Bugungi kunda dunyo aholisining yildan-yilga ortib borishi natijasida ularning farovon hayot kechirishlari uchun jahon bo‘yicha barcha sohalarda zarur manba bo‘lib hisoblangan elektr energiyaga bo‘lgan talab ham tobora o‘sib bormoqda.
 
Xususan, mamlakatimizda ham aholining elektr energiya ta’minotiga bo‘lgan talabini yaxshilash maqsadida zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Asosiy e’tibor elektr energiyasining uzluksizligini ta’minlash, uzilishlarning oldini olishga qaratilayapti. Mazkur sohada xizmat sifatini oshirish vazifasi - bosh omil bo‘lmoqda.
 
Joriy yilning 10-iyun kuni davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan  qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ham iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarida muqobil energiyadan foydalanishni keng yo‘lga qo‘yish va ko‘paytirish orqali mazkur sohada tejamkorlikni ta’minlash, ayniqsa kuz-qish mavsumida aholining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini uzluksiz ravishda to‘laqonli qondirish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga zarur topshiriqlar berilgan edi.
 
 
Chet el investorlari va mahalliy tadbirkorlarning yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishini yanada samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Qashqadaryoda ham dastlabki amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, Finlyandiyaning dunyoga mashhur “Solar Finland” kompaniyasi bilan videokonferensiya tarzida muzokara o‘tkazildi.
 
Unda viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi mas’ul rahbarlar, “Solar Finland” kompaniyasi bosh direktori P.Rauxala va Finlyandiyaning O‘zbekistondagi elchisi I.Ryaysyanen hamda faxriy konsul A.Jo‘rayevlar ishtirok etdi va ikki tomonlama hamkorlik doirasida qator masalalar muhokama etildi. Xususan:
 
- “Solar Finland” kompaniyasi mahsulotlarini O‘zbekiston bozorida tanitish maqsadida viloyatdagi 1 ta maktab va 1 ta shifoxona binosiga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha “pilot loyiha”ni amalga oshiriladi.
 
- viloyat hokimligi bilan kelishgan holda 1 ta ma’muriy binoni tijorat asosida to‘liq muqobil energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydigan quyosh panellarini o‘rnatiladi.
 
- Qarshi shahridagi erkin iqtisodiy zona hududida “O‘zbek-Fin” qo‘shma korxonasini ochish maqsadida korxona mutaxassislarini viloyatga tashrifi tashkil etiladi.  
 
Shuningdek, P.Rauxala respublikada muqobil energetika bozori rivojlanishi yangi bosqichga o‘tayotganligi va bu yo‘nalishda jahonning yirik ishlab chiqaruvchi korxonalari mamlakatimizga investisiya kiritishga katta qiziqish bildirayotgani va bundan manfaatdor ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.
 
Kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishida aynan viloyat hokimligi tomonidan bildirilgan takliflarning muhimligi va kelgusida Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bozoriga kirib borish rejalashtirilayotganligi haqida qayd etildi.
 
- Viloyatimiz ahli va tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlash uchun muqobil energiya uskunalarini o‘rnatishni ommalashtirish va bu sohada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida xorijiy investorlarning huquqlarini himoya qilgan holda “Solar Finland” bilan hamkorlikni tez fursatlarda amalga oshirishda zarur infrastruktura, resurs va qulay ishlab chiqarish muhitini tashkil etishga tayyormiz, – deydi viloyat hokimi Murotjon Azimov.
 
Shu bilan birga, 2023-yilgacha “Yangi O‘zbekiston” massivlari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar, ma’muriy binolar, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish soha ob’yektlari hamda “ijtimoiy daftarlar”dagi fuqarolarning xonadonlarida muqobil energiya manbalaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.
 
 
 
Tomonlarning o‘zaro samimiy muloqoti davomida istiqbolli hamkorlikning natijalariga doir bir qator kelishuvlarga erishildi.
 
Iyul oyining yakuniga qadar quyosh panellarini o‘rnatuvchi mahalliy korxona bilan hamkorlikda ob’yektlarning ehtiyoji o‘rganiladi va yil yakuniga qadar uskunalar ishga tushiriladi.
 
Joriy yil yakuniga qadar esa, mahalliy tadbirkorlik sub’yekti bilan qo‘shma korxona ochib, xom-ashyo bazasini aniqlash, bozorning ichki imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, o‘rganish yakunlari yuzasidan 2023-yildan boshlab korxona faoliyatini tashkil etish choralari ko‘riladi.
 
Ma’lumot o‘rnida, “Solar Finland” kompaniyasi 1978 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Jahon bozorida eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi va uning eksport geografiyasi Yevropa Ittifoqi, Amerika qo‘shma shtatlari hamda boshqa barcha mintaqalarni qamrab oladi.
 
Kompaniya tomonidan iste’molga chiqarilayotgan quyosh panellari eng so‘nggi innovatsion yechimlarga asoslangan bo‘lib, quyosh energiyasidan samarali foydalanishga qaratilgan. Energiya tejamkorligi bo‘yicha jahonda yetakchilardan biri hisoblanadi. Ishlab chiqarilayotgan  mahsulotlar sifat ko‘rsatkichi bo‘yicha xalqaro standartlarga asoslangan bo‘lib, samarali foydalanish uzoq muddatga kafolatlangan.
11-07-2022 |
Foto galereya