Aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yо‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu ma’noda turli darajadagi rahbarlar tomonidan joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar yurtdoshlarimizni tobora keng qamrab olayotgani bilan e’tiborli. Ushbu jarayonda har bir murojaat e’tiborga olinib, fuqarolarning qonuniy talablari qanoatlantirilmoqdaki, bunday qabulga kelayotgan har bir fuqaroda kо‘tarilayotgan masala о‘z yechimini topishiga ishonch bor.

Xususan, Dehqonobod tumanida ham О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Abduhalim Xolmaxmatov, О‘zbekiston xotin-qizlar qо‘mitasi raisining birinchi о‘rinbosari Zulayho Mahkamova hamda viloyat hokimining о‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qо‘mitasi raisi Maxsuda Mustafayeva ishtirokida tashkil etilgan sayyor qabul hudud aholisining kо‘plab muammolarini hal qilishga qaratilgani bilan samarali bо‘ldi.

Sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot, korxona va muassasalar, ularning tumandagi quyi bо‘g‘ini rahbarlari ham jalb etilgan tadbirda 600 dan ziyod fuqarodan 370 ta murojaat qabul qilindi. Asosan yer, uy-joy, kommunal soha, bandlik, moddiy yordam, ayrim rahbarlar xatti-harakatidan norozilik, tabiiy ofatlardan himoyalanish kabi masalalar yuzasidan qilingan murojaatlar bо‘yicha fuqarolar bilan yuzma-yuz gaplashilib, 105 murojaat bevosita uchrashuv davomida qanoatlantirilgan bо‘lsa, ayrimlari bо‘yicha asoslantirilgan huquqiy tushuntirishlar berildi. О‘rganish, aniqlik kiritish talab etiladiganlari     taalluqligi bо‘yicha tegishli davlat va xо‘jalik organlariga kо‘rib chiqish va hal etish uchun yuborildi. Shu bilan birga, 17 kishiga nogironlik aravachasi, 5 kishiga eshitish moslamasi berildi, 21 fuqaro kadastr hujjatlari, 7 kishi fuqarolik pasportlariga ega bо‘ldi.

Sayyor qabulda Eshonbuloq-Dehqonobod suv tarmog‘ini sel olib ketishidan himoyalash, Tо‘dachorboq qishlog‘ida daryo о‘zani kengligi maktabga qatnaydigan о‘quvchilarga xavf tug‘dirayotgani, shuningdek, Qо‘rg‘ontosh va Gala qishloqlarida transformator о‘rnatib berish, poliklinika  faoliyatini yо‘lga qо‘yish kabi umum manfaaatiga xizmat qiladigan takliflar bilan bir qatorda о‘zaro yer talashgan qо‘shnilar janjali yoxud uy-joyini ta’mirlab berish, xullas, fuqaroning о‘zi ozgina harakat qilsa, yechimi topiladigan masalalar bо‘yicha ham murojaatlar qabul qilindi.

Bunday sayyor qabullar joylarda davom etmoqda.

N.XО‘JAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

 

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-04-2019 |
Foto galereya