Ma’lumki, yaqin-yaqingacha yurtimizda sement, shifer, yog‘och kabi qurilish materiallari chakana savdosi bilan asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanib kelgan. Ammo hajmi kattaligi va vazni og‘irligi sababli ushbu mahsulotlarni yuklash, tashish, tushirish, qadoqlash, qо‘riqlash va sotishni ruxsat etilgan bir nafar yollanma ishchi bilan bajarib bо‘lmaydi, albatta. Shu bois xususiy tadbirkorlar qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha xodimni yollab, norasmiy ishlatishga majbur bо‘layapti.

О‘rganish natijalariga kо‘ra, bugungi kunda ishbilarmonlar alyumin profilli eshik, deraza va boshqa buyumlarni tayyorlashni yirik uskunalardan foydalangan holda, sanoat usulida amalga oshirmoqda.  Shuningdek,  xom ashyo materiallari va tayyor mahsulotlarni ortish, tashish, tushirish va о‘rnatish uchun kо‘p ishchi kuchi talab etiladi.  Bu esa norasmiy ishchilarni yollab ishlatish zaruratini yuzaga keltiradi. Shu kabi holatlar avtomobillarni yuvish faoliyati bо‘yicha ham kuzatilmoqda.

Bu esa norasmiy yollangan xodimlarning mehnat muhofazasi va mehnat xavfsizligi ta’minlanmasdan, mehnat stajlari yuritilmasdan hamda kelgusida asoslangan pensiya tо‘lovi kafolatlanmasdan qolishiga sabab bо‘lmoqda. "Mehnatni muhofaza qilish tо‘g‘risida"gi Qonunga binoan yuk ortish va tushirish ishlari og‘ir va xavfli ishlar toifasiga kiritilgan bо‘lib, ish jarayonida bir xodimning doimiy kо‘taradigan yuk og‘irligi 15 kilogrammdan va ish smenasi davomida jami kо‘taradigan yuk og‘irligi 870 kilogrammdan ortiq bо‘lmasligi lozim.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktabrdagi qaroriga asosan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bо‘lgan faoliyat turlari rо‘yxatiga о‘zgartirish va qо‘shimchalar kiritilgan. Bu haqda Qarshi shahrida viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan amaliy seminarda sо‘z yuritildi.

Tadbirda viloyatimizda faoliyat kо‘rsatayotgan kо‘plab yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtiroki ta’minlandi. Seminar xususiy tadbirkorlikning ayni jabhasidagi о‘zgarish va yangiliklar mazmunini soha vakillariga kengroq tushuntirishga bag‘ishlandi.

- Ma’lumki, YATT tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshiruvchi jismoniy shaxs hisoblanadi, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i о‘rinbosari Alisher Qodirov. - Unga qо‘yiladigan tegishli talablar bor. Ammo bugun ayrim ishbilarmonlar biznesi shakli bu talablarga mos emas. Misol uchun, meyordan kо‘p ishchi ishlatayapti. Shuni e’tiborga olib, hukumat qarorida shu kabi 14 ta   faoliyat turiga tegishli о‘zgartirishlar kiritilib, ayrim yо‘nalishlardagi faoliyat turi bilan faqat yuridik shaxs tashkil etgan holda shug‘ullanish mumkinligi belgilandi. YA’ni sohalar qamrovi biroz qisqardi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga ana shunday о‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdik.

Seminarda ta’kidlanganidek, YATTlar ilgari faoliyat turidan kelib chiqib, qat’iy soliq tо‘lagan bо‘lsa, endilikda bu tartib ham biroz isloh qilindi. Davlat soliq qо‘mitasining 2019 yil 19 martda davlat rо‘yxatidan о‘tgan qaroriga muvofiq, Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni)  realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar tо‘lash tartibi tо‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, endilikda kalendar yilida tovar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million sо‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy belgilangan soliq tо‘lashda davom etadi. 100 million sо‘mdan oshgan, biroq bir milliard sо‘mgacha tushumga ega ishbilarmonlar yagona soliq tо‘lovchisiga aylanadi. Yil davomida bu miqdorni bir milliard sо‘mdan oshirgan xususiy tadbirkorlar esa soliqlar va majburiy tо‘lovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda tо‘laydi.

Bundan tashqari, tadbirda tegishli tushumni aniqlash, YATTlarning yagona soliq tо‘lovi tо‘lashga о‘tishining о‘ziga xos xususiyatlari singari masalalarga mutaxassislar tomonidan atroflicha izoh berildi.  Ishtirokchilar о‘zlarini qiziqtirgan savollarga tо‘liq javob olishdi.

M.SHUHRATOV

Suratda: tadbirdan  lavha.

Sobir NARZIYEV olgan surat.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

21-04-2019 |
Foto galereya