Turizm sohasi har qanday mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli ulush qо‘shishi xalqaro miqyosda e’tirof etiladi. Ana shu omil e’tiborga olinib, mamlakatimizning turizm salohiyatini yuksaltirish, uni mamlakat iqtisodiyotining lokomotivi sifatida taraqqiy ettirish, turistlar oqimini kо‘paytirish, ularga qulay sharoitlar yaratish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida kо‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada davlat rahbarining 2019 yil 5 yanvardagi "О‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi farmoni, "Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi, shu yil 6 martdagi "Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarorlari ahamiyatli ekanini aytish joiz.

Prezident farmoni asosida 2019-2025 yillarda О‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Uning ijrosi orqali О‘zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 4,8 milliondan 9 milliongacha, turizm xizmatlari eksportini 951 million AQSH dollaridan 2,2 milliard AQSH dollarigacha, mehmonxonalar va shu kabi joylashtirish vositalari sonini 910 tadan 2994 taga, turoperatorlar sonini 957 nafardan 1676 nafarga oshirish belgilangan.

Qayd etish lozim, ushbu konsepsiya ijrosi bо‘yicha 2019 yilga mо‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, 45 mamlakat fuqarolari uchun О‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi, fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bо‘lgan mamlakatlar rо‘yxati 76 taga yetdi. О‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qо‘shimcha, xususan, "Vatandosh", "Student visa", "Academic visa", "Medical visa", "Piligrim visa" kabi kirish vizalari toifalari joriy etildi.

109 ta xorijiy mamlakat fuqarolariga О‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish huquqi taqdim etilishi belgilandi. Ushbu huquq hududiyligiga kо‘ra 100 ming AQSH dollaridan 400 ming AQSH dollarigacha ekvivalentidan kam bо‘lmagan miqdordagi kо‘chmas mulk sotib olingan taqdirda berilishi kо‘rsatib о‘tildi.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi qarori ham muhim о‘zgarishlarni kо‘zda tutadi. Xususan, 2019-2021 yillarda О‘zbekiston Respublikasida mehmonxonalar qurishning maqsadli parametrlarida har bir ma’muriy-hududiy birlik bо‘yicha aniq miqdori va foydalanishga topshirish muddati belgilangan mehmonxonalar soni kо‘rsatib о‘tilgan, ya’ni ayni paytda respublikada mavjud 886 ta mehmonxona sonini 2394 taga yetkazish maqsad qilindi.

Shuningdek, mehmonxonalar tashkil etish bо‘yicha har bir ma’muriy-hududiy birlikdagi investitsiya loyihalarining tashabbuskorlari, loyiha qiymati, moliyalashtirish manbasi, amalga oshirish muddati aniq kо‘rsatib о‘tilgan. Qolaversa, qaror bilan respublika miqyosidagi zamonaviy axborot texnologiyalari tatbiq etiladigan madaniyat obyektlari va muassasalari rо‘yxati ham tasdiqlandi.

"Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarorga muvofiq esa Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarining xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari, shuningdek, Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh   boshqarmasi tashkil etildi. 2019 yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxs tashkil etmagan holda О‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzurida Xavfsiz turizmni ta’minlash jamg‘armasi tuzildi.

Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda ham bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat hokimining 2019 yil 20 apreldagi qarori bilan xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bо‘yicha idoralararo ishchi guruh hamda nizom tasdiqlandi.

Ishchi guruh a’zolari tegishli komissiya tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning viloyat bо‘yicha hududiy vakillari, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hududiy bо‘linmalari rahbarlaridan iborat bо‘lib, manfaatdor organ, idora va tashkilotlarning о‘zaro hamkorligini ta’minlash maqsadida doimiy faoliyat kо‘rsatuvchi maslahat-kengash tuzilmasi sifatida faoliyat kо‘rsatadi.

Viloyatda turizm industriyasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida sohani ma’muriy-huquqiy tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, turistlar xavfsizligini ta’minlash choralarini kompleks о‘rganish, bu borada mavjud muammo va kamchiliklarni о‘z vaqtida bartaraf etish hamda mazkur yо‘nalishlardagi faoliyatni muvofiqlashtirish, "Xavfsiz shahar" yagona apparat-dasturiy kompleksini joriy qilish bо‘yicha chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish ishchi guruhning asosiy vazifalari sanaladi.

Ishchi organ tomonidan har yarim yil yakunida ish rejasining tegishli bandlari ijrosi bо‘yicha ma’lumotnoma tayyorlanib, Xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bо‘yicha komissiyaga taqdim etib boriladi.

О‘rganish va tahlillarga kо‘ra, turist xavfsiz yoki muqaddam о‘zida ijobiy taassurotlar qoldirgan mamlakatda dam olishni istaydi hamda u mehmon bо‘lib kelgan davlatda unga nisbatan sodir etilgan nafaqat har qanday jinoyat va huquqbuzarlik, hatto sayohati davomida qilingan qо‘pol,   nosamimiy munosabat va aldovlar ham uning ushbu manzilga turist sifatida qayta kelish istagini yо‘qotadi. Qonunchilikdagi о‘zgarishlar va amaliy chora-tadbirlar bu kabi salbiy holatlarning oldini olishga va mamlakatimizning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot о‘rnida aytish joiz, joriy yilning о‘tgan davrida viloyatimizga 59 ta xorijiy mamlakatdan        2 ming 936 nafar turist keldi. Shu bilan birga, 150 ming nafardan ziyod mahalliy sayyoh turli maqsadlarda vohada bо‘lgan. Rasmiy delegatsiyalar va diplomatik korpus vakillarining xavfsizligi viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan ta’minlanib, xorijiy turistlarga nisbatan yoki ular tomonidan jinoyat sodir etilishiga yо‘l qо‘yilmadi.

Tashrif obyektlarida xizmat olib borayotgan xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga turli masalalarda yordam sо‘rab murojaat qilgan 715 nafar xorijlik turistlarning barchasiga zarur yordam kо‘rsatilib, yо‘qotilgan buyumlari topib berilgan.

О‘z navbatida boshqarma tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga xavfsizlik choralarini kuchaytirish va turistlarga qо‘shimcha qulayliklar yaratishga oid masalalar bо‘yicha taklif va taqdimnomalar kiritib borilmoqda.

Bobur SHOYMARDANOV,

viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi katta inspektori

C.NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

01-05-2019 |
Foto galereya