“Yangi O‘zbekiston”ni barpo etishning barcha sohalardagi zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy asoslari... So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyili ilgari surilgan holda aholining farovonligini yuksaltirish,  turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan yangilanish va ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
 
Birgina “Obod qishloq” va Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlarda muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini qurishga e’tibor qaratilyapti. Qurilish sohasining asosiy tarmog‘i bo‘lgan yo‘lsozlikda ham keng ko‘lamdagi ishlar barajilmoqda.
 
Yo‘llar - manzillarni bog‘laydi. Yo‘lovchida xushkayfiyat uyg‘otsa dillarni chog‘laydi. Keng va ravon yo‘llar fursatni qisqartiradi, vaqtni tejaydi. Yon-atrofdagi obodonlashtirish ishlari, xizmat ko‘rsatish sohasining sifati esa yo‘lovchi, haydovchilar uchun mamnuniyat bag‘ishlaydi. Yo‘l infratuzilmasini xalqaro standartlarga mos bo‘lishi, avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash orqali yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash ishi doimiy e’tiborga olingan bo‘lib, Qashqadaryoda joriy yilning birinchi yarim yilida amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalar bilan tanishish maqsadida viloyat hokimi Murotjon Azimov mas’ul rahbarlarning hisobot taqdimotini tingladi.
 
 
Unda ishtirok etgan mutasaddilarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil viloyatda belgilangan barcha davlat dasturlari asosida 578,9 mlrd. so‘mlik yo‘l qurilish ishlari amalga oshirilgan. Rejaga ko‘ra 757,5 km yo‘llar ta’mirlanishi, 17 ta ko‘prikning qayta qurilishi belgilangan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 212,2 km yo‘llar ta’mirlangan va 2 ta ko‘prikda qurilish ishlari to‘liq yakunlandi va 226,1 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshirilgan.
 
Jumladan, investitsiya dasturlari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning taraqqiyot jamg‘armalari hisobidan ham viloyat hududidan o‘tgan umumfoydalanuvdagi xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash, qarov va saqlash ishlariga ham katta e’tibor qaratilgan.
 
 
Bu borada olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlariga misollar keltiradigan bo‘lsak, quyidagilarni alohida keltirib o‘tish mumkin:
 
- investitsiya dasturi (PQ-98 qaror) asosida  yildan-yilga o‘tuvchi 4 ta ob’yektda qayta qurish ishlarini amalga oshirish uchun 85,0 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan va yil yakuniga qadar 19 km avtomobil yo‘llari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 37,2 mlrd. so‘mlik ishlar bajarilgan,
 
- xalqaro moliya institutlari Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va Quvayt Arab taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 4R87 “Gʻuzor-Chim-Ko‘kdala” avtomobil yo‘lining 38 - 73 kmlarini qayta qurishga 115,0 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, buning natijasi o‘laroq yil yakunida 35 km avtomobil yo‘li foydalanishga topshirilishi belgilangan. Bu borada esa birinchi yarim yillik hisob-kitoblariga ko‘ra 48,6 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshirilgan,
 
- to‘la ta’mirlash dasturi asosida yildan-yilga o‘tuvchi 4 ta ob’yektda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 12,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan, yil yakunida 6 km uzunlikdagi yo‘l qurilish ishlari yakuniga yetkaziladi,
 
- umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash, qishki qarov va saqlash ishlari bo‘yicha ham hozirda 139 kmdan ortiq yo‘llarning holati yaxshilanib, o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirildi va bularga 87,8 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan.
 
Mazkur taqdimotda ishtirok etgan viloyat rahbari yuqoridagi ma’lumotlarni tinglar ekan mas’ullarga yuzlanib:
 
- Har bir qilayotgan ishimizni odamlarimiz o‘z hayoti va yurgan yo‘llarida sezishi hamda his etishi lozim, – deydi viloyat hokimi Murotjon Azimov. – Shaharsozlikda eng muhim masala - qurilishning sifati, qulayligi va hamyonbopligidir. Aholiga yillar davomida xizmat qiladigan bu  ishlarga bugun alohida e’tibor va mas’ullik bilan yondashuv qilishimiz nihoyatda zarur.
 
 
Yana bir jihat,  yo‘lsozlikda nafaqat uni qurish va ta’mirlash, balki yo‘l o‘tgan manzillarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada esa yurtimizda davlat rahbarining bevosita tashabbusi va boshchiligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda “Yashil yillik” umummilliy tadbirlarining tashkillashtirilayotgani  barchaga birdek ulkan tajriba va amaliyot bo‘lib xizmat qilmoqda.
 
