Tashrifning dastlabki kunida viloyat hokimligi, bandlik boshqarmasi va viloyat Kasaba uyushmalari mas’ullaridan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasida o‘tkazilayotgan "Transport va qurilish" xalqaro kongresida o‘zlarining chiqishlari bilan ishtirok etishdi.
 
Shundan so‘ng, safar doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi mehnat migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakilligi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida Ufa shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari tadbiri tashkil etildi.
 
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad - xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlik va muloqotning barcha shakllarini rivojlantirish, madaniy yutuqlarni o‘zaro almashish hamda turizmni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, sayyohlarga O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari haqida ma’lumot berildi. Qashqadaryodagi turizm va ziyorat obyektlari video roliklar orqali ochib berildi.
 
Delegatsiya a’zolari ikkinchi kunni Ufa shahrida tashkil etilgan "Transport va qurilish" xalqaro kongresining ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirish bilan boshlagan bo‘lsalar, shundan so‘ng tanishuvlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari hamrohligida yirik korxonalar bilan muloqotlar olib borildi.
 
Jumladan, dunyoga mashhur "Megi" kompaniyasi bilan tibbiyot anjomlarini vohamizga yetkazib berish, "Rostelekom" bilan ko‘plab sohalarga zamonaviy avtomatlashtirish va robot texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, bir nechta korxonalar bilan qurilish sohasida hamkorlik qilish va ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish orqali ikki tomonga ham foyda keltirish masalalari muhokama qilindi. Yirik kompaniyalarni viloyatimizga tashrifini amalga oshirish hamda vohamizdagi tegishli mas’ullar ishtirokida onlayn muloqotlarni ham tashkil etishga kelishib olindi. Shuningdek, rossiyalik tadbirkorlar bilan muloqotlar qilindi.
 
Bundan tashqari, Ufa shahri turizmini qanday rivojlantirilganligi haqida so‘zlab bergan shahar hokimining o‘rinbosari bilan mazkur soha bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.
 
- Buning uchun bizga katta salohiyatli jamoa va dunyo tajribasi kerak edi, - deydi hokim o‘rinbosari Damir Galiullin. - Biz shunga erisha oldik. Shaharsozlikka va turistlarga nima kerak va bizda o‘sha narsa bor yoki yo‘qligini ajrata oldik. O‘zbekiston bilan yurtingizda turizm sohasini rivojlantirishga jamoamiz bilan yordam berishga tayyormiz.
 
O‘z navbatida, Qashqadaryo viloyat hokimining birinchi kotibiyati mudiri va viloyat bandlik boshqarmasi boshlig‘i vohamizda ham turizm imkoniyatlari yuqoriligini ta’kidlashdi.
21-09-2022 | Ijtimoiy | 203
Foto galereya