Tariximizga oid shunday asarlar borki, davru zamonlar, davlatu shohlar va mafkuraviy qarashlar о‘zgarib tursa-da, ahamiyatini yо‘qotmaydi. Ulardan biri miloddan avvalgi VI asrga mansub, О‘rta Osiyo, Yaqin va О‘rta Sharq mamlakatlari xalqlarining tarixiy, diniy, ijtimoiy, axloqiy va huquqiy hayotidan boxabar qiluvchi "Avesto" kitobidir.

"Avesto" - "о‘rnatilgan qonun-qoidalar, hayotning asosiy yо‘riqnomasi, yо‘li" degan ma’noni anglatadi. Uning yaratilishi miloddan avvalgi 630-533 yillarda yashagan Spitamon Zardusht nomi bilan bog‘liq. Abu Rayhon Beruniyning e’tirof etishicha, "Avesto" zardushtiylar ta’limotining asoschisi Zardusht vafotidan keyin kohinlar tomonidan 12 ming mol terisiga tilla harflar bilan bitilgan. Asarning tо‘liq shakli Eron shohining otashxonasida saqlanib, Aleksandr Makedonskiyning ushbu о‘lkaga yurishi vaqtida yoqib yuborilgan. "Avesto"ning beshdan ikki qismigina bizgacha yetib kelgan.

Qolgan parchalari va og‘zaki ijodda saqlangan xotiralar asosida tiklangani miloddan avvalgi III asrda hamda Xisrav birinchi hukmronligi, ya’ni 531-573 yillarda pahlaviy tilida "Zend Avesto" ("Avesto sharhi") nomida kitob qilingan. Keyinchalik fransuz, nemis, ingliz, rus tillariga va nihoyat 2001 yilda о‘zbekchaga tarjima qilingan. "Avesto" dastlab 21 kitobdan iborat bо‘lib, hozirda uning Yasna ("Qurbonlik keltirish"), Visperat ("Hamma hukmronlar"), Yasht ("Qadrlash", "Ulug‘lash")  va Vandevdot ("Devlarga qarshi qonun") qismlari saqlanib qolgan. Bu asar о‘lkamiz va xalqimiz hayotiga oid ilk yozma tarixiy manba hisoblanadi.

Asardagi voqealar Arianam Vayja, ya’ni Katta Xorazm deb atalgan mamlakatda rо‘y berib, bu davlat Baqtriya, Marg‘iyona, Sо‘g‘diyona va Xorazmni о‘z ichiga olgan.

Asarda inson, jamiyat va davlat о‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy-madaniy munosabatlarning muayyan bir tartibi haqida fikr yuritiladi. "Avesto"ga kо‘ra, jamiyat tо‘rt qismga - oila, urug‘, qabila va qabilalar   ittifoqiga bо‘lingan. Jamiyat a’zolari kohinlar, jangchi askarlar, chorvadorlar va hunarmandlarga bо‘lingan. Oilaga jamiyatning asosiy bо‘g‘ini sifatida qaralib, rivojlanish oilalarning mustahkamligi, nikoh va oilaviy burchning mavjudligi hamda inson zotining davom etishiga bog‘liq, deb kо‘rsatilgan. Hayotdan oila qurmay va farzand kо‘rmay о‘tish qoralangan.

"Avesto"da tо‘rtta asosiy masala - insonlarning ijtimoiy faolligi, jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtiroki, inson huquqlarining ustuvorligi hamda xususiy mulk masalalari alohida ajratib kо‘rsatiladi. Urug‘lar qabilalarga, qabilalar qabilalar ittifoqiga birlashgan. Qabilalar ittifoqi qabilalardan saylangan oqsoqollar, ya’ni Oqsoqollar kengashi tomonidan   boshqarilgan. Davlatchilik - eng qadimiy adolat va insoniy baxt-saodat hukmron bо‘lgan, ezgulik va yovuzlik ruhlari о‘rtasida adolat uchun kurash kechgan hamda aql-idrok va adolat tantana qilgan davrdan iborat. Asarda ezgulik xudosi Axuramazda va yovuzlik xudosi Ahriman ta’riflangan.

