Kecha Qarshi shahrida О‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning  yorqin xotirasiga bag‘ishlangan  I  Xalqaro "Oltin sо‘z" adabiyot festivali о‘z ishini boshladi.

Ikki kunga mо‘ljallangan ushbu festivalning dastlabki kunida Qarshi shahridagi shoir nomi bilan yuritiluvchi ixtisoslashtirilgan maktab-internatda adabiy uchrashuv о‘tkazildi. Tadbir avvalida Abdulla Oripov xotirasiga hurmat bajo keltirilib, uning haykali poyiga gul qо‘yildi. Shundan sо‘ng festivalga kelgan mehmonlar mazkur maktab-internat, shoir hayoti va ijodi aks etgan muzey faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Uchrashuv yakunlangach, ishtirokchilar uchun viloyat markazining diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi. Bu jarayonda mehmonlar Qarshi shahrida olib borilgan bunyodkorlik ishlari samarasi, tarixiy qadamjolarni kо‘rish imkoniga ega bо‘lishdi.

Xalqaro  festival doirasidagi bugungi tadbirlar Shahrisabz shahrida davom ettiriladi.

Ma’lumot о‘rnida keltirib о‘tamiz,  festivalda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan taniqli shoirlar, yozuvchilar hamda jurnalistlar ishtirok etayapti. Jumladan, Turkiyadagi "KIBATEK" xalqaro adabiy tashkiloti prezidenti Sengeli Bilgi, tashkilot vitse-prezidenti Leyla Ishik, Filippindagi "Pentasi B" xalqaro adabiy tashkiloti prezidenti Epitasio Tongohan, Hindiston qit’alararo madaniyat assotsiatsiyasi xodimi, Norvegiyada yashab, ijod qiluvchi yozuvchi Solomiyakaroli, italiyalik shoir, yozuvchi va bloggerlar Katerina Davinio, Klaudio Preziosi, Tojikistondagi "Dо‘stlik" va "Elchi" gazetalari bosh muharriri Toshmat Temirov, Nosir Xusrav nomidagi Qо‘rg‘ontepa davlat universiteti professori Zebiniso Sattorova, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Hasan G‘oyib, "Janubiy Qozog‘iston" gazetasi muxbiri Maysara Saparova, Qozog‘istondagi "Chimkent" ijodiy uyushmasi raisasi Erkinoy Sultonova va boshqalar festivalga kelishgan. 

                     Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

09-05-2019 |
Foto galereya