Joriy yilning 17- va 19-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘tkazilib, unda 18 ta masala, shu jumladan 9 ta qonun ham ko‘rib chiqilgan edi.
Shu boisdan, Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari Qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida yalpi majlisda muhokama etilgan masalalarning mazmun-mohiyatiga qaratilgan videokonferens aloqa shaklida seminar o‘tkazildi.
Seminarda yalpi majlisda ko‘rib chiqilgan:
- “Reklama to‘g‘risida”gi;
- “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi;
- “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi;
- “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi va boshqa Qonunlar yuzasidan qator taklif va savol-javoblar tinglandi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilariga viloyat hokimi o‘rinbosari Bahrom Yusupov tomonidan viloyatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, hududiy loyihalar va eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarning 2022-yil yanvar-mart (1-chorakda) oylaridagi ijrosi hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Ma’lumot uchun, yigirma to‘rtinchi yalpi majlisda senatorlar tomonidan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqilgan.
07-04-2022 |
Foto galereya