Ayni shu masalalarni o‘zida mujassam etgan holda xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llarning chetlarida daraxtzorlarni tashkil etish va avtomobil yo‘llari mintaqasini ko‘kalamzorlashtirish hamda obodonlashtirish bo‘yicha ham viloyatda 10,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, bugungi kunga qadar 89 ming dona ko‘chat ekildi va 8,4 mlrd. so‘mlik ishlar bajarilgan.
 
Joriy yilning 7-aprelida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida inson qadriga qaratilgan masalalar ijrosi ko‘rib chiqilgani holda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va ichki yo‘llarni yaxshilash, xususan 2022-yilda Qashqadaryo viloyatida 190 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni barpo etish vazifasi belgilangan.
 
Mazkur videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil ichki xo‘jalik yo‘llari holatini yaxshilash bo‘yicha 145,7 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 386,2 km yo‘llar ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.
 
Xususan, “Obod qishloq” va Obod mahalla” dasturlari doirasida 378,7 km (70 km beton yo‘l qurish, 97,2 km asfaltobeton yotqizish va 211,5 km shag‘al qoplama yotqizish) ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash ishlari uchun 139,6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi hisobiga hozirgi kunda barcha ob’yektlarning loyiha-smetalari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan holda tender savdolari orqali pudratchilar aniqlangan. Shuningdek, dastur bo‘yicha 72,2 km (1,2 km beton yo‘l, 16,6 km asfaltobeton yotqizish va 54,4 km shag‘al qoplama yotqizish) ichki yo‘llar ta’mirlanib, 19,2 mlrd. so‘mlik ishlar bajarilgan. Undan tashqari, joriy yilda 17 dona (15 dona umumfoydalanuv yo‘llarida va 2 dona ichki xo‘jalik yo‘llarida) ko‘priklarni to‘la ta’mirlash va qayta qurish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 60,6 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
 
 
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-22 aprel kunlari Qashqadaryoga tashrifi davomida ham avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlashga oid bergan topshriqlarining ijrosi bo‘yicha viloyatga yo‘l ishlari uchun qo‘shimcha 350,2 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, shundan respublika byudjetidan 85,0 mlrd. so‘m, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan esa 265,2 mlrd. so‘m ajratilib, ushbu mablag‘lar doirasida 56 ta yo‘l ob’yektida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish ko‘zda tutilgan.
 
Jumladan:
 
“Umumiy foydalanishdagi yo‘llarni qurish va ta’mirlash direksiyasi” buyurtmachiligida 17 ta ob’yekt – (bugungi kunda 1 bosqich bo‘yicha 6 ta ko‘priklarda qurilish ishlari boshlangan va loyiha ishlari paralel ravishda amalga oshirilmoqda);
 
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining viloyat bosh boshqarmasi buyurtmachiligida 13 ta ob’yekt – (bugungi kunda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda);
 
“Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK buyurtmachiligida 2 ta ob’yekt (hozirda ishlar to‘liq yakunlanib foydalanishga topshirilgan);
 
Viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida 23 ta ob’yekt - (ichki yo‘llarga sementobeton qoplamali yo‘llar qurilishi belgilangan);
 
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ buyurtmachiligida 1 ta ob’yekt (Qarshi shahar Mustaqillik ko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgichni qayta qurish).
 
Ma’lumot uchun, bugungi kunda viloyatda jami 22035 km avtomobil yo‘llari tarmog‘i mavjud bo‘lib, shundan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari– 3487 kmni (437 km xalqaro, 926 km davlat va 2124 km mahalliy ahamiyatdagi), ichki xo‘jalik yo‘llari, shaharlar va qishloq aholi punktlari ko‘chalari – 18548 kmni tashkil etadi. Shuningdek, yo‘llarning ajralmas qismi bo‘lgan ko‘priklar viloyatda 1432 tani tashkil etib, 612 ta umumfoydalanuv avtomobil yo‘llarida, 573 tasi ichki xo‘jalik yo‘llarida joylashgan va suv xo‘jaligi boshqarmasiga qarashlisi esa 247 tadan iborat.
 
 
                                                                                                                                                                        Viloyat hokimligi Axborot xizmati
12-07-2022 |
Foto galereya