Shu yilning 23 sentyabr sanasida mustaqil O‘zbekiston tarixida yana bir muhim voqea yuz berdi. Muhtaram Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida, yaʼni BMT minbarida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Albatta bu barcha vatandoshlarimiz qalbida g‘urur hissini uyg‘otgani shubhasiz. Shu bilan birga davlatimiz rahbari o‘z maʼruzasida bir qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Muhtaram Prezidentimiz, 2017 yil sentyabrda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ham qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surgan va ularning deyarli barchasi bugungi kunda amaliyotga tatbiq etildi va etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida quyidagi 5 muhim takliflarni ilgari surdi:

Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks ishlab chiqish;

Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT BAning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish;

Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish;

Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT BAning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish;

Qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishga bag‘ishlangan Global sammitni o‘tkazish.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqi avvalida koronavirus pandemiyasi va uning oqibatlari, butun dunyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni yana-da kuchaytirish zarurligi to‘g‘risida so‘zlab, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi Xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi. Bugungi dunyo va xalqaro hamjamiyat uchun katta falokatga aylangan pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish uchun bildirilgan ushbu taklif albatta barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonamiz.

Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘z nutqida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlik masalalarida juda katta yutuqlarga erishilayotganini alohida taʼkidlab, ushbu yutuqlarni yana-da rivojlantirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif qildi. Bu esa o‘z navbatida mintaqa davlatlarining iqtisodiy o‘sishiga zamin yaratadi.

Shu bilan birga Prezidentimiz o‘z nutqida 2021 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Albatta bizning mintaqamiz, xususan Vatanimizning butun dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Mazkur forum esa butun dunyo diqqatini yana bir bor mintaqamizga qaratishi, yurtimizning boy madaniy merosini targ‘ib qilishi va madaniy aloqalarni kengaytirishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Muhtaram prezidentimiz bundan uch yil avval bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida butun dunyo eʼtiborini Orol fojiasiga qaratgan edi. Bu safar ham ushbu masalaga alohida to‘xtalib, bugungi kunda mazkur muammo nafaqat mintaqamiz, balki butun dunyo uchun eng katta ekologik falokatga aylanganligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylangani, uning oqibatlarini bartaraf qilish uchun davlatimiz hamda Xalqaro hamjamiyat tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida aytib o‘tdi. Shuningdek, bu bo‘yicha ishlarni yana-da kuchaytirish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni hamda ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlashni taklif etdi.

Albatta davlatimiz rahbari o‘z nutqida ham global ahamiyatga ega yana bir qator ko‘plab taklif va tashabbuslarni bildirdi. Mazkur tashabbuslar tez orada amalga oshishiga ishonchimiz komil. Zero, O‘zbekistonning bugungi kundagi mavqei hamda roli nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda oshib bormoqda va tobora global masalalarni hal etishda faol ishtirok etmoqda.

Ochilov Farxod Eshonovich,

“Yuksalish” umummilliy harakati Qashqadaryo viloyati
hududiy bo‘linmasi rahbari,
viloyat hokimining maslahatchisi

24-09-2020 |
Foto galereya