Viloyat hokimligi va viloyat Xalq qabulxonasi hamkorligida о‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul Qamashi tumani aholisini qamrab oldi.

Viloyat tashkilotlari, tuman hokimligi mutasaddilari, sektorlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari jalb qilingan tadbirda 300 nafardan ziyod fuqaro turli ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega masalalar va shaxsiy muammolari bо‘yicha murojaat qildi. Ishga joylashish, ichimlik suvi ta’minoti, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida imtiyozli kredit olish, uy-joy, moddiy yordam kabi masalalarga oid 185 murojaatning 54 tasi joyida hal qilinib, 8 tasi bо‘yicha tegishli tushuntirish berildi, 122 ta masala о‘rganish va ijroga yо‘naltirildi.

Xususan, Katta arab qishlog‘ida yashovchi Saydulla Avazov kо‘prikni ta’mirlashda, Paxtaobod mahallasilik Sattor Mallayev yо‘l va 59-maktabga sport zal qurib berish masalasida murojaat qildi. Ravotlik Qо‘zi Muqimovning qabristonga boradigan yо‘lni ta’mirlash bо‘yicha murojaati 2020 yilda "Obod qishloq" dasturi asosida hal etilishi aytildi.  Boybо‘rilik о‘quvchilar esa Tо‘qboydagi maktabga qatnab о‘qishdan qiynalayotir. Yо‘l uzoq, yog‘in-sochinli kunlarda narigi qishloqqa borib kelish bir mashaqqat. Shunga asosan endi Boybо‘rining о‘zida ham maktab quriladigan bо‘ldi.

Gulobod qishlog‘ida yashovchi Dо‘stmamat bobo Uzoqov ham yо‘l masalasida mutasaddilardan javob istaganlardan. Gap shundaki, mahalladagi umumfoydalanishda bо‘lgan, Toshkent-Termiz yо‘nalishiga olib chiqadigan    3 kilometr yо‘l ancha yillardan buyon abgor holatda, yо‘lovchi va haydovchilar uchun turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Bunga javoban ana shu 3 kilometrlik yо‘l tez orada ta’mirlanishi ma’lum qilindi.

- Qishloqdagi 200 dan ziyod bola о‘qish uchun 8 kilometr uzoqlikdagi maktabga qatnashiga tо‘g‘ri kelayapti, - deydi Mehr mahallasida istiqomat qiluvchi Hasan Nurimov. - Qabul payti rahbarlarga shu masalani aytdim. Xalq ta’limi boshqarmasidan loyiha qilib, filial qurishda yordam beramiz, deyishdi. Bu ish amalga oshsa, vaqti tejaladigan bolalarga ham, xavotiri kamayadigan ota-onalarga ham ancha qulaylik bо‘lardi.

Qabul davomida, shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tuman kо‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy kо‘rik о‘tkazildi. 180 dan ziyod fuqaro qatnashgan kо‘rikda 14 kishiga statsionar davolanish uchun yо‘llanma, ayrimlariga ambulatoriya sharoitida sog‘lig‘ini tiklash bо‘yicha tavsiyalar, nogironligi bо‘lgan va sog‘ligini yо‘qotgan bir guruh kishilarga nogironlik aravachasi, tayanch vositalari berildi.

Shu kuni mehnat yarmarkasi ham tashkil etilib, unda 82  tashkilot, korxona va muassasa 413 ta bо‘sh ish о‘rni bilan qatnashdi. Kо‘pchilik ishga joylashish uchun yо‘llanmalarga, ayrimlar muqim ish о‘rniga ega bо‘ldi.

Uchrashuv doirasida Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi va adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan aholiga huquqiy maslahatlar ham berildi.

N.XО‘JAYEV

Suratda: tadbirdan lavha.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz  ma’lumotlari asosida

14-05-2019 |
Foto galereya