9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi munosabati bilan viloyatimizdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinib, ularga Prezidentimiz nomidan pul mukoforti, qimmatbaho sovg‘alar hamda davlat va jamoat tashkilotlarining esdaliklari topshirilmoqda. Bugungi kunda viloyatda 66 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hayot kechirmoqda.

Urush qatnashchilarining xonadonida harbiy orkestr, viloyat san’at ustalari, yosh ijrochilar tomonidan yangragan kuy-qо‘shiqlar, turli millatlarning milliy raqslari yig‘ilganlarga zavq-shavq ulashdi.

Meni frontga kuzatayotgan yaqinlarimning yuzidagi iztirobni yaxshi eslayman- deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rо‘zi bobo Soatov. О‘sha vaqtlari yillar о‘tib mana shunday tinch, farovon, inson rohat-farog‘atda yashaydigan kunlar kelishini kim tasavvur qilibdi, deysiz. Doimo yurtimizning tinchligini о‘ylayotgan, farzandlarimizning baxtli, saodatli hayot kechirishini ta’minlab berayotgani uchun Prezidentimizga ming bora rahmat aytaman. Biz urush qatnashchilariga kо‘rsatilayotgan bunday e’tibor va ehtiromdan boshim kо‘kka yetdi.

Qarshi tumani “Mevazor” MFYda yashovchi Eshonqul ota Ravshanov ham bugun о‘zining 96 bahorini qarshi oldi. О‘zbekona jasorati, matonati, vatanparvarligi bilan hurmat qozongan Eshonqul  ota xonadoni bayram arafasida yanada fayzu tarovatga boyib ketdi. Viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev  otaxon xonadoniga tashrif buyurib,  О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Eshonqul otaga pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi. Otaxonning kо‘zidagi quvonch esa shunday dorilamon kunlarga, qolaversa ularga kо‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxо‘rlikning shukronalik ifodasidir.

Mirishkor tumanida istiqomat qiluvchi Buxor ota Radjabov bu yil 101 yoshga tо‘lib, keksalik gashtini surib yurgan faxriylardan. Ularning aytayotganlari avlodlar uchun ibrat maktabi. Buxor ota tinch hayotda baxtiyor yashayotgan odamlarni kо‘rganidan doim xursand. Kо‘plar urush kо‘rgan otadan tinchlikni qadrlash hissiyotini olishga odatlangan. Bayram sovg‘asi sifatida Buxor otaga pul mukofoti, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mehr – oqibat, qadr va ehtirom О‘zbekistonda har doim ulug‘lab kelingan. Nuroniy bobolarimiz, momolarimiz bizlarga hayot maktabining bebaho ustozlaridir. Ulardan Vatanni sevishni, bir qarich tuprog‘ini aziz va muqaddas bilib, ardoqlab yashashni о‘rganamiz. Zero, inson bu yorug‘ olamda о‘zidan faqat ezgulik ishlarini meros qoldirsagina ularning nomlari xotiralardan aslo о‘chmaydi. Qarilari doim musaffo osmonimizni tinchlik quyoshi misol nurlarga tо‘ldiraveradi.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Mug‘lon mahallasi ahli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Xayrullo ota Shermatov  bilan faxrlanadi. Yuz yoshni qarshilayotgan otaxon hali tetik va bardam. Mahalla-kо‘yning tо‘y-ma’rakasida bosh, otaxonning mamnun nigohlaridan ajib bir shukronani ilg‘ash qiyin emas.

     Viloyatimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alarini topshirish marosimlari davom etmoqda. Shuningdek, mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham urush qatnashchilari xonadonlariga tashrif buyurib, ularga о‘zlarining esdalik sovg‘alarini topshirishmoqda.

 

                                                                    Suratlarni  Murod  Komilov  olgan.

Viloyat  hokimligi  axborot  xizmati

 

01-05-2019 |
Foto galereya