Xabaringiz bor, Chiroqchi tumanidagi “Tarag‘ay” qishlog‘i – turizm qishlog‘i maqomini olgan.

“Obod qishloq” davlat dasturi, shuningdek, viloyat hokimining 2022 yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi o‘n kunligida qishloqda “Tarag‘ay bahori” anʼanaviy festivalini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, shu kunlarda hududda qurilish va obodonlashtirish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Hozirda loyiha ishlari boshlangan bo‘lib, loyihaga ko‘ra bir yil davomida o‘ziga xos tarixiy va so‘lim maskan Tarag‘ayda sayyohlar uchun qator qulayliklar yaratiladi. Jumladan, qishloqda zamonaviy stella, selfi zona, sanitariya gigiyena shahobchalari, ekologik chiqindi qutilari o‘rnatiladi. Turizm qishlog‘iga olib boruvchi 15 kilometr yo‘l taʼmirlanib, elektr energiyasi, ichimlik suvi va oqova suv hamda aloqa va axborotlashtirish tizimlari yaxshilanadi. Yangi axborot markazi tashkil qilinadi. Mehmon uylari yaratiladi.

- Shu yilning 20 iyun kuni Tarag‘ay qishlog‘ida bo‘lib, masʼul mutasaddilar bilan bir yil davomida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan barcha ishlarning rejasini tuzib oldik, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Akbar Eshonqulov. - Yaqin kunlarda loyihalar yakunlanib, qurilish va obodonlashtirish ishlariga kirishiladi. “Tarag‘ay” turizm qishlog‘idagi o‘zgarishlar avvalo, hudud aholisini turmush tarzini yaxshilash va albatta tarixiy obidalarga, o‘ziga xos qadriyatlarga boy bo‘lgan hududga sayyohlar oqimini yana-da oshirish maqsadlarini qamrab olgan.

- 2022 yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi o‘n kunligida “Tarag‘ay bahori” festivalini anʼanaviy o‘tkazilishi viloyatimiz turizm va madaniy hayotida juda katta voqea bo‘ladi, albatta, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Azamat Avazov. - Hozirda festivalni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirilib, festival dasturlari tayyorlanmoqda. Festivalga nafaqat viloyatimiz, balki, butun respublikamizdan, shuningdek, xorijlik mehmonlarning ham tashrif buyurishi kutilmoqda. Tadbirga tayyorgarlik ko‘rish ishlari hozirdanoq boshlangan.

22-06-2021 |
Foto galereya