Chiroqchi tumanining Dodiq qishlog‘ida yashovchi Abduxoliq bobo Boymirovning urush xotiralari hech kimni befarq qoldirmaydi.

- Urush boshlangan yili 17 yoshda edim, - deydi oqsoqol.  - Qishloqdagi barcha  yigitlar birin-ketin jangga otlana boshladi. Meni yoshim yetmagani uchun olishmagandi. Shu bois oradan bir yil о‘tib, 1942 yilning may oyida armiyaga jо‘naydigan bо‘ldim. Ana shu bir yil ichida urushning front ortidagi azobi, og‘ir mehnat, ocharchilik, “qora xat” kelgan oilalardagi ahvol – hammasi bir bо‘lib, qalbimda fashistlarga nisbatan kuchli nafrat uyg‘otgan, tezroq jangga kirishni xohlayotgan edim. Dastlab bizni Astraxan shahriga olib borishdi. U yerda ikki oyga yaqin harbiy tayyorgarlikdan о‘tdik. 

Keyin Stalingrad shahri ostonasida jangga kirdik. Bir yildan oshiq vaqt davomida juda og‘ir janglarda ishtirok etdim. Har kuni о‘nlab safdoshlaringdan ayrilish, har daqiqada о‘limni his etib turish... xullas, urushning bor dahshatini ta’rif etib bera olmayman. О‘sha kuni ham Stalingrad yaqinidagi qishloqlardan birida shafqatsiz jang bо‘ldi. Har tomondan о‘qlar yomg‘irdek yog‘ilar, snaryadlarning portlashi, tank, vertolyotlar ovozidan quloqlarimiz bitib qolgan edi. Dushman tomondan ham, bizdan ham juda kо‘pchilik halok bо‘lishdi. Men ham yelkamga о‘q tegib, hushimdan ketgan ekanman. О‘zimga kelganimda gospitalda yotardim. 

Uzoq vaqt davolanishdan sо‘ng meni uyga qaytarishdi. Yelkamdagi jarohat muntazam azob berar, qalbimdagi og‘riq esa undan-da kuchli edi. Chunki qishloqdagi qiyinchiliklar, urushning oddiy odamlar boshiga keltirayotgan kulfatini kо‘rib, chidab turolmasdim. Kolxozga "tabelchi" bо‘lib ishga о‘tdim. Bor alamimni ishdan, mehnatdan ola boshladim.

Yaratganga shukur, bugungidek farovon, dorilomon, inson qadr topgan kunlarni kо‘rish ham nasib qildi. Farzandlarim, nevara-chevaralarim ardog‘idaman. Hukumatimiz tomonidan biz urush qatnashchilariga juda katta ehtirom kо‘rsatilmoqda. Barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan, holimizdan doimo xabardor bо‘lib turishibdi. Farzandlarim, nevara-chevaralarim mana shunday tinch, xotirjam kunlarda yashayotganidan behad sevinaman. Ularga tinchlikning nechog‘lik oliy ne’mat ekanini uqtirishdan charchamayman.

Jahongir BOYMURODOV yozib oldi.

Suratda: Abduxoliq bobo Boymirov.

Sobir NARZIYEV olgan surat.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

09-05-2019 |
Foto galereya