Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan joriy yildan boshlab tuman (shahar) byudjeti parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning 50 foizi "Ochiq byudjet" axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirilishi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Bunda, jamoatchilik fikri (takliflar) portaldagi "Mening yo‘lim” loyihasi asosida "qabul qilish" va "ovoz berish" bosqichlaridan ketma-ketlik bilan o‘tgach g‘olib takliflar aniqlanadi.

“Tashabbusli byudjet” jarayonlaridan farqli ravishda bir yilda bir marotaba o‘tkaziladigan loyihaning dastlabkisida qashqadaryoliklar ham faol ishtirok etdi.

Xususan, "Mening yo‘lim” loyihasi joriy yilning 4-aprelidan 30-apreligacha bo‘lgan muddatda o‘z bosqichlarini yakunladi va g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, jarayonlarda viloyatimizdan portal orqali 798 ta takliflar bildirilib, ularga jami 339482 ta ovozlar qoldirilgan holda yakunda g‘olib deb topilgan 23 ta taklifga 98985 ta ovozlar berildi.

O‘z navbatida, tashabbuslarni moliyalashtirish uchun 2022-yil byudjet parametri hisobidan 25021,7 mln. so‘m mablag‘ yunaltirilgan bo‘lsa, shundan "Mening yo‘lim" loyihasiga yuqoridagi mablag‘ning 50 foizi, ya’ni 12510,8 mln. so‘mi ajratiladi. Shuningdek, qolgan qismi hududiy hokimliklar tomonidan taqsimlanuvchi mablag‘ hisoblanadi.

Viloyat Moliya boshqarmasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

13-05-2022 |
Foto galereya