Xabaringiz bor, shu kunlarda joylarda Oliy Majlis Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi "Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik kо‘rish va uni о‘tkazish tо‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ushbu hujjatda belgilab qо‘yilganidek, о‘zini о‘zi boshqarish organlariga saylov kelayotgan may oyida о‘tadi. Shunga monand, amaldagi fuqarolar yig‘inlari raislari vakolat muddati ham tugaydi.

Ma’lumotlarga kо‘ra, ushbu saylovda mamlakat bо‘yicha 9019 nafar fuqarolar yig‘ini raisi saylanishi kо‘zda tutilgan bо‘lsa, bu kо‘rsatkich Qashqadaryoda 768 nafarni tashkil etadi. Ushbu vazifaga munosib nomzodlar kо‘rsatilishi esa faqat va faqat yurtimizdagi dunyoda muqobili yо‘q о‘zini о‘zi boshqarish tizimi - mahalla institutining mavqeini oshirishga, fuqarolar yig‘inlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning tо‘laqonli hamda sifatli bajarilishini ta’minlashga xizmat qilishini, mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit sog‘lomligi saylanajak raislarning bilimi, tajribasi, aholi о‘rtasidagi obrо‘yi, boshqaruv qobiliyati kabi shaxsiy jihatlari bilan chambarchas bog‘liq ekanligini unutmaslik joiz.

Shu о‘rinda statistikaga murojaat etsak, 2016 yilda о‘zini о‘zi boshqarish organlarida о‘tgan saylovda viloyatimizdagi fuqarolar yig‘inlari raisligiga saylangan oqsoqollarning 100 nafardan ortig‘i turli sabablar bilan muddatidan oldin о‘z vakolatlarini topshirgani ayon bо‘ladi. Ma’lum ma’noda ana shu raqam ham avvalgi saylovda yо‘l qо‘yilgan munosib nomzodni ilgari surish borasidagi kamchiliklarni kо‘rsatib turibdi.

Bundan tashqari, viloyatdagi mavjud fuqarolar yig‘inlarining faoliyati 2018 yil yakuni bо‘yicha muayyan mezonlar asosida baholanganda atigi 44 tasida ish namunali deya tasniflangan. 130 tasi faoliyati esa qoniqarsiz deb topilgan.  Qolgan 26 foizi "yaxshi", 50 foizi "qoniqarli" bahoga munosib kо‘rilgan.

Demak, bundan ayon bо‘ladiki, bо‘lajak saylovda joylardagi fuqarolar yig‘inlari raisligiga nomzodlar kо‘rsatish masalasiga jiddiy yondashish zarur. Binobarin, о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini ta’minlashda unga raislik qiluvchining salohiyati g‘oyat muhim о‘rin tutadi. Bu haqiqatni ayni damda faoliyat yuritayotgan Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va о‘tkazishga kо‘maklashuvchi viloyat, shaharlar va tumanlar komissiyalari, mavjud mahallalar soniga mos ravishda tuzilgan saylov о‘tkazuvchi ishchi guruhlari mas’ullari teran anglashi kerak. 

Shu nuqtai nazarda joylarda kо‘maklashuvchi komissiyalar, ishchi guruhlari a’zolari, mahallalar faollari ishtirokida 242 marotaba О‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi tо‘g‘risida"gi Qonuni yangi tahriri mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan seminarlar о‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalarida qator chiqishlar qilindi. Natijada joriy saylovda fuqarolar yig‘inlari raisligiga ilgari surilayotgan nomzodlar tarkibida ijobiy о‘zgarishlar kо‘zga tashlanmoqda.

Aniq misollarga murojaat etadigan bо‘lsak, 15 aprel holatida ishchi guruhlari tomonidan о‘tkazilgan kо‘chalar yig‘ilishlarida mahalla raisligiga kо‘rsatilgan 3445 nafar nomzod hujjatlari tо‘planib, tegishli kо‘maklashuvchi komissiyalarga yuborilgan. Ulardan 74,2 foizi mahalla raisligiga nomzodga qо‘yiladigan talablar asosida saralanib, tavsiya etilgan. Nomzodlarning 69,7 foizini oliy ma’lumotlilar tashkil etayotgan bо‘lsa, 28,6 foiz holatda о‘rta maxsus ma’lumotlilar nomzodi ilgari surilgan.  

Shu kunga qadar viloyatda istiqomat qiluvchi 3 million 213 ming nafar aholidan saylov huquqiga  ega va saylov kuniga qadar 18 yoshga tо‘ladigan 2 million 24 ming nafari rо‘yxatga olindi. Ulardan 242 ming 900 nafardan ortig‘i fuqarolar yig‘inlari raislari saylovida ovoz berishda bevosita ishtirok etishi kutilayapti.

Kezi kelganda yana bir bor eslatish о‘rinliki, "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi tо‘g‘risida"gi Qonunning yangi tahririga asosan bu borada qator о‘zgarishlar bor.  Xususan, avvalgi saylovlarda ovoz berishda bevosita ishtirok etadigan vakillar yig‘ilishi ishtirokchilari soni tegishli kо‘maklashuvchi komissiya qarori asosida belgilab berilgan bо‘lsa, yangi tartibga kо‘ra, muayyan hududda yashovchi saylov huquqiga ega fuqarolarning kamida 12 foizi (undan ortiq  bо‘lishi ham mumkin) ushbu jarayonga jalb etilishi shart. Ularning uchdan ikki qismi ovoz berishda hozir bо‘lsagina saylov о‘tgan hisoblanadi, aksincha yо‘q.

Yana bir muhim о‘zgarish shundan iboratki, endi о‘zini о‘zi boshqarish organida о‘tadigan yig‘in oqsoqoli saylovida ovoz berish qat’iy yashirin usulda tashkil etiladi.

Darhaqiqat, bu galgi  fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi qonunchilikka kiritilgan xolislik, shaffoflik, tenglik, muqobillik tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan qator demokratik о‘zgarishlar asosida о‘tadi. Maqsad aniq, о‘zini о‘zi  boshqarish organlari raisligiga aholiga qayishadigan, о‘z о‘rnida aholi uni qо‘llab-quvvatlaydigan, chin yetakchilik qobiliyatiga ega, tajribali, bilimli, tashabbuskor nomzodlar kelishiga erishish. Bu, pirovardida, mahalla obodligi, aholi turmush farovonligini ta’minlashga, yurtimizda barcha sohalarda kechayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli.

Islomiddin ABROROV,

Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari)

saylovini tashkil etish va о‘tkazishga

kо‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

21-04-2019 |
Foto galereya