Tadbirkor, fermer va hunarmandlar о‘rtasida Prezident sovrini uchun о‘tkazilayotgan "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovining ilk - shahar va tuman bosqichi  о‘z nihoyasiga yetdi.

Ma’lumki, bu о‘ziga xos bellashuv yurtimizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, muayyan davrda faoliyatida mahsuldorlik kо‘rsatgan xususiy sektor vakillarini munosib rag‘batlantirish, ular orasida ilg‘or tajribalarni yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etib kelinmoqda. Hududiy bosqichlarda qatnashgan g‘oliblikka da’vogarlar ishi ham shu maqsaddan kelib chiquvchi qator mezonlar asosida baholandi.

Ishtirokchilar orasidan asosiy besh yо‘nalish bо‘yicha g‘oliblar, qо‘shimcha nominatsiyalar sovrindorlari aniqlandi. Yuqori о‘rinlar sohiblariga kо‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga yо‘llanmalar berildi.

G‘uzor tumani bosqichi ham qiziqarli о‘tganini ta’kidlash о‘rinli. Tanlovda ishtirok etganlarning aksariyatini hunarmandlar tashkil qildi. Tadbirda о‘z mahsulotlari kо‘rgazmasi bilan hozir bо‘lgan sanoat tarmog‘i, xizmat kо‘rsatish sohasi va fermerlik harakati vakillari salmog‘i nisbatan kam ekani ham e’tibordan chetda qolmadi.

Tuman bosqichida sanoat sohasida "Yilning eng yaxshi tadbirkori" yо‘nalishida birinchi о‘rin eshik-rom singari qurilish materiali ishlab chiqaruvchi "Global bazis" xususiy korxonasi rahbari Tо‘lqin Norsaidovga nasib etdi. Bugungi kunda tikuv mashinalarini ta’mirlash, о‘rnatish xizmati taklif etayotgan, shu bilan birga, maxsus ish kiyimlari tikish bilan shug‘ullanayotgan "King graw" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Husan Turdiyev xizmat kо‘rsatish jabhasida "Yilning eng yaxshi tadbirkori" deb topildi.

"Okean white bird" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ruslan Qudratov bultur "Yoshlar - kelajagimiz"  Davlat dasturi doirasida tijorat bankidan imtiyozli kredit olib, о‘z biznesini yо‘lga qо‘ygandi. U mazkur moliyaviy kо‘makdan samarali foydalanib, hudud qurilish sanoatida yangilik hisoblangan travertin mahsuloti ishlab chiqarishni tashkil etgandi. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshishi natijasida Ruslan о‘zi tengi bir qancha yoshni ham ish bilan ta’minlay oldi. Bugun ichki bozorga xaridorgir mahsulot yetkazib bermoqda.Tanlovda yosh ishbilarmonning yutuqlari ham alohida e’tirof etilmasdan qolmadi. "Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori" yо‘nalishida g‘oliblikka loyiq kо‘rildi.

"Yilning eng yaxshi fermeri" yо‘nalishida tumandagi dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan "Burxon" fermer xо‘jaligi rahbari Burxon Qorayev g‘olib bо‘ldi.

- Fermer sifatida uzoq yillik tajribaga ega bо‘lsam-da, "Tashabbus" kо‘rik-tanlovida birinchi marta omadimni sinab kо‘rdim, - deydi shu yо‘nalishdagi boshqa bir ishtirokchi "Jamila-Jasmina" fermer xо‘jaligi rahbari Zubayda Jо‘rayeva. - Yakunda ikkinchi о‘rin berishdi. Har holda ilk urinishdagi natijam yomon emas, undan qoniqdim. Faoliyatimiz kо‘p tarmoqli, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirayapmiz. Yaqinda 4 gektar maydonda bog‘ barpo etib, bodom, о‘rik, shaftoli nihollarini ekdik. Naslchilik bilan ham shug‘ullanamiz. Asalari oilasi va jо‘ja kо‘paytiramiz. Bu esa bizga shu yildan boshlab ta’minotchi bо‘lish imkonini berdi. Oilaviy tadbirkorlikni yо‘lga qо‘yish yoki rivojlantirish uchun bankdan imtiyozli kredit olayotgan fuqarolarni mahsulot bilan ta’minlayapmiz. Shu paytgacha о‘z ishini yо‘lga qо‘ymoqchi bо‘lgan xonadon sohiblariga 150 asalari oilasi va 2 ming bosh mahalliy zotga mansub jо‘ja tarqatdik. Hali rejalarimiz kо‘p, shu bilan cheklanib qolmaymiz.

Yuqorida aytganimizdek, tanlovning G‘uzor tumani bosqichida hunarmandlarning kо‘pligi ushbu yо‘nalishda g‘olibni aniqlashda hakamlar ishini biroz qiyinlashtirdi. Ularning yakdil xulosasiga kо‘ra, zargarlikni san’at darajasiga yetkazgan, о‘z ishida milliy an’analarni davom ettirib kelayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Sharifjon Raupov kо‘rik-tanlovning keyingi bosqichida "Yilning eng yaxshi hunarmandi" yо‘nalishida tumani sharafini himoya qiladigan bо‘ldi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning maxsus diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ma’lumot о‘rnida eslatish joiz, "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovining viloyat bosqichi shu yil 7 iyun sanasida bо‘lib о‘tadi.

M.JО‘RAYEV

Suratlarda: kо‘rik-tanlovning G‘uzor tumani bosqichidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

17-05-2019 |
Foto galereya