14 aprel kuni Qarshi shahridagi amfiteatrda viloyat sektor rahbarlarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ochiq havoda o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda jamoatchilik va OAV vakillari ham ishtirok etishdi.

Ilk murojaatni birinchi sektor rahbari - viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshlab berdi. Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, 2020 yilda tijorat banklari tomonidan ijtimoy dasturlar doirasida ajratilgan tayyor kredit resurslaridan 15,3 mlrd. so‘m ayrim masʼullarning eʼtiborsizligi sabab o‘zlashtirilmasdan qolganligi taʼkidlandi.

Yuridik maqomdagi yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish topshirig‘i Shahrisabz shahrida 44 foizga, Dehqonobodda 44 foizga, Shahrisabzda 51 foizga, Qarshida 58 foizga, Muborakda 59 foizga bajarilganligi, birinchi sektor bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Shahrisabz shahri (49 foiz), Dehqonobod (60 foiz), Mirishkor va Muborak (61 foiz), Qarshi (62 foiz), Shahrisabz (66 foiz) tumanlari ekanligi qayd etildi.

Viloyat rahbari murojaatnomasida dastlab yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa, murojaatnomaning ikki qismida viloyatda tadbirkorlik sohasida 2021 yilda belgilangan ko‘rsatkichlarni 30 foizga oshirish qanday amalga oshirilishi bo‘yicha rejalarni tahlil qildi.

2021 yil yakuniga qadar 83 ming ishsiz aholini bandligini taʼminlash bo‘yicha yangilangan reja belgilandi. Bugungi kunda viloyatda vaqtincha faoliyat ko‘rsatmasdan kelayotgan 4 386 ta korxona hududlar, sektorlar va mahallalar kesimida nomma-nom o‘rganib chiqiladi. 26 ta kichik sanoat zonasi tashkil qilinadi (shundan, 15 tasi yoshlar kichik sanoat zonasi). Qishloq xo‘jaligi sohasida qiymati 504 mlrd. so‘mlik 32 633 ta loyiha amalga oshiriladi. Xizmat ko‘rsatish sohalariga mo‘ljallangan 1650 ta yengil konstruksiyali nuqtalar tashkil etiladi. "Ayollar daftari" yoki "Yoshlar daftar"iga kiritilganlarni bandligini taʼminlash eng ustuvor masala sifatida qaraladi.

Sektor rahbarlarining murojaatlaridan so‘ng, tadbirkorlarning muammolari ham tinglandi.

500 ga yaqin tadbirkor ishtirok etgan muloqotlarda 36 nafar tadbirkorlar faoliyati rivojlanishida muammolarga duch kelayotgani yuzasidan viloyat sektor rahbarlariga murojaat qildi. 17 nafar tadbirkorning muammosiga joyida yechim topilgan bo‘lsa 11 tasi ijroga yo‘naltirildi. 8 ta murojaat bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish olib borilishiga kelishildi.

15-04-2021 |
Foto galereya