Joriy yilning 3-4 may kunlari bо‘lib о‘tgan О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining о‘n tо‘qqizinchi yalpi majlisida islohotlar izchilligini ta’minlash, jamiyat hayotining huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladigan 23 masala, shu jumladan, 8 ta qonun kо‘rib chiqildi.

Xususan, davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan "Davlat-xususiy sheriklik tо‘g‘risida"gi Qonunga binoan davlat-xususiy sheriklik tо‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati 49 yil ekani qayd etilib, bir va ikki bosqichli tender о‘tkazish tartibi belgilandi. Unga muvofiq, umumiy qiymati bir million AQSH dollariga qadar bо‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bо‘yicha bir bosqichli, umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq bо‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bо‘yicha ikki bosqichli tender о‘tkaziladigan bо‘ldi.

Shuningdek, davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini ta’minlashda, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan va qonunda belgilangan boshqa hollarda davlat-xususiy sheriklik tо‘g‘risidagi bitimni davlat sherigining qaroriga muvofiq tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri muzokaralar о‘tkazish asosida tender о‘tkazmasdan tuzish mumkin.

"Qishloq xо‘jaligiga mо‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tо‘g‘risida"gi Qonun bilan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli organlar - Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, "Yergeodezkadastr" qо‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasining asosiy vazifalari belgilab berildi.

Qonun bilan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi va xususiylashtirilgan yer uchastkalarining huquqiy maqomi tartibga solindi. Xususiylashtirilmaydigan yer  uchastkalariga aniqlik kiritildi. Jumladan, foydali qazilmalar konlari joylashgan yer uchastkalari, davlat mulkidagi strategik obyektlar, tabiatni muhofaza qilish,    sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mо‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, о‘rmon va suv fondlarining yerlari, shuningdek, qonunda kо‘rsatilgan boshqa yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi.

Qonunda chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar (norezidentlar), fuqaroligi bо‘lmagan shaxslar, agar Yer kodeksida va xalqaro shartnomalarda boshqacha qoida nazarda tutilgan bо‘lmasa, xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega emasligi kо‘rsatildi. Qonun normalarida yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yо‘naltiriladi. Natsionalizatsiya qilish  faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganida amalga oshiriladi.

Senatorlar ma’qullagan "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish tо‘g‘risida"gi Qonunda energiya sohasidagi ustuvor yо‘nalishlar, Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, ushbu sohadagi mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari belgilandi. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarning huquqlari va majburiyatlari belgilandi.

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat rо‘yxatidan о‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlarini tо‘lashdan ozod etiladigan bо‘ldi. Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan tо‘liq uzib qо‘yilgan yashash uchun mо‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar egaligidagi mol-mulk uchun uch yil jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i tо‘lamasligi qonuniylashtirildi. Ushbu qonun iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga xizmat qiladi.

Yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish maqsadi kо‘zlangan "Yaylovlar tо‘g‘risida"gi Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari hududiy dasturlarni tasdiqlashi va amalga oshirishi, yaylovlarda chorva mollarini о‘tlatish normalari va muddatlarini tasdiqlashi belgilab qо‘yildi. "Yergeodezkadastr" davlat qо‘mitasi, Davlat ekologiya qо‘mitasi, О‘rmon xо‘jaligi davlat qо‘mitasining vazifalari, fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolarning ishtiroki mexanizmi belgilandi.

Yaylovlardan foydalanish tartibi, ya’ni ular yuridik va jismoniy shaxslarga davlat hokimiyati organlarining qaroriga kо‘ra doimiy egalik qilish, ijara va vaqtincha foydalanish uchun berilishi, о‘rmon fondi yerlaridagi yaylovlardan davlat о‘rmon xо‘jaligi organlarining ruxsatnomasi asosida foydalanilishi qayd etildi. Yuridik va jismoniy shaxslar zimmasiga yaylovlarni ifloslantirganlik, ulardan oqilona foydalanmaganlik, ularning tanazzulga uchraganligi natijasida yetkazilgan zararning о‘rnini qoplash yuklanadi.

"О‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda О‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksiga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish haqida"gi Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksga hayvonot yoki о‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni, ov, baliq ovlash mahsulotini, yovvoyi holda о‘suvchi о‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mahsulotini qabul qilganlik uchun jarimalar miqdorini oshirishni, daraxtlar va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yо‘q qilganlik uchun jarimalar miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi о‘zgartishlar kiritildi. Shuningdek, ov qilish va baliq tutish qoidalarini, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bо‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi.

Senat yalpi majlisida "О‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish tо‘g‘risida"gi, "О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish tо‘g‘risida"gi qonunlar ham kо‘rib chiqilib, ma’qullandi. Unga muvofiq, "Davlat bojxona xizmati tо‘g‘risida"gi Qonunga va Byudjet kodeksiga tahririy о‘zgartishlar kiritildi. "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tо‘g‘risida"gi Qonunga pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan oylik ish haqining eng kо‘p miqdorini eng kam oylik ish haqining sakkiz baravaridan о‘n baravarigacha oshirishni nazarda tutuvchi о‘zgartishlar kiritildi. "Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash tо‘g‘risida"gi Qonun ham yangi norma bilan tо‘ldirilib, unga kо‘ra, tibbiy ma’lumotga ega bо‘lmagan shaxslar ham Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat kо‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bо‘yicha maxsus komissiyaning xulosasi asosida xalq tabobatiga asoslangan tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bо‘ldi.

Umuman olganda, Senatning о‘n tо‘qqizinchi yalpi majlisida muhokama qilingan ushbu masalalar mamlakatimiz va xalqimiz hayotida muhim о‘rin tutadi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari

"qashqadaryogz.uz"  ma’lumotlari asosida

 

07-05-2019 |
Foto galereya