Yoxud mashhur baxshilar sulolasi haqida yangi asar

Qarshi davlat universiteti dotsenti, folklorshunos  Abdiolim Ergashevni kо‘pchilik baxshichilik san’atining bilimdoni va jonkuyar tadqiqotchisi, targ‘ibotchisi sifatida biladi.

Bu bejizga emas, albatta. Domla о‘zining butun ilmiy faoliyatini xalq og‘zaki ijodi, xususan baxshichilik san’atini о‘rganishga, tadqiq etishga bag‘ishladi.

Kо‘plab xalq dostonlarini ilk marta baxshilar tilidan yozib olib, nashr ettirdi. Baxshilarning hayot yо‘li, dostonchilik maktablari haqida bir nechta monografiyalar,  risolalar, ilmiy esse va she’riy tо‘plamlar, kо‘plab ilmiy,  pedagogik, ommaviy maqolalar yozdi. Yaqinda esa Abdiolim Ergashevning baxshichilik san’atiga bag‘ishlangan yana bir asari - "Oilaviy baxshilar sulolasi" nomli monografiyasi nashrdan chiqdi.

Ma’lumki, xalqimizning ming yillik tarixi, mehnati, orzu-umidlarini ulug‘lovchi, shu bilan bir qatorda, umuminsoniy qadriyatlar, aqliy, axloqiy, jismoniy, ruhiy-estetik tarbiya usullarini о‘zida mujassam etgan yuzlab xalq dostonlarimizni saqlab qolish, uni keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san’atga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kuchaytirish, turli xalqlar о‘rtasidagi dо‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash bugungi kunning eng ustuvor masalalaridan hisoblanadi. Mana shu jihatdan olganda, domlaning "Oilaviy baxshilar sulolasi" nomli monografiyasi juda katta ahamiyatga ega. Kitobda bir baxshi avlodining ijodiy  faoliyati tо‘liq va izchil yoritilgan.

Kitobning kirish qismi о‘zbek milliy dostonchilik san’atiga katta hissa qо‘shgan, elimizda haqli ravishda oilaviy baxshilar sifatida e’tirof etilgan sulola asoschisi - Qashqa va Surxon vohasida dong taratgan Umir baxshi Safarov hayoti va ijodi bilan boshlangan. Keyin Umir shoirning о‘g‘illari, О‘zbekiston xalq baxshisi Qora baxshi, Chori baxshi va nabirasi Rasul baxshi Umirovlarning baxshichilik san’ati, ular ijro etgan  dostonlar haqida sо‘z yuritiladi.  

Monografiyaning birinchi bobi "Baxshi-shoir Umir Safarov   ijodiga chizgilar" deb nomlanib,  uning birinchi fasli "Umir baxshi Safar о‘g‘li - ikki viloyatda dong taratgan  dostonchi" sarlavhasi ostida berilgan. Unda muallifning о‘zi ta’kidlaganidek, "Janubiy О‘zbekiston dostonchiligining yashovchanligida, ya’ni bizgacha suyak surib yetib kelishida Umir shoir Safarovning alohida о‘rni, xizmati bor. Shuning uchun ham u ellik yildan ortiq muddat mobaynida Qashqa va Surxon vohalarida birday ardoqlanib kelindi, bu ehtirom hozir ham davom etmoqda. Chunki u xalqning quvonchu shodliklarini, g‘amu alamlarini, orzu-umidlarini, о‘zi ijod etgan qо‘shiqlarga, termalaru dostonlarga jam qilib kuyladi. Umri davomida tinimsiz mehnat hamda ijod bilan faol shug‘ullandi, elning xizmatida hamisha kamarbasta bо‘ldi. Bu haqda shoirning uchinchi farzandi Chori baxshi faxr bilan shunday deydi:

Qashqa-Surxon elida dong taratgan,

Qancha terma dostonlarni yaratgan,

Dо‘mbirani bulbul misol sayratgan,

Davrasida xalqning kо‘nglin yayratgan,

Umir shoir otam, mening ustozim.

Birinchi bobning "Suvon baxshi Umirov ijodi haqida" sarlavhali  faslida   muallif Umir baxshining tо‘ng‘ich о‘g‘li Suvon baxshining hayoti va ijodi,  u aytgan  "Qoraqum", "Alpomish", " Gо‘rо‘g‘li", "Kelinoy", "Dastagul" kabi doston va termalar  tо‘g‘risida  ma’lumotlar keltiradi va  Suvon baxshidan dostonlar, termalar yozib olinmaganligini afsus bilan qayd etadi.

Monografiyaning  "Qora baxshi Umirov mahorati" sarlavhali  ikkinchi bobi  yetti fasldan iborat bо‘lib,  "Suv о‘zanga qaytadi", "Ostona ulug‘", "Sо‘zim dilda, dо‘mbiram о‘g‘ilda", "Doston aytay bir maydon", "Nurali va Semurg‘" dostoniga bir nazar",  "Gо‘rо‘g‘li" silsilasidagi sо‘nggi doston", "Tohir va Zuhra" dostonining xalq baxshisi varianti" kabilardan tashkil topgan. Ushbu fasllarda Qora baxshi Umirovning baxshichilik san’atiga kirib kelishi, о‘z otasidan doston aytish mahoratini о‘rganganligi, qirqdan ortiq о‘zbek dostonlarini yoddan biladigan iqtidori yuksak ijodkor ekanligini Qora baxshi aytgan dostonlar va yaratgan termalarni izohlash asosida  uning ijodiy faoliyatini bayon qilgan.

Tadqiqotning uchinchi bobi "Chori baxshi Umirov" deb nomlanib, yigirma bitta faslga ajratilgan holda yoritilgan. Bu bobning "Oqqan daryo  oqmayin qolmas", "Chori Baxshi kuylaydi doston", "Temurning tug‘ilishi va yoshligi" dostoni, "Yosh Diyorbek Rasulov - umid g‘unchasi", "Umir shoir Safar о‘g‘lining ustoz-shogirdlik shajarasi", "Umir shoir oilaviy shajarasi" kabi  fasllari  muallif tomonidan ilmiy-nazariy jihatdan puxta yozilgan, ularda  bevosita baxshilar bilan savol-javoblar asnosida tо‘plangan ma’lumotlar, ulardan yozib olingan material  tahlil etilgan. Monografiyada Umir shoir, uch о‘g‘li Suvon, Qora, Chori, nevaralari Rasul va Qahhor, chevaralari Xudoymurod va Boymurod, evarasi Diyorbek haqidagi, ya’ni dostonchilikdagi mustahkam an’ana xalqa ochib berilgan.

Xullas, ushbu monografiyada mashhur xalq baxshisi Umir shoir Safarov bobosi Abdalbiy, otasi Safar polvon asos solgan sulolaviy baxshilar dostonchilik  maktabi xususida fikr yuritilgan. Monografiya xalq og‘zaki ijodi bilan qiziquvchi tadqiqotchilar, baxshilar  va keng kitobxonlar ommasiga mо‘ljallanganligi  bilan ham ahamiyatli.

Xо‘jamurod JABBOROV,

Qarshi davlat universiteti dotsenti

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

14-05-2019 |
Foto galereya