Bugungi kunda davlat rahbari tomonidan yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish va ular bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar hududlarda o‘z samarasini berib kelmoqda. Xususan, prezidentning 2021-yil 21-apreldagi "Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-5088-sonli qaroriga muvofik tuman (shahar)larda yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilib, ular o‘rtasida tadbirkorlik sohasi keng rivojlantirilmoqda.
 
Jumladan, bugun Qarshi shahrida joylashgan "Xontepa" MFY hududidagi 2 gektar yer maydonida mazkur qarorga asosan vohamizda tashkil etilayotgan yoshlar sanoat zonalarining dastlabkisi faoliyat boshladi. Mazkur sanoat hududining tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov so‘zga chiqib, bu sohada olib borilayotgan islohotlardan oqilona foydalangan holda aholining daromadlarini oshirish, ayniqsa yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘z fikr mulohazalarini berib o‘tdi va tadbirkorlar faoliyatiga rivoj tilab, viloyatimizning nuroniy mehnat faxriylari bilan birgalikda bu yerda faoliyat boshlagan yosh tadbirkorlarning ishlab chiqarish jarayonlarini birma-bir ko‘zdan kechirdi.
 
Hozirgi kunda mazkur sanoat zonasida 24 ta lotga yosh tadbirkorlar tomonidan qiymati 27 mlrd. so‘mni tashkil etuvchi 21 ta loyihalar joylashtirilib, qisqa vaqt ichida 18 ta tadbirkorlik loyihasi 23 mlrd. so‘m mablag‘ hisobiga ishga tushirildi. Shuningdek, qolgan loyihalar bo‘yicha ham ishlar qizg‘in tarzda olib borilmoqda. Eng ahamiyatlisi esa bu yerda 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, yoshlar va xotin-qizlar bandligi ta’minlangan.
 
Yana bir jihat, hududdagi ishlab chiqarish loyihalarida tekstil va to‘qimachilik, mebel sanoati va kimyo sanoati yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z faoliyatini boshlagan.
25-06-2022 |
Foto galereya