Ilgari yuqori qon bosimi kо‘proq qariyalarni bezovta qilgan bо‘lsa, bugun bu hol hatto kuch-quvvatga tо‘la yosh-yalangda ham tez-tez uchrayotgani yangilik bо‘lmay qoldi. Sog‘ligimizga sal e’tiborsizlik qilsak, miokard infarkti hamda insult singari xavfli kasalliklarni orttirib olish hech gap emas. Tо‘g‘ri, zamonaviy tibbiyotda ushbu xastaliklarni davolash borasida katta yutuqlarga erishildi. Ammo shunga qaramasdan, qon bosimi kо‘tarilishi tufayli  yuzaga keladigan dard bilan og‘rish holati oshsa oshdiki, aslo kamaygani yо‘q. О‘z navbatida, aksariyat kishilar yuqori qon bosimidan bir muddat xalos bо‘lish uchun asosan dori vositalari, turli preparatlarga murojaat qilishmoqda. Biroq buni oldini olishning tabiiy, shu bilan birga, kamxarj usuli mavjudligidan hamma ham yetarlicha xabardor emas. Aytmoqchi bо‘lganimiz, shifobaxsh tabiiy ne’mat - lavlagidir. Quyida shu haqda batafsil sо‘z yuritamiz.

U nega kо‘tariladi?

Avval shu savolga javob bersak. Buning sababi turlicha bо‘lishi mumkin. Ma’lumki, qon tanamizdagi tomirlar bо‘ylab doimiy aylanib, barcha tо‘qima va hujayralarni kislorod, muhim oziqa bilan ta’minlaydi, karbonat angidrid va boshqa keraksiz moddalar tanani tark etishiga kо‘maklashadi. Agar odam tinch holatdan aqliy, jismoniy faol mehnat qilishga о‘tsa, qon aylanishi ham jadallashadi. Yurak urishi tezlashadi, qisqarishi kuchayadi, qon bosimi keragicha kо‘tariladi. Bunda qon tomirlari elastikligi hamda markaziy nerv sistemasining tegishli qismlaridan ularga boradigan impulslar muhim rol о‘ynaydi. Keksaygan sari, kishi qon tomirlarida elastiklik kamayadi. Natijada kerakli miqdordagi qonni haydash uchun yurak kuchliroq qisqarishi kerak bо‘ladi. Bu holat о‘z-о‘zidan qon bosimini oshiradi. Qariyalarda qon bosimi bir muncha yuqori bо‘lishi boisi ham shundan, ya’ni bu meyor hisoblanadi.

Boshqa bir sababi, odam hayajonlanganda, asabiylashganda, ruhan ezilganda ham nerv impulslari qon tomirlarini toraytiradi. Bu esa qon oqishiga tо‘sqinlik qiladi, yurak kuchli qisqara boshlaydi. Oqibatda qon oqishi susayib, uning tashish funksiyasi pasayib ketadi. Kishi doim hayajonda bо‘lar, asabiylashib hayot kechirarkan, yoshi, jinsidan qat’i nazar yuqori qon bosimini о‘ziga hamroh qilib oladi.

Yana bir jihati, qonda xolesterin kо‘pligi tomirlarda toshmalar hosil bо‘lishiga, ular esa qon oqishini qiyinlashtirib, bosim oshishiga olib keladi. Shu tariqa, qon bosimini tushirishda asosiy e’tibor qon tomirlari torayishini bartaraf qilishga qaratilishi kerak. Tegishli dori-darmonlar, chora-tadbirlarni qо‘llashdan kо‘zlangan maqsad ham shu aslida. Masalan, magniy elementi va uning birikmalarini qabul qilish tinchlanib uyquga ketishga yordam beradi. Tana muskullari, teri va bо‘g‘imlarni asta-sekin uqalash, ochiq havoda ozmuncha sayr qilish natijasida esa toraygan qon tomirlari ma’lum darajada о‘z holiga keladi, bosim pasayadi.

Nima uchun aynan lavlagi?

Qon tomirlari torayishi oldini olishda biz iste’mol qiladigan kо‘pgina sabzavotlar, jumladan, lavlagi, sabzi, karam, bodring, shuningdek, ayrim meva-cheva juda asqatadi. Taomlanishda ham ulardan imkon darajasida kо‘proq foydalanish maqsadga muvofiq. Ahamiyatlisi, nafaqat gipertoniya, balki    boshqa bir qancha xastaliklardan saqlanishda qizil lavlagi eng foydalisidir. Birinchidan, uni tomorqa sharoitida yetishtirish oson. Qolaversa, qish-qirovli kunlarda ham yaxshi saqlanadi, istalgan paytda  topish muammo tug‘dirmaydi.

