ljallangan ishlab chiqarish hajmlariga erishilishi, mablag‘lar tо‘liq va samarali о‘zlashtirilishi, yangi ish о‘rinlari tashkil etilishi bо‘yicha mas’uliyatni о‘z zimmasiga oladi.

Ma’lumot о‘rnida eslatish joiz, shu paytgacha viloyatimizning Nishon, Mirishkor, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarini kompleks rivojlantirish bо‘yicha dasturlar ishlab chiqilgan va hayotga tatbiq etilgan. Nishon tumanida dastur ijrosi yakunlangan bо‘lsa-da, о‘rganishlar bu yerda avvaldan kо‘zda tutilgan maqsadlarga tо‘laqonli erishilmaganini kо‘rsatdi. Qolgan hududlarda esa jarayon hali davom etmoqda. Demoqchimizki, muayyan hududni ravnaq toptirishga qaratilgan chora-tadbirlar о‘lda-jо‘lda qolib ketmasin, ishlar faqat qog‘ozda bajarilmasin, о‘zgarishlarni odamlar ham amalda sezsin. Shundagina biror hududni kompleks rivojlantira oldik, deya baralla ayta olamiz.

M.SHUHRATOV

S.NARZIYEV olgan suratlar.

"qashqadaryogz.uz"  ma’lumotlari asosida

 

07-05-2019 |
Фото галерея