Xabaringiz bor, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017 yilda oliy darajadagi muloqotlar sо‘ngida 2018 yilda Qozog‘istonda О‘zbekiston yili va 2019 yilda О‘zbekistonda Qozog‘iston yilini о‘tkazishga kelishib olgan edi.

Qayd etish lozim, bu xalqlarimiz о‘rtasidagi hamkorlik tarixida noyob voqea sifatida qardoshlik munosabatlarini yangi  bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni jihat turli madaniy tadbirlar, ilmiy-ma’rifiy anjumanlar, san’at va madaniyat kechalarida ham о‘z aksini topayotir.

Xususan, Qarshi shahrida Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarining taqdimoti ushbu sohadagi hamkorlik bardavomligining yana bir tasdig‘i bо‘ldi. Unda qо‘shni davlatdagi 47 oliy ta’lim muassasasi vakillari Qozog‘istondagi ta’lim tizimi, oliy о‘quv yurtlari, ularda ta’lim olish shartlari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berishdi.

Aytish joiz, bugungi kunda О‘zbekiston va Qozog‘iston oliy ta’lim tizimida hamkorlikka oid 50 dan ziyod bitim va kelishuvlar amal qiladi. Mamlakatimizdagi 400 ga yaqin maktabda qozoq tili о‘qitiladi, oliy ta’lim muassasalarida qozoq tili, matematika, fizika va boshqa fanlar bо‘yicha pedagog kadrlar tayyorlanadi.

Butunjahon qozoqlar assotsiatsiyasi vakili Klara Sadirbayevaning aytishicha, ikki yildan buyon an’anaviy о‘tkazilayotgan ta’lim kо‘rgazmalari natijasida Qozog‘istonda tahsil olayotgan о‘zbekistonlik talabalar soni kо‘paygan. 2017 yilda О‘zbekistondan 1300 о‘g‘il-qiz talabalikka qabul qilingan bо‘lsa, о‘tgan yili 12 mingdan ortiq yoshlar Qozog‘istonga о‘qishga kirgan. О‘z navbatida qozoq yoshlari ham О‘zbekistonga kelib, nufuzli universitetlarda о‘qimoqda.

- Chimkentdagi Xalqaro gumanitar-texnika universitetining jismoniy tarbiya fakultetida о‘qiyapman, - deydi Koson tumani Quyi Obron qishlog‘ilik Alijon Nuriddinov. - 21 fakultetda bakalavrlar, 5 yо‘nalishda magistrlar tayyorlanadi. Yillik kontrakt puli arzon - 3 million 600 ming sо‘m. Universitetimizda 500 nafardan ziyod О‘zbekiston  fuqarolari, jumladan, 250 ga yaqin qashqadaryolik tahsil olayapti.

Darhaqiqat, Qozog‘iston Respublikasidagi bir qator oliy о‘quv yurtlari diplomining yurtimizda amal qilishi, tо‘lov-shartnoma pulining arzonligi hamda masofadan turib ta’lim olish imkoniyatining mavjudligi kо‘rgazmada qatnashgan yoshlarimiz e’tiborini tortib, qiziqishini oshirdi.

- Bugun qozoq oliy о‘quv yurtlari kо‘rgazmasi bо‘lishi haqida internetdan о‘qib, ular haqida yaqindan bilish maqsadida keldim, - deydi abituriyent Nodir Nortо‘rayev. - Almatidagi Sulaymon Demirel universiteti meni qiziqtirib qо‘ydi. U yerda о‘zim qiziqqan jurnalistika yо‘nalishida ham mutaxassislar tayyorlanarkan. E’tiborli tomoni, bu yil о‘zbek yoshlari uchun 68 ming dollarlik 33 ta grant ajratilibdi. 15 davlatdagi 30 ta universitet bilan hamkorlik qilishi, bu yerda о‘qib, 2 diplomga ega bо‘lish imkoniyati mavjudligi muassasaning darajasini kо‘rsatib turibdi.

Albatta, boshqa davlatda о‘qishning о‘zi bо‘lmaydi. Har qanday о‘g‘il-qiz til bilishi, muqim yashash joyiga ega bо‘lishi zarur.

- Bu borada о‘zbek yoshlari uchun hech qanday muammo bо‘lmaydi, - deydi Janubiy Qozog‘iston davlat pedagogika universiteti chet el talabalarini moslashtirish markazi direktori Shaxlo Naraliyeva. - Universitetimizda 1500 dan ziyod о‘zbekistonlik talaba tahsil olsa, ular uchun qozoq va rus tillarini bepul о‘rganish kurslari tashkil etilgan. Yotoqxona mavjud, yiliga  1 million 100 ming sо‘m atrofida bо‘ladi. Qolaversa, Xitoy, Mо‘g‘uliston, Turkmanistondan kelib о‘qishadi. Vengriya, Germaniya kabi davlatlar bilan muntazam tajriba almashib boriladi. О‘zbekistonda ta’lim tizimi yaxshi yо‘lga qо‘yilgan, о‘zim ham Milliy universitetda о‘qiganman. Tabiiyki, boshqa yurt tajribasini о‘rganish faqat foydaga xizmat qiladi.

Kо‘rgazma doirasida Butunjahon qozoqlar assotsiatsiyasi vakili Klara Sadirbayeva, Qozog‘iston ta’lim va fan vazirligi departamenti direktori Bagdauren Sobitov va boshqalar ikki davlat о‘rtasida yildan-yilga mustahkamlanib borayotgan hamkorlik aloqalari ta’lim sohasida ham rivojlanayotganini qayd etishdi. Birgina misol, bu yil yurtimiz yoshlari uchun qо‘shni davlatda 2 mingta grant ajratilgan. Qozog‘istonda bepul о‘qish imkoniyatiga kam ta’minlangan oilalar farzandlari, imtiyozli diplomga ega yoshlar, oilasida nogironlar bо‘lgan о‘g‘il-qizlar ega bо‘ladi.

Uchrashuvda hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdagi ishtiroki uchun viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyevga Qozog‘iston ta’lim va fan vazirligining tashakkurnomasi ham topshirildi. Yakunda ikki hudud oliy ta’lim muassasalari о‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

B.SAYFIYEV

Suratlarda: kо‘rgazmadan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

17-05-2019 |
Foto galereya