Assalomu alaykum aziz harbiy xizmatchilar, muhtaram soha faxriylari.

Bayram tadbirining qadrli ishtirokchilari!

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida matonat va jasorat bilan xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarni, aksar va ofitserlarni, ularning oila aʼzolarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Har bir xalqning, millatning kuch-qudrati manbai, bu -  tinch va osoyishta hayotini ko‘z qorachig‘idek asrash mas'uliyatidir. Bugun dunyo miqyosida kechayotgan voqealarni kuzatib, tezkor axborot asridagi jarayonlarni tahlil qilib, shuni chuqur anglaymizki, tinchlikdan ortiq bebaho neʼmat yo‘q.

Tinchligimizni saqlash va uni asrashdek muqaddas burchni ado etayotgan, sarhadlarimizning osoyishtaligini taʼminlayotgan soha xodimlariga, harbiy xizmatchilarga, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga xalqimiz nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini sharaf bilan bajarayotgan – Vatan himoyachilari bilan faxrlanamiz.

Sizning issiqni issiq, sovuqni sovuq demasdan, halovatdan kechib, yerda ham, ko‘kda ham hamisha sergak turib qilayotgan mehnatingiz evaziga ona xalqimiz osoyishta hayot qurshovida yashamoqda, ertangi orzu-umidlari ro‘yobi uchun harakat qilayapti.

Biz istiqomat qilayotgan muqaddas zaminda ulug‘ ajdodlarimizning, har bir ishida o‘ziga xos maktab yaratgan aziz zotlarning boy madaniy merosi bor. Harbiy salohiyati va tajribasi, ilmi bilan qudratli mamlakat barpo etgan Amir Temur, vatanparvarligi bilan shuhrat qozongan Jaloliddin Manguberdi kabi millatimiz qahramonlarning merosini o‘rganish orqali, davr tarixi, harbiy salohiyati, madaniyati, maʼnaviyati haqida o‘rganamiz va tatbiq etamiz. Yoshlarimiz qalbida shu aziz vatanning har qarich tuprog‘ini asrashdek azmi shijoatni shakllantirishda foydalanamiz.

Davlatimiz rahbari aytganlaridek: "Vatanparvarlik hissi, avvalo buyuk tariximizdan, ajdodlar jasoratidan oziqlanadi”.

Biz haqli ravishda faxrlanamiz, bugun harbiy xizmatchi bo‘lish – muqaddas burchga aylangan. Mehr muhabbati, mahorati va bilimini Vatanimiz xavfsizligini taʼminlashga,  farovon hayotimizni muhofaza qilishga safarbar etayotgan askarlar va ofitserlar, harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish ishiga ustivor ahamiyat qaratilmoqda.

Qadrli do‘stlar!

"Milliy armiyamiz bizning iftixorimiz va g‘ururimiz” tamoyili asosida mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini taʼminlash, aholining bu boradagi xabardorligini oshirish maqsadida  hududlarda harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. 

2022-yil davomida viloyat harbiy – maʼmuriy sektorini rivojlantirish jamg‘armasidan harbiy shaharcha, poligonlar infratuzilmasini rivojlantirish, xizmatchilar uchun munosib sharoitlarini yaratish maqsadlariga 43 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.  164 nafar harbiy xizmatchilar oilasi uy-joy bilan taʼminlandi. Shuningdek, 500 nafarga yaqin harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari o‘z sohalari bo‘yicha ish o‘rinlariga joylashtirildi.

2023-yil - “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da marrani baland olamiz. Xalqimiz bilan hamfikr bo‘lgan holda, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, milliy o‘zlik va ezgu qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash barchamizning eng muhim vazifamiz ekanini taʼkidlayman.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni, muhtaram Prezidentimizning ko‘rsatma va tavsiyalarini sidqidildan bajarish maqsadida:

o‘g‘il-qizlarimizni turli tahdidlarga qarshi ilm va bilim bilan qurollantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va sportning ommaviyligini taʼminlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalarni keng tatbiq etishga zarur manbalarni safarbar qilamiz.  

Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Ilm va bilim — o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! - hurmatli Prezidentimizning bu daʼvatlariga “labbay” deya javob bergan holda,  “Temurbeklar maktabi” harbiy taʼlim maskanlarining faoliyatini takomillashtirish va sohaga qiziquvchan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i” va “Qatag‘on qurbonlari” muzeylarida reja asosida barcha yoshlarning sayohatini uyushtirish,  bu yerdagi vatanparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish bo‘yicha alohida tadbirlar amalga oshiriladi.

Viloyat teatrida sahnalashtirilgan, milliy qahramonlarimizning hayoti, fazilatlari haqida hikoya qiluvchi “Alpomish”, “Amir Temur” kabi tarixiy sahna asarlar namoyishini muntazam tashkillashtiramiz, olis hududlarda yashovchi yoshlar uchun ko‘chma teatrlar faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.

Hamisha ogoh va hushyor bo‘lish – davr talabi! Har bir o‘g‘il-qizning taqdiri haqida qayg‘urish, uyushmagan yoshlarni alohida eʼtiborga olib, ular bilan muntazam shug‘ullanish, bu borada vatanparvarlik timsoli bo‘lgan  jadid bobolarimizning hayoti va ijodini keng o‘rganish, bir so‘z bilan aytganda “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan” tamoyilini keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

“Uch avlod uchrashuvlari” orqali yoshlarni tarix bilan yanada kengroq tanishtirish kabi vazifalarni dolzarb deb bilamiz.  

Aziz do‘stlar!

Mard, jasur, dovyurak askar va serjantlar, ofitserlar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Yana bir bor, barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman. Mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Ona xalqimizning yuksak ishonchini oqlash va kasbingiz ortidan rohat topish nasib qilsin.

Vatanimiz shonu shavkatini yuksaltirishdek ezgu yo‘lda hamisha mardona bo‘ling.

Bayramingiz muborak, aziz Vatan himoyachilari!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

14-01-2023 |
Foto galereya