Eramizdan avvalgi davrda yashab о‘tgan Gippokrat ham lavlagining   bisyor shifobaxsh xususiyatlarini e’tirof etgan. Jarohatni tuzatishi, shish qaytarishi, umumiy sog‘liqni saqlashi shular sirasiga kiradi.  Bundan tashqari, mazkur sabzavotdan halq tabobatida ichaklarni tozalash, jigar, о‘t qopi xastaliklarini tuzatishda foydalanib kelingan. Lavlagi va undan tayyorlangan sharbatlarning qon bosimini pasaytirish xususiyati bundan 10 yil burun ochilgan. Hozirgi kunda shu yо‘l bilan ushbu dardga yо‘liqqanlarga yaxshigina yordam berilmoqda. Eng muhimi, qizil lavlagini muntazam iste’mol qilib turish qon tomirlari elastikligini yaxshilab, gipertoniyaning oldini oladi.

Tadqiqotlarda ham bu narsa о‘z isbotini topgan. Lavlagini yeyishni kanda qilmaydigan kishilar orasida qon bosimi baland bо‘lganlari boshqalarga qaraganda ancha kam uchragan, kasallanganlar esa ancha tez shifo topgan. Lavlagining shifobaxshligi tarkibida anor, olma, klyukva, pomidor, apelsin, sabziga qaraganda quyidagi moddalarning serobligi bilan izohlanadi.

Avvalo, lavlagi magniy va kaliy tuzlariga boy bо‘lib, bu yurak qon-tomirlari uchun asqatadi, qonda xolesterinni kо‘paytirmaydi, toshmalar hosil bо‘lishiga yо‘l qо‘ymaydi. Uning tarkibida temir moddasi, foliy kislotasi (vitamin B9), B1, B2, C va PP vitaminlar ham mо‘l bо‘lib, bu holat tufayli anemiya  (kamqonlik), moddalar almashinuvi buzilishi, nerv sistemasi xastaliklari oldi olinadi. Aytish joizki, lavlagida vitamin B9 yoki foliy kislotasi boshqa sabzavot mahsulotlariga qaraganda ancha serob. Undan 100 gramm iste’mol qilib, ushbu vitaminga bо‘lgan kunlik talabning 27 foizini qondirish mumkin. Yana shuncha ildizmevadan marganets mikroelementiga bо‘lgan kunlik talabning 16 foizini olish mumkin. Bu moddalar homiladorlik jarayoni yuzaga kelishi, embrionning shakllanishi, yaxshi rivojlanishi uchun juda zarur. Shuning uchun bо‘lajak onalarning lavlagidan keraklicha foydalanishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Lavlagida nomlanishi bir-biriga о‘xshash ikki guruh birikmalar, ya’ni betanin va betainlar bо‘lib (ushbu nomlar lavlagining lotincha "beta vulgaris" deb atalishidan olingan), ular kuchli oksidantlar qatoriga kiradi. Betanin va betainlar vujudni qaritadigan hamda ateroskleroz va genlarda mutatsiya chaqirib, saraton kasalligini keltirib chiqaradigan erkin radikallarni yо‘qotadi, tanada hosil bо‘ladigan zaharli moddalarni neytrallaydi. Lavlagi sharbatida boshqa mahsulotlarda kam uchraydigan mikroelementlardan fosfor, rux, oltingugurt, molibden, kobalt, mis, seziy bо‘lib, ular organizmning umumiy holatini yaxshilab turadi.

Ayni shifobaxsh xususiyatlari bois lavlagi gipertoniyali bemorlar va bu kasallik bilan og‘rishga moyil kishilarga tavsiya qilinadi.

Uni qanday iste’mol qilgan ma’qul?

Endi ushbu ildizmevani tanovul qilishga doir asosiy jihatlar haqida fikr bildirsak.  Sir emas, lavlagini ham pishirib yeyish, ham sharbatini olib ichish mumkin. Pishirilgan sabzavotda uning foydali xususiyatlari biroz kamayadi, chunki yuqori harorat kо‘pgina vitaminlar hamda biologik faol moddalar sezilarli darajada parchalanishiga olib keladi. Shuning uchun kо‘proq uning sharbatidan foydalanish maqsadga muvofiq. 

