Hurmatli dehqonlar, fermerlar!
 
Agrar sohaning yetuk mutaxassislari!
 
Yurtimizdagi to‘kislik, fayzu baraka, ne’matlarning bisyorligi haqida so‘z ketar ekan, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan fidoyi, jonkuyar insonlarning mehnatini, kunu tun tinim bilmay olib borayotgan xizmatlarini his etamiz.
 
Hurmatli Prezidentimizning tashabbuslari hamda rahbarliklari ostida qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi ishlarni izchil rivojlantirish, mamlakatimizda qulay agrobiznes muhitini yaratish, bu borada investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, sohani sanoatlashtirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayapti. O‘zbek dehqonlarining nomini yuksaklarga ko‘tarish imkoni yaratilmoqda. Bunga javoban  dehqon va fermerlarimiz  ham ilm-fan yutuqlarini puxta o‘rgangani holda, ko‘p yillik boy bilim va tajribalarini omilkorlik  bilan soha taraqqiyotiga sarf etayotganliklarini ta’kidlab o‘taman.
 
Qashqadaryoda dehqonchilikning o‘ziga xos tajriba maktabi bor. Soha xodimlarining Ona Vatanimizning boyligi bo‘lgan yerga munosabatini tubdan o‘zgartirgani, unib chiqqan qut-baraka manbaini mehr bilan parvarishlab, tabiiy ofatlarga, noxushliklarga qarshi mardonavor turib bergani, ta’bir joiz bo‘lsa, har bir niholni o‘z farzandimizdek parvarishlagani evaziga g‘alladan yuksak hosil yaratildi.
 
Viloyatda joriy yil hosili uchun 140 ming gektar suvli maydonlarda 26 ta g‘allachilik klasteri va 6 600 ta fermer xo‘jaligi tomonidan barakali don hosili yetishtirildi.
 
Viloyatimiz g‘allakorlari tomonidan bugungacha davlatga 370 ming tonnaga yaqin yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 ming tonnadan ziyod boshoqli don topshirildi.
 
 
Fermerlar bugun manfaatdorlik nima ekanini, mehnat qilib baraka topishning samarasini o‘z hayotida ko‘rishyapti. Qariyib 500 ming tonnadan ortiq g‘alla aholi va fermerlar ixtiyorida qolishi ham rizq-ro‘zimizning mo‘l-ko‘lligidan dalolat.
 
Bu jarayonlarda Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Chiroqchi, Qarshi, Kasbi va Koson tumanlari fermerlari yuqori natijalarini qayd etib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.
 
Ayniqsa, Yakkabog‘ tumanidagi "Fayziyev Amir Farhodovich", "Jovliyev Dilmurod Abdishukurovich", Shahrisabz tumanidagi "Ma’rufxon o‘g‘li Xalil", "Shaxzodabonu Farhod qizi", Chiroqchi tumanidagi "Nurimov Do‘stmurod Maxmurodovich", "Sho‘rquduq", "Tangir bobo", Kasbi tumanidagi "Boburshoh orzusi", "Qurbonov Rajabpo‘lat", "Nodirbek Xayrullayev", Nishon tumanidagi "Musurmon", "Dolliyev O‘tkir", Muborak tumanidagi "Tursunboy Oynazarov", "Olam", Mirishkor tumanidagi "Yangi Jeynov Durdonasi", "Yorqin", Kitob tumanidagi "Shoh Akbar", "Shodlik Shodon Sher", Gʻuzor tumanidagi "Bobur Isroilovich", "Abdimo‘minov Davronbek", Qarshi tumanidagi "Choriyev Mardon Nomozovich", "Sodivov Hamza Bahromovich", Qamashi tumanidagi "Javlonbek sifat invest", "Haqqi o‘g‘li Ilhom"  va Koson tumanidagi "Shodi Saidov", "Samandar Nur Diyor" fermer xo‘jaliklari 75-80 sentnerdan hosil olishdi.
 
Joriy yildan g‘allachilikda bozor mexanizmlarini joriy qilinishi evaziga davlat zaxirasiga topshirilgan g‘allaning 80 foizi don korxonalari tomonidan o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar qimmat narxlarda, har bir tonna uchun uch million so‘mdan to‘lab berilgan bo‘lsa, 20 foizi don korxonalari omborlarida saqlangan holda, birja savdolari orqali sotilib, fermerlarga to‘lab berilmoqda.
 
O‘tgan yili yetishtirilgan g‘alla hisobiga imtiyozli kredit mablag‘laridan 43 mlrd.so‘m qarzdorlik hanuzgacha osilib qolgan bo‘lsa, joriy yilda imtiyozli kredit resurslaridan bo‘lgan 490 mlrd so‘m qarzdorliklar to‘liq qoplandi va yana qo‘shimcha 562 mlrd.so‘m mablag‘ fermerlarimizga to‘lab beriladi.
 