Firdavsiy va Beruniyning tasviricha, Zardusht Eron shohi Vishtaspga о‘z dini afzalligini isbotlab bergach, Eronu Turonda zardushtiylik dini joriy qilinadi. Bu hududlardagi shahar va qishloqlarda otashkada-ibodatxonalar qurishadi. Bu dinga mansub kishilar quyosh, olov, yer, suv va havoni muqaddas hisoblab, ularga sig‘inganlar. Yer, suv, havoni ifloslantirishni katta gunoh hisoblashgan.

"Avesto" zardushtiylik dinining asosiy manbai hisoblanadi. Ushbu dinning muqaddas bayramlaridan biri Navrо‘z biz qatori kо‘plab mamlakatlarda bahorgi tengkunlik - 21 martda nishonlab kelinadi. Zardushtiylik ta’limoti bо‘yicha har bir inson ezgu fikr, ezgu sо‘z va ezgu amalga rioya qilib yashashi kerak.

Turkiy xalqlar va ularning tili haqida muhim ma’lumotlar beruvchi asarlardan biri Mahmud Koshg‘ariy (1029-1101)ning "Devonu lug‘atit turk" ("Turkiy sо‘zlar devoni") asaridir. Ushbu manba jahon hamjamiyati tomonidan eng mо‘tabar asarlar rо‘yxatiga kiritilgan. Turkiy tilshunoslarning nodir yodgorligi hisoblanadi. Asar arab tilida yozilgan bо‘lsa-da, turkiy tilning boyligi, mazmundor va rang-barangligini kо‘rsatib bergani bilan e’tiborli.

 "Devonu lug‘atit turk" muqaddimasida turkiy tilli xalqlarning nomlari birma-bir bayon qilingan.    Koshg‘ariy shunday yozadi: "G‘arbda Rum chegarasidan Sharqda Chin ichigacha bо‘lgan hududda turk urug‘ va qabilalari shu tartibda joylashgan: pecheneg, qipchoq, о‘g‘uz, yemek, boshqird, basmil, qayi, yabaqu, tatar, qirg‘iz, chigil, tо‘xsi, yag‘mo, ug‘roq, charuq, chо‘mul, uyg‘ur, tangut, xitoy". Hozirgi vaqtga kelib bu urug‘ nomlarining kо‘plari о‘zgarib ketgan.

Devonda turkiy xalqlar yashagan joylarni kо‘rsatuvchi doira shaklidagi xarita ham keltirilgan. Xarita hozirgi Sharqiy yarim shar, Sibirdan О‘rta yer dengizigacha bо‘lgan hududlarni о‘z ichiga oladi. Turkiy xalqlar bu hududlarda bir qismi о‘troq va bir qismi kо‘chmanchi bо‘lib yashagan. Miloddan avvalgi VI asrdan milodning  II asrigacha О‘rta Osiyodan Qora dengizgacha bо‘lgan hududda hukm surgan Saklar imperiyasi, uning hukmdori Alp Er Tо‘ng‘a (Afrosiyob) tо‘g‘risida ma’lumotlar bor. Firdavsiyning "Shohnoma"sida aytilishicha, bu imperiyani eronliklar Turon deb atashgan.

Shuningdek, asarda keltirilgan xaritada mamlakatlar, shaharu qishloqlar, tog‘u chо‘llar, dovonu dengizlar, kо‘lu daryolarning nomlari aytib о‘tilgan. О‘simlik va hayvonot olami, turli marosimlar, urf-odatlar, о‘yinlar, kiyimlar va boshqa narsalar haqida ham ma’lumotlar bor.

