Respublika sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Basitxanova tomonidan viloyatimizning bir qator tumanlarida mahorat darsi tarzidagi seminarlar tashkil etildi.
G‘uzor tumani, Shahrisabz va Qarshi shaharlarida o‘tkazilgan mazkur seminarlarda viloyatning barcha hududlari tibbiyot birlashmalarining rahbarlari hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Tadbirlarda onalar va bolalar o‘limining oldini olish borasidagi dolzarb vazifalar, joylardagi “Ayollar maslahatxonalari” hamda “Qizlar salomatlik markazlari” faoliyatini takomillashtirish, mahallabay ish tizimini tashkil etish, shuningdek, "Temir daftar", “Ayollar daftari” hamda "Yoshlar daftari"da qayd etilgan, tibbiy-ijtimoiy muammosi bo‘lgan qatlam bilan ishlash bo‘yicha batafsil so‘z yuritildi.
— Biz nega onalar va bolalar o‘limi borasidagi muammolarimizni bartaraf eta olmayapmiz? — deydi Elmira Basitxanova. — Chunki uzoq yillar davomida tizimdagi chalkashliklar sabab birlamchi bo‘g‘inda pediatrlar, bolalar va o‘smirlar ginekologlari, emlash hamshiralari shtatlarini yo‘qotdik. Aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirishga, shuningdek, antenatal kuzatuv sifatiga yetarli eʼtibor qaratmadik. Afsuski, hali-hamon qishloqlarimizda, hatto shaharlarimizda ayrim homilador ayollar oy-kuni yaqinlashganidagina tug‘ruqxonada ishlaydigan “xola”sini esga oladi...
Davlatimiz rahbari 2017 yilda bizga joylarda “Ayollar maslahatxonalari” hamda “Qizlar salomatlik markazlari” faoliyatini tashkil etishni tavsiya etgan edi. Mana shu tizim samarali ishlasa, sohadagi ko‘pgina muammolar yechimini topish mumkin.
— Darhaqiqat, “Ayollar maslahatxonalari”da tug‘ish yoshidagi ayollarning salomatligi borasidagi muammolar o‘z vaqtida aniqlansa, mahallabay ishlashga eʼtibor kuchaytirilsa, ko‘pgina tashvishlarga o‘rin qolmaydi, — deydi Qarshi shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Rohila Usmonova. — Shuningdek, o‘smir qizlarni o‘smirlar ginekologi ko‘rigidan o‘tkazish singari nozik masalalarga mentalitetdan kelib chiqqan holda yondashish, bu borada ko‘pchilikda qotib qolgan noto‘g‘ri tushunchalarga barham berish, “Qizlar salomatligi markazlari” faoliyatida hamda bu boradagi targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishda maktablarimizdagi volontyor qizlar kuchidan unumli foydalanishimiz zarur. Seminarda bu borada kerakli amaliy tushunchalarga ega bo‘ldik.
Vazir o‘rinbosari, shuningdek, hududlardagi bir qator mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, ularda tashkil etilgan “Salomatlik burchaklari” hamda mahallabay ishlash borasidagi ishlar bilan tanishdi va bu boradagi tadbirlarni yana-da takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.