Shu narsani esdan chiqarmaslik kerakki, tayyorlangan sharbatni   darhol ichish mumkin emas. Uni kamida ikki soat sovutkichda og‘zi ochiq holda saqlab, keyin iste’mol qilish kerak. Aks holda u tarkibidagi vaqti bilan uchib ketadigan ayrim moddalari tufayli kо‘ngilni aynitib, kishini behuzur qiladi, bо‘shashtirib yuboradi. Ushbu sharbatni ichib yurmaganlar uchun bir kunda о‘rtacha meyor 50 millilitr hisoblanadi, uni ham ikkiga bо‘lib ovqatdan       10-15 daqiqa oldin ichish kerak. Sharbatning yuqoridagi kabi salbiy xususiyatlarini kamaytirish maqsadida unga sabzi yoki olma sharbati qо‘shib ichish zarar qilmaydi. Bunday aralashma vitaminlar va biologik faol moddalarga boyligi bois yanada foydaliroq bо‘ladi.

Xorijlik olimlar tomonidan lavlagi sharbatining qon bosimini kamaytirishi borasida о‘tkazilgan tadqiqotlarga kо‘ra, har kuni о‘rtacha 250 millilitr sharbat ichib turadigan gipertoniyali respondentlarning ham maksimal (sistolik), ham minimal (diastolik) kо‘rsatkichlari 10 millilitr simob ustuniga pasaygan va bu holat 24 soatgacha saqlangan. Yana shu narsa diqqatga sazovorki, nafaqat lavlagining sharbati, balki uni pishirib non bilan iste’mol qilish ham qariyb shunday natijalarga olib kelar ekan.

Ma’lumki, kо‘pincha qish, bahor oylarida pishirilgan qand lavlagi non bilan yeb turiladi. Qand oq lavlagi tarkibi jihatidan qizilidan qolishmaydi. Ushbu odatni davom ettirish, boz ustiga bunday shifobaxsh ne’matdan foydalanishni yanada yaxshilash, joylarda (oshxonalar, choyxonalar va boshqalar) lavlagili taomlar assortimentini kо‘paytirish xalqimiz salomatligini saqlashda, ayniqsa, gipertoniya xastaligi oldini olishda muhim qadam bо‘ladi. 

Kimlarga tavsiya etilmaydi?

Lekin shuni ham e’tiborga olish kerakki, lavlagi sharbatini ichish yoki uni pishgan holda iste’mol qilish hammaga ham xush kelmaydi. Aytib о‘tganimizdek, lavlagidagi moddalar qon tomirini kengaytiradi. Undan qon bosimi past bо‘lganlar (gipotoniyalilar) iste’mol qilishi mumkin emas. Yana uni buyrak kasalliklari (glomerulonefrit,  piyelonefrit va boshqalar), siydik pufagi, buyraklar va о‘t pufagida toshi bor bemorlar, podagra, revmatoid artrit, qandli diabet kasalliklari borlar, me’da shirasida kislotalilik yuqori bо‘lganlar, oshqozon-ichak yarali xastaliklar hamda surunkali ichburug‘ (diareya), jig‘ildon qaynash (zarda) kasali borlar iste’mol qilmagani ma’qul. 

Lavlagining tomirlarni kengaytirib qon bosimini pasaytirishi undagi nitratlarning ishidir. Ildizmeva bilan qabul qilingan ushbu modda organizmda oldin nitritlarga, keyin esa azot oksidiga aylanadi. Oxirgi moddaning tomirlarni kengaytirish xususiyati esa azaldan ma’lum. Shu narsani ham inobatga olish kerakki, lavlagining tomirlar elastikligini oshirish xususiyati tufayli uni va sharbatini tegishli miqdorda iste’mol qilib yurgan sportchilarning amaldagi  natijalari yuqori  bо‘lgan. Ushbu holat velosipedchilarning ma’lum masofani tezroq bosib о‘tishida isbot qilingan. Tomirlarning kengayishi bilan ulardan qon oqishi tezlashib, muskul hujayralariga kо‘proq kislorod va oziq moddalar yetkazib beriladi, bunga javoban ularning qisqarishi kuchayib tezlashadi. Yana keksayib, aqliy faoliyatning pasayish holatlarining oldini olishda ham qon tomirlarining yoshga bog‘liq va boshqa sabablarga kо‘ra tarangligini lavlagi sharbatini iste’mol qilish bilan ma’lum darajada kamaytirish mumkin.

Xulosa о‘rnida aytganda, lavlagi turli dori vositalaridan kо‘ra yuqori qon bosimiga yaxshi davo bо‘la oladi. Har holda shifobaxsh ne’mat, tabiiysiga nima yetsin?! Undan zarur tavsiyalar asosida о‘z о‘rnida foydalanilsa, salomatligimizni saqlash borasida muhim ish qilgan bо‘lamiz.

Shoniyoz QURBONOV,

biologiya fanlari doktori, professor

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

14-05-2019 |
Foto galereya