О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi "Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik kо‘rish va uni о‘tkazish tо‘g‘risida"gi  qaroriga muvofiq yurtimizning barcha shahar va tumanlarida о‘tkazilgan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi о‘z yakuniga yetdi. Raislikka eng munosib deb topilgan 768 nomzod 3 yil davomida mahalla ishiga boshchilik qilib, pirovardida aholi farovonligi, hudud rivojiga hissa qо‘shadigan bо‘ldi.

Qayd etish lozim, mahalla jamiyat boshqaruvining xalq qadriyatlariga asoslangan tizimi sifatida   ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda qator vazifalarni samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu  tizimga doir kо‘plab qonunchilik hujjatlarining qabul qilinishi uning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirdi.

Oldingi qonun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) bilan bir vaqtda uning maslahatchisini ham saylashni nazarda tutar edi. Raisning vakolat muddati 2,5 yil bо‘lib, bu muddat ularga о‘z bilim va boshqaruv qobiliyatini tо‘liq namoyon etishga imkoniyat bermayotgandi. Shuningdek, raislar fuqarolar vakillari yig‘ilishi tomonidan saylanardi. Bunda saylovchilar nomidan atigi 50-80 nafar vakil ovoz berar, boshqa fuqarolar ba’zan bundan bexabar qolayotgan, о‘z fikrini bildira olmayotgandi. Yana bir jihati, saylov ochiq ovoz berish yо‘li bilan о‘tkazilgani bois, fuqarolarning о‘z xohish-irodalarini erkin bildirish imkoniyati cheklangandi.

Qonundagi о‘zgarishlar natijasida maslahatchilarning rais (oqsoqol) bilan bir vaqtda saylanishining oldi olindi. Uning vakolat muddati 2,5 yildan 3 yilga uzaytirildi. Vakillikning minimal normasi belgilandi, ya’ni u saylovchilarning 12 foizidan kam bо‘lmasligi tartibi о‘rnatildi. Shunga kо‘ra Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda о‘tkazishga kо‘maklashuvchi alohida respublika komissiyasi tuzilib, saylovlar yashirin ovoz berish yо‘li bilan о‘tkazildi.

Joriy yilgi saylovlar 2016 yil may-iyun oylarida о‘tkazilgan saylovlar bilan solishtirilsa, kо‘plab о‘zgarishlarga guvoh bо‘lish mumkin. Jumladan, 3 yil avval viloyatda fuqarolar yig‘inlari raisligiga 660 kishi saylangan bо‘lsa, bu yil ularning soni 768 nafarni tashkil etmoqda.

2016 yilda о‘tkazilgan vakillar yig‘ilishlarida saylangan fuqarolar yig‘inlari raislarining 607 nafari oliy, 53 nafari о‘rta maxsus ma’lumotli bо‘lsa, bu yilgi raislarning 624 nafari oliy, 144 nafari о‘rta maxsus ma’lumotga ega. Oliy ma’lumotli raislar soni bо‘yicha viloyatimiz respublikada birinchi о‘rinda. Saylangan 160 raisning mutaxassisligi о‘qituvchi, 156 nafari iqtisodchi, 182 nafari muhandis, 37 nafari huquqshunos va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol qatnashayotgan boshqa mutaxassislikka ega shaxslardir.

Yana bir jihati, saylangan fuqarolar yig‘ini raislarining 11 nafari shu vaqtgacha mahalliy hokimlik tizimida, 26 nafari huquqni muhofaza qilish organida, 67 nafari tadbirkorlik sohasida, 69 nafari ta’lim, 477 nafari mahalla tizimida ishlab kelgan.

Bu yilgi saylovlarda 547 nafar yig‘in raisi birinchi marta saylandi va bu kо‘rsatkich bо‘yicha ham viloyatimiz peshqadam. Fuqarolar yig‘inlari raislarining 34 nafari ayollar bо‘lsa, 15 nafari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari sanaladi.

Yig‘in raisligiga saylangan kishilarning yoshi ham e’tiborga molik. 2016 yilda 40 yoshgacha bо‘lgan raislar soni 27 nafar bо‘lsa, bu yil 163 nafarni tashkil etmoqda.

Ma’lumki, saylovlarni tashkil etishga doir qonunda fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bо‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi belgilangan. Shunga asosan tashkilotchilik qobiliyatiga ega, hayotiy tajriba va el orasida hurmat-e’tibor qozongan 242 ming 922 kishi saylovlarda vakil sifatida ishtirok etishi belgilangan bо‘lib, jarayonlarda ularning 205 ming 915 nafari о‘z ovozi bilan qatnashdi.

2016 yilgi saylov natijasiga kо‘ra muqobillik asosida yashirin ovoz berish yо‘li bilan saylanganlar soni 188 nafar (28,5 foiz) bо‘lsa, qonunga kiritilgan о‘zgarishlarga kо‘ra, bu yil saylov 768 ta fuqarolar yig‘inida (100 foiz) yashirin ovoz berish yо‘li bilan о‘tkazildi. Bu albatta, tanish-bilish emas, xalq uchun qayg‘uradigan nomzodlar tizimga kelishida muhim о‘rin tutadi.

Shu bilan birga, boshqa davlatlar bilan chegarada joylashgan 22 ta mahalla fuqarolar yig‘inida harbiy sohadan xabardor, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan, qо‘shni davlatlar qonunchiligidan boxabar, turli millat va din vakillari о‘rtasida obrо‘-e’tiborga hamda favqulodda vaziyatlarda harakatlanish qoidalarini biladigan va aholini safarbar eta olish kо‘nikmalariga ega shaxslar saylanganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va о‘tkazishga kо‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi Islomiddin Abrorovning ma’lum qilishicha, ayni paytda viloyatdagi barcha fuqarolar yig‘inlari aholi soni, ijtimoiy-ma’naviy muhit va hududiy geografik joylashuvi bо‘yicha toifalarga ajratilib, shu asosda yig‘in raisiga qо‘yiladigan talablar ishlab chiqilgan.

Hududdagi muammolardan kelib chiqib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bо‘yicha 2019 yil iyun-sentabr oylariga mо‘ljallangan Harakatlar rejasi ishlab chiqilib, sektor rahbarlari va tuman (shahar) kengashlari boshqaruvi raislari tomonidan tasdiqlangan.

Kо‘rinib turibdiki, yig‘in raisligiga bu yilgi saylovlar avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Endi hamma gap - saylangan raislarning о‘ziga bildirilgan ishonchni qay darajada oqlay bilishida.

B.SAYFIYEV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

25-05-2019 |
Foto galereya