Shahrisabz tumanining tog‘li Xitoy mahallasida О‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan aholining tibbiyot sohasiga oid murojaatlarini о‘rganish va amaliy hal etish bо‘yicha sayyor qabul hamda bepul tibbiy kо‘rik tashkil etildi.

Unda partiya faollari bilan bir qatorda viloyat tibbiyot boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalari shifokor mutaxassislari ishtirok etdi.

Dastlab mahalla ahli tibbiyot tizimiga oid muammolari bо‘yicha murojaat qildi.

- Farzandim Shohruz 5 yildan beri betob, - deydi Xitoy mahallasi Omag‘on qishlog‘ida yashovchi Matluba Sattorova. - Tez-tez davolatib turamiz. Oilaviy sharoitimiz og‘ir, shu bois о‘g‘limni tuman markaziy shifoxonasida davolatish uchun yо‘llanmaga ehtiyojimiz bor. Sayyor qabulda shu masala bо‘yicha murojaat qilgandim. Murojaatim amaliy hal etilib, qisqa vaqt ichida yо‘llanma beriladigan bо‘ldi.

- О‘g‘lim О‘lmas Sa’dullayev hozir 11 yoshda, - deydi Xitoy qishlog‘ilik Nafisa Yorboboyeva. - 1 yoshidan buyon kasallikka chalingan. Doimiy ravishda davolatib kelamiz. Iqtisodiy ahvolimiz og‘ir. Shu bois, farzandimni 1-guruh nogironligiga chiqarish uchun yordam sо‘rab, murojaat etdim. Partiya faollari bu masalaga mas’ul tashkilotlarni jalb etib, uni ijobiy hal etishga yordam berishlarini bildirishdi.

Sayyor qabul davomida mahalla aholisidan shu kabi kо‘plab murojaatlar bо‘ldi. Ayrim   murojaatlarga о‘z joyida yechim topilgan bо‘lsa, ayrimlari bо‘yicha "yо‘l xaritasi" tuzilib, chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shundan sо‘ng, mahallada istiqomat qilayotgan 100 nafarga  yaqin boquvchisini yо‘qotgan, kam ta’minlangan, bolaligidan nogironligi bor aholi bepul tibbiy kо‘rikdan о‘tkazildi.

J.BOYMURODOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

14-05-2019 |
Foto galereya