Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonida balandligi 62,5 metrga teng Davlat bayrog‘i o‘rnatiladi.

Bugungi kunda maydonning amfiteatr oldidagi xiyobon bilan tutash qismida ulkan bayroq ustuni poydevori bunyod etilmoqda. Bu noyob obyektning  buyurtmachisi Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi bo‘lsa, pudratchisi "Voha maxsus montaj servis" masʼuliyati cheklangan jamiyatidir.

Korxona vakillarining aytishicha, bayroqning ustun (flagshtok)i  diametri 430 millimetrdan 1220 millimetrgacha bo‘lgan po‘lat quvurlardan tashkil topadi. Uning barcha butlovchi qismlari maxsus buyurtma asosida poytaxtdagi "Bektemir metall konstruksiyalari" qo‘shma korxonasi tomonidan tayyorlab qo‘yilgan. Bichimi 25 metrga   10 metrdan iborat bayroqning o‘zi esa Farg‘ona vodiysidagi ishlab chiqarish korxonalaridan birida tikilgan. Shartnomalarda ko‘zda tutilgan mablag‘ o‘tkazilishi bilanoq hamkorlar ularni maxsus texnikalar yordamida viloyatimiz markaziga yetkazib beradi.

Loyihaga ko‘ra, Davlat bayrog‘i o‘rnatilgach, uning atrofidagi 2 ming kvadrat metrlik hudud obodonlashtirilib, maysazor va gulzorlar barpo etiladi, manzarali daraxtlar ekiladi va yangi yo‘lakbop plitkalar terib chiqiladi. Ayni paytda Mustaqillik maydonining shu qismida bayroqning tarixi va tavsifi aks etgan tosh lavhlar ham o‘rnatiladi.

“Qashqadaryo” gazetasi muxbiri

28-04-2021 |
Foto galereya