Shu bilan birga, g‘alladan bo‘shagan maydonlarni aholiga, ayniqsa, yoshlarga berish orqali suvsizlikka chidamli va kam suv talab qiladigan sabzavot, poliz, dukkakli, moyli ekinlar navlari va duragaylarini takroriy ekin sifatida ekish ishlari  boshlab yuborildi.
 
 
 
Aziz qishloq xo‘jaligi xodimlari!  Fidoyi fermerlar!
 
Davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligi xodimlariga ko‘rsatayotgan ulkan e’tibori va g‘amxo‘rligi, mehnatlaringizga berayotgan yuksak bahosi barchamizga quvonch va g‘urur bag‘ishlab, ishonchimizni yanada oshiradi, ayni vaqtda zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi.
 
Bu mas’uliyat bizdan yanada samarali mehnat qilishni, qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari qatori paxtachilik bo‘yicha zimmamizga olgan shartnoma majburiyatimizni sharaf bilan bajarishimizni taqozo etadi.  
 
Ayniqsa, hosil taqdirida hal qiluvchi palla boshlanayotgan shu kunlarda, bu haqiqatni barchamiz chuqur his etmoqdamiz.
 
Chindan ham, mashaqqatli mehnat va katta xarajat evaziga yetishtirilayotgan hosilni nafaqat to‘la saqlab qolish, balki uni yanada ko‘paytirish maqsadida qishloq xo‘jaligi xodimlari va mutasaddilari, suvchi va mexanizatorlar bilan birgalikda barcha fermer va dehqonlar mas’uliyatni ikki karra oshirib, kunu tun dalada bo‘lishi, bir tanu bir jon bo‘lib ishlab, yil yakunida g‘alla kabi paxtadan ham mo‘l hosil va yuqori daromad olishimiz shart.
 
Ko‘pni ko‘rgan tajribali fermer va dehqonlarimiz iyul-avgust oylari g‘o‘za ayni rivojlanadigan, dehqonchasiga aytganda, ekin kechayu-kunduz kuchga kiradigan, hosil to‘playdigan eng dolzarb palla ekanini, bu davrda qanday agrotexnik ishlar amalga oshirilishi zarurligini juda yaxshi biladilar.
 
Hurmatli mirishkor fermer va dehqonlar!
 
Biz – fermer va dehqonlar, paxtachilik klasterlari bilan kengashgan holda, g‘o‘za rivojida o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan hozirgi kunlarning har bir daqiqasini g‘animat bilib, 15 iyuldan 25 avgustgacha bo‘lgan muddatni viloyatimizda “Gʻo‘zadan kafolatli hosil yaratishning 40 kunlik zarbdor oyligi” deb e’lon qilamiz.
 
Ana shu zarbdor davr mobaynida dalada yetishtirilgan hosilni saqlab qolish, hosilga hosil qo‘shish uchun quyidagi muhim tadbirlarni amalga oshirishga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur, deb hisoblaymiz.
 
Tashkiliy ishlarni yana bir marta, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda, qaytadan, puxta rejalashtirib, fermerlar, mexanizator va suvchilarning joyi tunu-kun dalada bo‘lishini ta’minlashimiz, butun mehrimizni dalaga, g‘o‘za nihollari parvarishiga qaratib, quyidagi muhim tadbirlarni bekamu ko‘st amalga oshirishimiz zarur.
 
Birinchidan, ikki kun muddatda barcha g‘o‘za maydonlarini xatlovdan o‘tkazib, fermer xo‘jaligi va konturlar kesimida “yaxshi”, “o‘rta” va “qoloq” maydonlariga ajratib, alohida agrotexnik tadbirlar belgilab olishishimiz zarur.
 
Ikkinchidan, dehqonlarimizning to‘plagan ko‘p yillik boy tajribasiga tayanib, zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion agrotexnologiyalarni qo‘llashga alohida e’tibor qarataylik.
 
Sir emas, keyingi yillarda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlari viloyatimizda ham sezilmoqda.
 
O‘zgidromet markazining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 17-iyuldan respublikamiz hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo oqimi kirib kelmoqda. Harorat o‘tgan yillarning shu davridagi o‘rtacha me’yordan 5-7 daraja yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
 
Bunday holat barchamizdan yanada tadbirkorlik bilan ishlashni talab etadi. Biz tabiat injiqliklarini o‘z bilim, tajriba va mahoratimiz bilan mardonavor yengib o‘tishimiz, o‘tgan yillardagi natijalar bilan cheklanib qolmasdan, yanada yuqori marralarni ko‘zlab ish tutishimiz lozim.
 
Shu kunlarda suvchilar sonini ikki barobar ko‘paytirib, har 5 gektar g‘o‘za maydoniga kamida 1 nafardan suvchini jalb qilib, ular uchun zarur sharoitlar yaratish, kechayu-kunduz g‘o‘zani sifatli sug‘orishni ta’minlashimiz zarur.
 
