Barchaga ma’lumki, xalq ta’limini isloh qilish bo‘yicha Respublika kengashi raisi davlat rahbari Sh.M.Mirziyoyev bo‘lsalar, viloyat, tuman (shahar)larda hokimlar bo‘lishi belgilangan.
 
Ammo, xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi juda qoniqarsiz ahvolda. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, tuman (shahar) hokimlari hanuzgacha tizimni rivojlantiruvchi, namuna qilishga arzigulik natija ko‘rsatmadi.
 
2021-yilda 51 ta maktablardan birorta ham bitiruvchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmagan maktablar Chiroqchida 13 tani, Dehqonobodda 12 tani, Kosonda 6 tani, Qarshi tumanida 4 tani, Kitobda 4 tani, Qamashida 3 tani, Gʻuzorda 3 tani, Shahrisabz tumanida 3 tani, Muborakda 2 tani, Yakkabog‘ tumanida 1 tani tashkil etadi.
 
Maktablarda ta’lim sifatini oshirishda eng asosiy omil bu o‘qituvchi hisoblanadi. Agar o‘qituvchilar o‘z darslarini sifatli, o‘quvchilarni qiziqtirib o‘ta olsa ta’lim muassasalarida ta’lim va tarbiya yaxshilanadi.
 
Bugungi kunda xalq ta’limi muassasalarida jami 4 758 nafar ingliz, nemis va fransuz tillar bo‘yicha o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning atigi 6,8 foizi (325 nafar) xalqaro yoki milliy sertifikatlarga (C1 va B2) ega bo‘lgan o‘qituvchilar hisoblanadi.
 
Qolaversa, xorijiy tillarni o‘rganish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, viloyatdagi 15 nafar xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy adabiyotlar va jihozlar (erkin muloqot xonalari) bilan ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan 2,9 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsada, hali-hanuzgacha ijrosi ta’minlanmaganligi achinarli holat.
 
Ba’zi tumanlar, xususan, Kasbi, Nishon, Muborak, Qarshi tumanlar xorijiy tillar metodistlari sohani ichiga kirmaganligi, o‘z faoliyatlarini sifatsiz va past darajada amalga oshirayotgani reyting ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘lmoqda.
 
Shu o‘rinda, o‘qituvchilarni xorijiy tillardan sertifikatlarga o‘qitish bo‘yicha “Namangan tajribasi” xususida to‘xtalmoqchiman. Viloyat hokimining Namangan viloyatidagi kutubxonaga tashrifi jarayonida, o‘qituvchilarning sertifikat olish uchun ingliz tilini o‘rganayotganligi va imtihon topshirayotganligini guvohi bo‘lganmiz. Nimaga viloyatda ushbu tajribani ommalashtira olmayapmiz? O‘qituvchi yetuk bo‘lsa, o‘quvchilar bilimli va salohiyatli bo‘lib yetishmaydimi?
 
Bugungi kunda viloyatda jami 63 ta maktablarda direktorlik lavozimlari vakant turibdi.
 
Tumanlar kesimida tahlil qilganimizda Chiroqchi tumanida 12 ta, Koson tumanida 11 ta, Qamashi tumanida 8 ta, Yakkabog‘ tumanida 7 ta, Dehqonobod va Nishon tumanlarida 4 tadan, Shahrisabz shahar, Gʻuzor va Kasbi tumanlarida 3 tadan, Qarshi shahar, Qarshi va Muborak tumanlarida 2 tadan, Kitob va Mirishkor tumanlarida 1 tadan direktorlik lavozimlari vakant.
 
Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga viloyat halq ta’limi boshqarmasi tomonidan 23 ta maktab bo‘yicha nomzodlar tavsiya etilgan bo‘lsada, bugungi kunga qadar nomzodlar ko‘rib chiqilmagan.
 
Viloyat halq ta’limi boshqarmasi tomonidan bugungi kunga qadar 40 ta maktab bo‘yicha Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga nomzodlar kiritilmagan.
 
Eng achinarlisi, 2021-yilning iyun oyidan bugungi kunga qadar Yakkabog‘ tumanidagi 39 va 104-sonli, Muborak tumanidagi 3 va 20-sonli maktablarda direktorlik lavozimi vakant turibdi.
 
