Viloyat hokimi maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yil viloyatdagi umumtaʼlim maktablarini 47 681nafar bitiruvchi tugatdi, shundan 38 470 nafari (81%) oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan.

Viloyatdagi mavjud 6 ta oliy taʼlim muassasalariga 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul kvotasi 8400 ta (o‘tgan yilda 4290 ta) belgilangan bo‘lib, jami 99 476 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Bu bir o‘ringa 12 nafar talabgor deganidir.

Bu yil xotin-qizlar uchun ham alohida grantlar ajratildi. Shunga asosan viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga viloyat bo‘yicha jami 3825 nafar xotin-qiz hujjat topshirgan bo‘lib, komissiya tomonidan hujjatlar Nizom asosida o‘rganildi va ularning 2027 nafariga tavsiyalar berilgan.

Sentyabr oyida o‘tkaziladigan test sinovlariga viloyatdan jami 129 772 nafar abituriyent ishtirok etadi. Test sinovlarini 2 smenada o‘tkazish rejalashtirilgan. (ertalabki smena soat 8.00 dan 10.00 gacha, kechki smena soat 16.00 dan 18.00 gacha)

Test jarayonlari Nasaf futbol klubining mashg‘ulotlar o‘tadigan 4 ta stadionida bo‘lib o‘tadi. Maydonlarning sig‘imi 37 512 kv.metrni tashkil etadi.

Bir vaqtning o‘zida 184 ta guruhda 5520 nafar abituriyent test topshirish imkoniyati mavjud. Bir kunda 2 smenada 11 040 nafar abituriyentning test topshirishi uchun shart-sharoit yaratilgan. Jami abituriyentlarning 129 772 nafarni tashkil etishi inobatga olinsa, viloyatda test topshirish jarayoni 12 kunda yakuniga yetadi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan stadionlarda abituriyentlar guruhlarining joylashuvi bo‘yicha aniq reja-chizmasi mavjud. Bundan tashqari, stadionlarga zarur jihozlar va mebellar (stol, stul, doska va boshqa zarur vositalar) olib kelib o‘rnatilmoqda.

Test topshirish kunlari ijtimoiy masofani (2 M) saqlashga eʼtibor qaratiladi. Sanitariya-gigiyenik talablarga rioya qilgan holda har bir kirish-chiqish joylariga dezinfeksion tunnellar o‘rnatiladi, pirometrlar va antiseptik vositalar bilan taʼminlanadi. Bundan tashqari, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining malakali xodimlari tomonidan navbatchilik guruhlari tashkil etiladi.

Uzoq hududdan keladigan abituriyentlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, ularning xavfsizligini taʼminlagan holda avtobuslar tashkil etiladi. Avtobuslarning belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakati IIB YHX xodimlari tomonidan nazoratga olinadi.

Bundan tashqari, imtihonlarni adolatli, shaffof o‘tishi va koronavirus pandemiyasi sharoitidan kelib chiqib, ichki tartib-qoidalariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlaridan iborat guruhlar jalb qilinadi.

Abituriyentlarning ota-onalari va yaqin qarindoshlarining imtihonlar o‘tkaziladigan maskanga kelib ovora bo‘lmasligi, karantin talablariga rioya etishlarini inobatga olgan holda, test sinovlarini to‘liq onlayn kuzatish imkoniyatlari yaratiladi.

Ahror Sodiqov,

 Qashqadaryo viloyati hokimligi
Axborot xizmati rahbari

16-08-2020 |
Foto galereya