“Zar qadrini zargar, suv qadrini suvchi biladi”, deydi xalqimiz. Shu hikmatga amal qilib, suvning bir tomchisini ham isrof qilmasdan, sug‘orishni faqat tunda, qat’iy tizim asosida, sharbat usulida olib borib, g‘o‘zaning tagida doimo namlik saqlanishiga alohida e’tibor qaratish zarur.
 
Buning uchun, klaster korxonalari tijorat banklari bilan birgalik suvchilarga har besh kunda ish haqi berib borishni tashkil qilib, suvchilarni etik, fonar va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlashi kerak.
 
Uchinchidan, xalqimizda “paxtani temir pishiradi” degan ibratli naql bor.
 
Shuning uchun, Agroinspeksiya idorasi kultivatorlarning organlari to‘liq bo‘lishini va “baliq” sirti qilib o‘ralganligini bir kun muddatda to‘liq ko‘rikdan o‘tkazib qabul qilib oladi.
 
Mavjud kultivatorlarni daladan chiqarmasdan, ularning “otryad” va “naryad” tizimida ishlashini tashkil etib, sug‘orilgan maydonlar tobga kelishi bilan ularni peshma-pesh “mayin” kultivatsiya qilish talab etiladi.
 
Bunda, erta tongdan kechgacha (soat 5:00 dan 20:00 gacha) ishlatish, ish unumdorligini 2 barobarga oshirib, kunlik ish unumini 8-10 gektarga yetkazish kerak.
 
To‘rtinchidan, g‘o‘zani chekanka qilishni 25-iyulga qadar to‘liq yakunlab, zararkunanda hasharotlarga qarshi kompleks yondashuv asosida kurashishni davom ettirib, g‘o‘zaga maxsus preparatlar bilan ishlov berishga hamda ushbu tadbirlarni kunning salqin paytlarida amalga oshirishga ahamiyat beraylik.
 
Ayniqsa, g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashda har gektariga 3 grammdan trixogramma, ko‘sak qurti aniqlangan dalalarga 1 000-1 500 donadan oltinko‘z biomahsulotini chiqarishga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.
 
Kutilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida, to‘langan hosilni saqlab qolish va hosilga hosil qo‘shish maqsadida o‘sishni boshqaruvchi biostyumlyatorlardan tizimli ravishda foydalanish zarur.
 
Beshinchidan, “qoloq” fermer xo‘jaliklari ro‘yxatiga kiritilganlar bilan alohida yondoshuv asosida ishlash tizimini yaratish bo‘yicha “40 kunlik zarbdor oyligi”da har bir sektor rahbari “yo‘l xaritasi” ishlab chiqib tasdiqlaydi va viloyat hokimligiga taqdim etadi.
 
 
 
Qadrli fermerlar!
 
Albatta, bu ishlarni tashkil etishda tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari o‘zlari bosh-qosh bo‘lib, o‘zining hududida ishchi guruh tashkil qilib, har kuni erta tongdan dalaga chiqib, kamida 8-10 nafar fermerning dalasini ko‘zdan kechirib,  belgilangan agrotexnik tadbirlarni yo‘lga qo‘yishi kerak.
 
Muxtasar aytganda, tabiat qashqadaryolik dehqonlarining nimaga qodir ekanini, ularning sabr-bardoshi, bilim va tajribasini yana bir bor sinovdan o‘tkazayotgan shu kunlarda, barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, muhim agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirib, barcha sa’y-harakatlarimizni paxtadan yuqori hosil yetishtirishga yo‘naltiraylik.
 
Qadrli qishloq xo‘jaligi xodimlari, paxtakorlar, fermerlar!
 
Bugungi mas’uliyatli damlarni chin dildan his qilib, agrotexnik tadbirlarni samarali olib borishingizda kuch-quvvat tilayman. Tajribali paxtakorlarning ko‘rsatmalariga tayangan holda, belgilangan vazifalarni bajarishda yelkama-yelka turib, bir tanu bir jon bo‘lib, bor malaka va salohiyatingizni safarbar etishingizga ishonamiz.  
 
Bugun xalqimiz sizni “rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari” deb ulug‘lab, azmu shijoatingiz, g‘ayrat va matonatingizga ko‘z tikib turganini bir zum bo‘lsa-da, esdan chiqarmasligingiz kerak.
 
Muhtaram Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan fidokorona mehnat qilishga chaqiraman!
 
Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu va olijanob ishlaringizga qut-baraka tilayman. Bu yilgi mavsumda ulkan xirmon barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi hammamizga nasib etsin.
 

E’tiboringiz uchun tashakkur!

16-07-2022 | Ijtimoiy | 947
Foto galereya