"Devonu lug‘atit turk"ning lug‘at qismida turkiy xalqlarning tili hamda ulardagi о‘xshash va farqli jihatlar yoritilib, olti mingdan ortiq turkiy sо‘zlarga izohlar berilgan. Kо‘plab maqolu hikmatlar va she’riy parchalar о‘z ifodasini topgan. Masalan, amaldorlarga qarata "Daraja va martaba topsang xulqingni chiroyli qil; amirlar oldida yaxshilik yetkazuvchi, xalqning ishlarini yaxshi qabul qiluvchi bо‘l" deyilgan.

Yurtimiz tarixi haqida yozilgan asarlar orasida Sergey Pavlovich Tolstovning "Qadimiy Xorazm sivilizatsiyasini izlab" asari munosib о‘rin tutadi.

Sergey Tolstov 1907 yilda Sankt-Peterburgda tug‘ilib, 1976 yilda vafot etgan. Tarixchi 1936 yilda bir guruh olimlardan iborat ekspeditsiya bilan yurtimizga kelib, bu о‘lkaga cheksiz mehr qо‘ygan holda ilmi va hayotini Sharq va qadimiy Xorazmni о‘rganishga bag‘ishlagan. Uning Sharq xalqlari taraqqiyotiga oid tarix, arxeologiya va etnografiya fanlari sohasini о‘zida mujassam etgan "Qadimiy Xorazm sivilizatsiyasini izlab" asari 1964 yilda nashr etilgan.

Sergey Tolstov Xorazm zaminini о‘rganishga oid xulosalari va "Xorazm - О‘rta Osiyoning Misri, Amudaryo - Nil kabi tabiat ato etgan buyuk tuhfa" kabi xolisona fikrlari bilan xalqimizning ilm-fan, madaniyat, san’at, shaharsozlik va davlatchilikka oid tarixi uzoq о‘tmishlarga borib taqalishini isbotlab berdi. G‘arbparast olimlarning Sharq xalqlari taraqqiyotini inkor etuvchi g‘oyalarini yо‘qqa chiqardi. Yurtimizda tarix va arxeologiya fani rivojlanishiga munosib hissa qо‘shib, kо‘plab shogirdlar tayyorladi.

Asar arxeologik tadqiqotlar asosida, ularni xalqimiz tarixiga oid qо‘lyozma manbalar, xalq og‘zaki ijodi, xalq orasida tarqalgan afsona va rivoyatlar bilan taqqoslagan holda yozilgan. Kо‘plab qadimiy qal’alar, inshootlar va buyumlar aniqlanib, о‘rganilgan. Yurtimiz hududida yashagan, yashayotgan va kо‘chib ketgan xalqlar, ularning yashash tarzi, tili, madaniyati va san’ati, Xorazm tabiati va sug‘orish tizimi hamda kо‘plab  boshqa ma’lumotlar yoritib berilgan.

Sergey Tolstov turkiy, forsiy tillarni va xalqimiz tarixini yaxshi bilishi bilan birga, urf-odatlarimiz va islom tarixidan xabardor bо‘lgan. Xorazmlik ziyolilar "Sergey og‘a"ni katta hurmat va muhabbat bilan eslab turadilar. Sergey Tolstov va uning safdoshi, rassom Igor Vitalyevich Savitskiy tashabbusi bilan Nukus shahrida Xorazm taraqqiyoti, madaniyati va san’atiga oid minglab buyumlar jamlangan dunyoga mashhur muzey tashkil etilgan. Ushbu muzey hozirgi vaqtda Igor Vitalyevich Savitskiy nomi bilan ataladi.

Aytishlaricha, Sergey Tolstov keyinchalik Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida talabalarga dars bergan. Umri oxiriga qadar yurtimizning gо‘zal bir hududi - Xorazm zaminidan kо‘nglini uzmagan. О‘limidan bir kun oldin ham shu yurt haqida sо‘zlab, unda yetishtirilgan qovun sо‘ragan va о‘limidan keyin jasadini Xorazmga dafn etishni iltimos qilgan ekan. Ammo bu ikki istak ham amalga oshmagan. Uning xalqimiz oldidagi xizmatini chuqur ehtirom bilan e’tirof etmoq kerak.

Abdishukur OMONOV

14-10-2019 |
Foto galereya