Joriy yilning 4-10 oktabr kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilmoqda. Ushbu haftalik Qashqadaryoda ham start oldi. Haftalikka bag‘ishlangan tadbirlarga viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ham hamrohlik qilmoqda.

Ilk uchrashuv Qarshi shahridagi "Nuroniylar maskani"da bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olganlar keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor kelajak avlodni ham har tomonlama yetuk shaxslar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

- Bir guruh nuroniylarimizni “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumentini sayohat qilishga yuboramiz haftalik yakunida, - dedi Zoyir Mirzayev. - Shuningdek, keksalarimizning hayot yo‘li jonli tarix va ibratli saboq ekanini hisobga olib, OTMda nuroniylar darslarini tashkil etamiz. Sog‘ligidagi muammolari sabab uyda yoki sihatgohlarda davolanayotgan nuroniylarimiz holidan xabar olamiz hamda davlat tashkilotlarida ishlagan va bugun keksalik gashtini surayotgan nuroniylarimizni sobiq ishxonalariga sayohatini tashkil etamiz.

Shuningdek, "Nuroniylar maskani"da boshlangan uchrashuv bir piyola choy ustida davom etdi. Ochiq tabiat qo‘ynida to‘kin dasturxon yozilib, unga keksa nuroniylar va mehnat faxriylari taklif qilindi. San’atkorlar tomonidan kuylangan dilbar taronalar ularning ko‘ngliga xushnudlik ulashdi.

04-10-2021 |
Foto galereya