Viloyat musiqali drama teatrida Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabining о‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri jamoasining konserti uyushtirildi.

Yoshlarning san’atga bо‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida viloyat madaniyat boshqarmasi, Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi jamoasi hamkorligida tayyorlangan konsert dasturiga bolalar musiqa va san’at maktablari о‘quvchilari, musiqa san’ati ixlosmandlari, keng jamoatchilik taklif etildi.

Orkestr dasturi repertuaridan "Uyg‘onish", "Ishq ayladi", "Sо‘lim bahor", "Ozarbayjon marvaridi", "Melodrama", "Oblivion", "Qо‘g‘irchoq qо‘shig‘i", "Granada" kabi о‘nlab о‘zbek va jahon musiqa durdonalari joy olgan.

Ayniqsa, yakkaxon ijrolarda respublika va xalqaro tanlovlar sovrindorlari, iste’dodli ijrochilar Malika Parmonova,  Sodiq Sayimov, Ilyos Muhammadiyev, Alibek Madatov, Shexreza Omonovaning chiqishlari tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

- Kuy kishi kо‘ngliga huzur bag‘ishlab, uni orom sari yetaklaydi, - deydi dirijyor Abbos Ahmedov. - Yurakni junbishga keltirib yangragan har bir ohang inson xotirasida uzoq vaqt muhrlanib qoladi. Uni qayta-qayta tinglaging keladi. Bugun iste’dodli yoshlar tomonidan ijro etilayotgan kuylarni tinglab, ularning ijro mahoratiga tan berasiz. Bunday iste’dod egalarining jahon sahnalarida bir qator muvaffaqiyatlarga erishayotganidan esa qalbing g‘ururga tо‘ladi.

S.ALLAYOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

17-04-2019 |
Foto galereya