Toshkent shahrida 3-4 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishi doirasida Hududlar rahbarlari ishtirokida forum bo‘lib o‘tmoqda.
 
Forum doirasida "SHHT mamlakatlari hududlari o‘rtasida turizmni rivojlantirish" mavzusida chiqish qilgan viloyat hokimi Murotjon Azimov hududlar rahbarlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazdi. 
 
Ilk uchrashuv Rossiya Federatsiyasining Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Viktorovich bilan bo‘ldi. Uchrashuvda viloyatimiz agrar sohada ham katta salohiyat va imkoniyatga egaligi ochiqlanib, uni amalga oshirilayotgan eksport natijalaridan ham ko‘rish mumkinligi ta’kidlandi.
 
- Viloyatimiz imkoniyatlaridan kelib chiqib, barcha sohalarda hamkorlik qilishga tayyormiz, - dedi Murotjon Azimov. - Agrar sohada, shuningdek, universitetlar o‘rtasida hamkorlik, iqtisodiyot yo‘nalishida ikki tomon biznes doirasi vakillarini o‘zaro yaqinlashtirish va doimiy muloqot maydonini yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish maqsadida qayta ishlovchi korxonalarni tashkil etish borasidagi kelishuvlarimiz o‘z samarasini berishiga ishonaman.
 
Voronej tomoni ham o‘zining agrar va sanoat sohasidagi salohiyatini e’tirof etib, ikki tomonlama hamkorlikda ishlashga tayyorligi va bu tomonlar uchun manfaatli qaror ekanini bildirdi.
 
Xuddi shu kabi, Samara viloyati delegatsiyasi bilan muloqotda ham har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish, tovar va oziq-ovqat mahsulotlar import-eksportida samarali kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida muzokaralar olib borildi.
 
Ma’lumot o‘rnida, 2021-yilning o‘zida viloyatimiz 75 ming tonna meva-sabzavot eksport qilgan. Ayniqsa, joriy yildan brokkoli karam yetishtirish 3 barobarga (10 000 tonna) oshdi.
04-08-2022 | Ijtimoiy | 573
Foto galereya