Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi organlari tomonidan voyaga yetmagan  moddiy yordamga muhtoj farzandlarning aliment pullarini о‘z vaqtida undirib berish, tushuntirish va xulosa chiqarmagan qarzdorlarga nisbatan choralar kо‘rish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Fuqarolik ishlar bо‘yicha Chiroqchi tuman sudining 2014 yil 29 iyuldagi buyrug‘iga asosan qarzdor SH.Ochilovdan undiruvchi F.Qayumova foydasiga 3 nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Byuroning davlat ijrochilari tomonidan berilgan tushuntirishlar va ogohlantirishlarga qaramasdan qarzdor shu kunga qadar aliment tо‘lashdan bо‘yin tovlab kelgan. Natijaga aliment qarzdorligi bugungi kunda 44 690 451 sо‘mga yetgan.

Byuroning Chiroqchi tuman bо‘limi davlat ijrochilari tomonidan SH.Ochilov о‘tgan vaqtning turli davrlarida qidiruvga berilgan va Respublika hududidan chetga chiqish huquqlari cheklangan.

Olib borilgan say-harakatlar davomida farzandining moddiy ta’minotidan bо‘yin tovlab qochib yurgan ota joriy yilning 7-may kuni bо‘lim davlat ijrochisi tomonidan topildi.

Joriy yilning 8-may kuni Fuqarolik ishlari bо‘yicha Chiroqchi tuman sudining sayyor sud majlisida qarzdor SH.Ochilov 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Aytib о‘tish kerakki, fuqaro berilgan jazodan tegishli xulosa chiqarmagan taqdirda О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

 

Majburiy ijro byurosi

Qashqadaryo viloyati boshqarmasi

 

 

14-05-2019 |
Foto galereya