2019 yilning 1 yanvar holatida viloyatimizda parvarishlanayotgan yirik shoxli qoramollar soni 1 million 565 ming 700, qо‘y va echkilar 4 million 543 ming 200 boshni tashkil etgan. Bu statistik raqam. Unda mavjud chorvaning asosiy qismi aholi hisobida ekanligi kо‘rsatilganiyoq qator savollar tug‘diradi. Binobarin, aholi ixtiyoridagi chorva bosh sonini hech kim birma-bir sanab chiqqan emas.

E’tirof etish joiz, hududda chorvachilikni rivojlantirish salohiyati juda yuqori. Buning uchun yetarli shart-sharoit, aholida esa kerakli kо‘nikma va tajriba bor. Gap imkoniyatlardan tо‘g‘ri foydalanish, sohaga professional darajada xizmat kо‘rsatish tizimini yо‘lga qо‘yish, yem va ozuqa ta’minoti barqarorligi, tannarxning arzonligiga erishishda, xolos.

Viloyat qishloq xо‘jaligi boshqarmasida hududda chorvachilikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab о‘tkazilgan yig‘ilishda shu kabi muammolar, ularni bartaraf etish yо‘llari xususida sо‘z yuritildi. Unda soha mas’ullari, aloqador tashkilotlar vakillari, chorvachilikka ixtisoslashgan xо‘jaliklar rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish xalqimizni  arzon gо‘sht va sut mahsulotlari bilan   ta’minlash, ayniqsa qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini kо‘paytirishda muhim о‘rin tutadi. Ammo, tizimda kuzatilayotgan qator omillar sabab sohada rivojlanish kо‘rsatkichi juda past kechgan.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 martdagi "Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qо‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarori hamda 2019 yil 28 martdagi "Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni asosida bо‘layotgan о‘zgarishlar bu kabi muammolarni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bо‘ldi.

- Ushbu hujjatlarda chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi aholi va tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlash, yem-hashak yetishtirish uchun ekin maydonlarini doimiy yoki uzoq muddatga ijaraga berish, imtiyozli kreditlar ajratish, naslchilik ishlarini rivojlantirish, xizmat kо‘rsatish sifatini yaxshilash, sohaga ilmiy yondashuvni keng joriy etish va boshqa qator chora-tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan,  - deydi viloyat qishloq xо‘jaligi boshqarmasi chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bо‘limi boshlig‘i О‘ktam Murodov. - Bugungi tadbirda yig‘ilganlarga ana shular haqida, tegishli qaror va farmonning mohiyati yuzasidan keng tushuntirishlar berildi. Ular asosida kelib chiqadigan vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda chorvachilik bilan shug‘ullanish, mavjud faoliyatni rivojlantirish istagidagi aholi, tadbirkorlik subyektlari uchun imtiyozli kreditlar olish, ularga yaylov yerlarini ajratish, viloyatimiz iqlim sharoitiga mos ozuqa ekinlari navlarini tanlash masalalari yuzasidan ham fikrlashildi.

J.BOYMURODOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-04-2019 |
Foto galereya