(namuna)

Qamashi tumanidagi 61-sonli umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi Musurmonov Asilbekning otasi Musurmonov Bahromga

Hurmatli Bahrom aka!

Ota-ona uchun farzandining kamolini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. O‘g‘lingiz Asilbek ham o‘rta maktabni tugallab, ezgu orzu umidlar bilan katta hayot ostonasida turibdi.

Biz ota-onalarning baxtimiz shundaki, o‘z yoshlarini mamlakatni rivojlantiruvchi kuch sifatida ardoqlaydigan Vatanda yashamoqdamiz. Mamlakatimizda yoshlarning taʼlim-tarbiyasi, kasb-hunar va ilm egallashi, qiziqishlarini ruyobga chiqarishi, bandligini taʼminlash masalalari, umuman ularning jismoniy va maʼnaviy kamolga yetishishlariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishlarida albatta, yoshlar masalasiga alohida to‘xtaladilar. Shu sababli ham bugungi kunda mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmu shijoatli yoshlarimizning o‘rni va taʼsiri tobora ortib bormoqda.

Bahrom aka, ishonamanki, aziz farzandingiz Asilbek ham o‘zining ezgu orzu-maqsadlariga erishib, jamiyatda munosib o‘rin egallaydi. Bu yo‘lda uni qo‘llab-quvvatlash eng muhim vazifadir.

Negaki, tahlillarga ko‘ra aksariyat jinoyat va huquqbuzarliklar o‘z ish o‘rniga ega bo‘lmagan, hayotda o‘rnini topolmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Yosh avlodning qalbi va ongini egallashga , ularni zaharlashga qaratilgan maʼnaviy tahdidlar tobora avj olib bormoqda.

Ana shunday murakkab vaziyatda Siz bilan birgalikdagi asosiy vazifamiz farzandlarimizni yot taʼsirlardan asrash, oilasi va Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalashdir. Zero, ertangi kunimizning  yorug‘ va farovonligi bugun farzandlarimizning qanday inson bo‘lib kamolga yetishishlariga bevosita  bog‘liqdir.

O‘zingiz yaxshi bilasiz, yangi hayot ostonasida turgan har bir yigit-qizda o‘qisam yoki ishlasam, oilamga , elu yurtimga nafim tegsa, degan niyat bo‘ladi. Men ham shu hudud rahbari sifatida farzandingiz bandligini taʼminlashni o‘z zimmamga olaman. Har bir xonadon kesimida yuritiladigan “Yoshlar daftari”ga kiritgan holda uning bandligini taʼminlashni o‘z nazoratimga olaman. Bu borada viloyatimizda aniq mexanizm ishlab chiqilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich har bir yoshning bandligini taʼminlashga erishish uchun asoslarimiz yetarli.

Jumladan, imtiyozli kreditlar bilan taʼminlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, dastlabki ish boshlayotganlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bor imkoniyatlarimizni safarbar etaman.

Shunday ekan, keling, farzandimizning qiziqishi va istagiga qarab professional taʼlim muassasalarida talab yuqori bo‘lgan kasb va mutaxassisliklariga ega bo‘lishi uchun birgalikda harakat qilaylik.

Agar o‘g‘lingiz xorijiy mamlakatda ishlash niyatida bo‘lsa, davlatimiz tomonidan Mudofaa vazirligi tizimida yo‘lga qo‘yilgan yangi tartib asosida qisqa muddatli kasb-hunar va til o‘rgatish maxsus kurslarida o‘qishi mumkin. Davlatimiz bilan shartnoma tuzgan, ishonchli chet el kompaniyalariga maxsus tayyorlovdan o‘tgan, til va kasb o‘rgangan o‘g‘il-qizlarimiz markazlashgan holda yuborilsa, albatta, o‘z mehnatiga munosib haq olishi hamda haq-huquqlari himoya qilinishi ham kafolatlanadi. Aslo, ayrim firibgarlarning aldoviga uchib, noqonuniy yo‘llar bilan xorijga ishlashga ketishiga yo‘l qo‘ymang!

 Bahrom aka, Davlatimiz rahbari Mustaqilligimizning yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan tabrik so‘zida “Milliy mustaqilligimizning bosh maqsadi yurtimizdagi har bir insonning izzat-hurmati va qadr-qimmatini joyiga qo‘yishdan iboratdir”, deb alohida taʼkidlab o‘tdilar. Men ishonaman, farzandingizni bilim olishi, kasb-hunarga o‘rganishi, ishga joylashishi, uy-joy bilan taʼminlash hamda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi borasida birgalikda harakat qilib, bamaslahat ish olib borsak, uning fikriga quloq solsak, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlasak, albatta, ertaga o‘z samarasini beradi. Sizu bizning bu saʼy-harakatlarimiz farzandimizning jamiyatga naf keltiradigan inson bo‘lib yetishishi, raqobatbardosh bo‘lib ulg‘ayishi, hayotda o‘z o‘rnini mustahkam egallashiga zamin yaratadi.

          Hurmat bilan, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev

15-09-2020 |
Foto galereya