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi (Karimov), Xalq deputatlari viloyat kengashi (Poyonov) va tuman (shahar) kengashlari bilan birgalikda bir oy muddatda vakant bo‘lgan direktorlik lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish hamda munosib bo‘lgan nomzodlarni direktorlik lavozimiga tayinlash ishlarini yakuniga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.
 
Yuqoridagi kamchiliklar natijasida maktablarda ta’lim sifatining pastligi, o‘quvchilarning davomati va xulq-atvori nazorat qilinmasligi natijasida maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan mazkur turdagi huquqbuzarliklar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 taga (2021 y. – 27 ta/2022y. – 43 ta) yoki 60 foizga oshganligini ko‘rsatmoqda. Tahlillarga ko‘ra, jinoyatlarning 2 tasi qotillik (Qarshi sh, Dehqonobod t), ya’ni, o‘lim bilan yakun topgan.
 
Jumladan, Qarshi shahar 27-sonli o‘rta maktabning 11-sinf o‘quvchisi Qarshi shahar “Komilon” MFY Buloq ko‘chasi 35-uyda yashagan fuqaroni qasddan o‘ldirib, o‘zining jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida, marhumning turmush o‘rtog‘i, onasini ham bosh qismiga urgan, so‘ngra uning “Nexia-3” rusumli avtomashinasini olib voqea joyidan yashiringan.
 
Ta’kidlash o‘rinliki, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘quvchilari tomonidan jinoyat sodir etilgan maktablarning direktorlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, sinf rahbarlari yoki xalq ta’limi bo‘limi mudirlarining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligi masalasi ko‘tarilmayapti.
 
Eng achinarlisi, biz maktab o‘quvchilari orasida huquqbuzarliklarni oldini olish haqida gapirayotgan bir vaqtda, maktab o‘qituvchilari tomonidan jinoyat sodir etganligini nima deb izohlashimiz mumkin?
 
2022-yil 5-oyida 29 nafar o‘qituvchilar tomonidan jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, jinoyat turlari bo‘yicha tahlil qilsak:
 
- 1 ta qotillik (Shahrisabz shahar 30-maktab o‘qituvchisi);
 
- 2 ta o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish (Qarshi shahar 20-maktab);
 
- 2 ta yengil tan jarohati yetkazish;
 
- 1 ta nomusga tegish (Qamashi tumani);
 
- 2 ta o‘g‘rilik (Chiroqchi tumani);
 
- 1 ta bezorilik (Qamashi tumani).
 
Vijdoni bor rahbarlar korrupsiyaga qarshi kurash olib borayotgan bir paytda viloyat XTB tizimida ishlovchi rahbar va mansabdor shaxslar tomonidan korrupsiya, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etish holatlari soni ham oshib borayotgani ham ko‘pchilikni, ayniqsa, ota-onalarni ham tashvishga solmay qo‘ymaydi. Kasalini yashirsak, isitmasi oshkor qilaveradi.
 
Xususan, Koson tumani XTB mudiri S.D, Qarshi shahar XTB metodisti Q.Dga nisbatan faol tadbir o‘tkazilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.
 
Bundan tashqari, 2022-yil 4-mart kuni Koson tuman XTB tasarrufidagi 55-sonli umumta’lim maktabi direktori M.B fuqaro Sh.Xni ushbu maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi lavozimiga ishga olish evaziga undan 400 AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtda faol tadbir o‘tkazilib, JKning 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
 
“2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da xususiy maktablarni ko‘paytirish, 2022-yil 1-apreldan boshlab, nodavlat maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etilgan.
 
Viloyatda 8 ta xususiy maktablar tashkil qilingan bo‘lib, bugungi kunda ularning 6 tasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
 
Faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy maktablarning barchasi Qarshi shahrida joylashgan bo‘lib, ularda 1 397 nafar (shundan, 560 nafari qiz) o‘quvchilarga 142 nafar o‘qituvchilar ta’lim bermoqda.
 
Kun tartibidagi yana bir muhim masala viloyatda  Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufida tashkil etiladigan 12 ta (10 ta ixtisoslashtirilgan va 2 maktab-internat) ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha ham qilinishi kerak bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.

 
                                                                                                                                   Viloyat hokimligi Axborot xizmati
14-06-2022 |
Foto galereya