Sessiyada joriy yilning 7-13 sentabr kunlari Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatida qonunlarni amaliyotga tatbiq etish, hududni rivojlantirishga qaratilgan qarorlar va dasturlar ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish natijasida aniqlangan yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov o‘rganish bo‘yicha quyidagilar haqida axborot berdi.
 
Viloyatda 2021-yil 1-yarim yili davomida yalpi hududiy mahsulot hajmi 19,3 trln. so‘mni, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 107,7 foizni tashkil etgan;
 
Viloyat bo‘yicha 8 trln. 973 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan, 5 trln. 930 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan, chakana savdo aylanmasi 6 trln. 763 mlrd. so‘mni tashkil etgan;
 
Mahalliy byudjet daromadlari prognoz rejasi (1 trln. 39 mlrd. so‘m) amalda 125 foizga (1 trln. 297 mlrd. so‘m) bajarilganligi natijasida byudjetga 258 mlrd. so‘m qo‘shimcha manbalar shakllantirilgan;
 
Pandemiya sharoitida moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun ro‘yxatga olingan 69298 ta muhtoj oilaga 141 mlrd. so‘mlik ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan, 72,4 ming nafar ishsiz fuqaro doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlangan;
 
Pandemiya davrida 26 mingta korxonaning jami 366,0 mlrd. so‘m miqdoridagi soliq imtiyozlaridan foydalangan;
 
Davlat mulkini ijaraga olgan 529 ta tadbirkorlik sub’yekti uchun ijara to‘lovlarini hisoblash to‘xtatilgan hamda tadbirkorlik sub’yektlarining 5786 ta kredit shartnomasi bo‘yicha 576 mlrd. so‘mlik to‘lovlarning muddati uzaytirilgan;
 
Mahalliylashtirish dasturiga asosan 28 ta loyiha doirasida 40,7 mlrd. so‘mdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilib, qo‘shimcha yangi 325 ta ish o‘rni yaratilgan;
 
Joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan oyida qariyib 22,4 mingta jismoniy va yuridik shaxslarga 593,4 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan;
 
“Obod qishloq va Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatda ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 343,6 km quvurlar yotqizilib, 3 dona skvajina, 4 dona rezervuar, 1 dona nasos stansiyasini va 2 ta suv inshootida to‘liq qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, Dehqonobod tumani aholisi ichimlik suvi ta’minoti yaxshilash maqsadida 2018 yilda boshlangan 281,5 mlrd. so‘m qiymatidagi  “Oqsuv-Dehqonobod” loyihasi doirasida 78,8 km uzunlikdagi magistral suv quvurlari tortilib, 2 ta  suv saqlash hovuzi hamda 1 sutkada 10 800 m3 suv yig‘ish inshooti qurilib foydalanishga topshirilgan;
 
O‘tgan davr mobaynida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, qayta qurish, mukammal va joriy ta’mirlash hamda saqlash ishlari, shuningdek, “Obod qishloq va Obod mahalla” dasturlari va ichki xo‘jalik yo‘llari dasturlari doirasida 772,6 km avtomobil yo‘llari ta’mirlangan,  ichki xo‘jalik yo‘llaridagi avariya holatidagi 24 dona ko‘priklar zamonaviy talablar asosida qurilib, foydalanishga topshirilgan.
 
 
Shuningdek, xalq ta’limi sohani rivojlantirish borasida 781 ta maktablarda 520,1 mlrd. so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilayotganligi va 37 ta loy paxsa hamda aholi uyida joylashgan maktab filiallari o‘rniga yangi zamonaviy binolar qurib bitkazilish hamda 2021-yil yakunida bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 46,3 foizdan 58 foizga yetkazish maqsadida 9 ta davlat, 12 ta xususiy, 2 ta davlat-xususiy sherikchilik, 590 ta oilaviy, jami 613 ta maktabgacha ta’lim tashkil etilib, ularga 18 278 nafar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrab olinishi va yana bir qancha sohalar bo‘yicha ham o‘rganish natijalari haqida ma’lumot berildi.
 
13-09-2021 |
Foto galereya