G‘uzordan boshlanib, Qamashida davom etgan ochiq muloqot Kasbi tumanida ham o‘tkazildi.

Unda Investitsiya dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12-13 noyabr kunlari viloyatga tashrif bayoniga kirgan investitsiya loyihalar ijrosi, “Obod qishloq” yoki “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshiriladigan ishlar, aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlash bo‘yicha, “Ayollar daftari”ga kirgan fuqarolar bilan manzilli ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va kelgusida amalga oshiriladigan ishlarning sektorlar kesimida tahlili, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan manzilli ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va vazifalar bo‘yicha sektor rahbarlari, viloyat rahbarlari deputatlar va jamoatchilik oldida hisobot berishdi.

Berilayotgan hisobotlar davomida viloyat hokimi ko‘plab topshiriqlar nazoratsiz qolayotgani haqida gapirdi.

- Rahbarlar bergan topshiriqlarini nazorat qilishni ham o‘rganishi kerak, - dedi viloyat rahbari. - Boshliq bo‘limga, bo‘lim boshlig‘i mutaxassisiga, mutaxassis yordamchi mutaxassisiga o‘tkazadi. Eng yomoni - nazorat ham oxirigacha bormaydi. Natijada aholiga bugungi o‘zgarish va imtiyozlar yetib bormayapti.

Shuningdek, Zoyir Mirzayev  masʼullarga fuqarolar murojaatlariga jiddiy qarash kerakligini taʼkidladi.

- Qaysi hududga borsam o‘sha hudduddan takroriy murojaat yo‘llagan fuqarolar murojaatlarini olib boraman, - dedi Zoyir Mirzayev. - Kecha Qamashi tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda ham onlayn va Virtual qabulxonaga murojaat yo‘llagan fuqarolarni ham chaqirtirdim. Masʼullar bilan yuzma-yuz qildim. Maqsadim - qonuniy yechimga ega har bir murojaat qanoatlantirilishi kerak. Asossiz murojaatlarga ham rahbar odam fuqaroga to‘g‘ri tushuntirsa, tushunadi.

Bu kabi ochiq muloqotlar barcha viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkaziladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi

Axborot xizmati.

05-04-2021 |
Foto galereya