Yurtimizda yuksak texnologiyalarni tayyorlash, aksariyat zarur ehtiyot qism va xom ashyo resurslarini keng miqyosda ishlab chiqarish hali tо‘laqonli darajada о‘zlashtirilmagan. Ammo jarayon rivojlanish bosqichida turibdi. Shu bois ayrim hollarda dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlari taklif etayotgan tovar va xizmatlardan foydalanishga, chetdan import qilishga majburmiz. Albatta, agar bu holat mamlakatimizda yirik energiyatejamkor quvvatlarni barpo etish, iqtisodiyot tarmoqlari salohiyatini oshirishga xizmat qilsa, fursatni qо‘ldan boy bermaslik kerak. Pirovard maqsad esa yuqori qо‘shilgan qiymatga ega, mahalliy raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni kо‘paytirishdan iborat.

Shu ma’noda tadbirkorlarga о‘zimizda muqobili  yо‘q asbob-uskuna, jihoz va butlovchi qismlar, yarim tayyor mahsulotlarni xorijdan olib kelishda qator yengilliklar berilgan. Davlat yо‘li bilan  ishbilarmonlarni muayyan imtiyozlar asosida siylash orqali bu jarayon har tomonlama rag‘batlantirilayapti. Muhimi, taqdim etilgan ushbu imkoniyat kо‘kka sovurilmasligi, behuda ishlatilmasligi kerak. Samarasi amalda ham namoyon bо‘lishi darkor.

О‘tgan davrda viloyatimizda ham ayni masalaga doir tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash chorasi kо‘rildi. 2019 yilning birinchi choragi davomida bojxona tо‘lovlari bо‘yicha qо‘llangan imtiyozlar salmog‘i qariyb 606,9 milliard sо‘mni tashkil etdi. Bultur xuddi shu davrda mazkur raqam 147,5 milliard sо‘mga teng bо‘lgandi. О‘sish 4 barobarga kо‘paygani e’tiborga molik. 

Xо‘sh, ushbu imtiyozlar qanchalik maqsadli va manzilli taqdim etildi? Bunda asosan qaysi yо‘nalishlar qamrab olindi? Alohida tarmoqlar misolida kо‘rib, vaziyatni xolis baholash mumkin.

Ma’lumki, Prezidentning 2016 yil 29 dekabrdagi  "SHо‘rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish" investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qо‘shimcha chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi  qaroriga muvofiq nafaqat viloyat, balki respublikamizdagi eng yirik investitsiya loyihasini hayotga tatbiq etishga kirishildi. G‘uzor tumanida barpo etilayotgan ushbu quvvatning umumiy qiymati 3,6 milliard AQSH dollariga teng. Loyiha tо‘la rо‘yobga chiqsa, yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YEVRO-5 standartiga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish imkoniyati yuzaga keladi.

Turgan gapki, mahobatli zavod ulkan texnologik uskunalar bilan jihozlanadi. Shu maqsadda majmua qurilishiga 20 dan ortiq davlatdan 11 mingdan ziyod yirik konstruksiya va qurilmalar, liniyalar keltirilishi belgilangan.  Davlat rahbarining tegishli qarorida esa loyiha amalga oshishini tezlashtirish, xarajatlar sarfini kamaytirish, investorlarga qulaylik yaratish maqsadida shunday uskunalarni import qilishga imtiyozlar joriy etish kо‘zda tutilgan.

Hujjat talabidan kelib chiqib, joriy yilning dastlabki 3 oyida faqat shu yо‘nalishda 465 milliard 751 million sо‘mlik bojxona imtiyozi qо‘llanildi. О‘tgan yilning mos davriga nisbatan farq 430 milliard sо‘mga oshgan.

Sir emas, Prezident tashabbusi bilan mamlakatimiz agrar sektorida yangi tizim - klasterga о‘tish boshlandi.  Qishloq xо‘jaligi mahsuloti yetishtirishdan tortib uni chuqur qayta ishlashgacha bо‘lgan barcha jarayonni о‘z ichiga olgan bu tuzilma yuqori samaradorlikka egaligi bilan ajralib turadi. Mazkur yangilik paxtachilik tarmog‘iga ham faol tatbiq etildi. Birgina Qashqadaryoda 6 ta ana shunday klaster ishga tushirilayotgani ham buning yorqin misolidir.

Bir narsa aniqki, dunyo tajribasidan muvaffaqiyatli о‘tgan mazkur tizimni faqatgina ichki salohiyat va imkoniyat bilan mustaqil yо‘lga qо‘yib bо‘lmaydi. Talab shuki, klasterlar ilgarigi ish yuritish shaklidan butkul farq qilishi, standartlarga javob berishi kerak. Bu holatda ham xorijning yuqori texnologiyalariga murojaat qilmay iloj yо‘q. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi "Paxta-tо‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarorida ham shu jihatlar hisobga olingan.

Hujjatga asosan, yurtimizdagi paxta-tо‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari va paxtachilik-tо‘qimachilik klasterlari tomonidan о‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan xom ashyo, materiallar, texnika, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar bojxona tо‘lovlari tо‘lashdan 2020 yil 1 yanvargacha bо‘lgan muddatga ozod qilinadi (bojxona rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno).  Imtiyoz qо‘llanadigan tovarlar rо‘yxati qarorda keltirilgan.

Hududda bu borada kо‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidlash о‘rinli. Ushbu yо‘nalishda birinchi chorakda tashqi savdo faoliyati ishtirokchilariga qariyb 40 milliard sо‘m imtiyoz taqdim etilgani ham bugun klasterlarda ish qizg‘in ketayotganini ifodalaydi. Mazkur imtiyozdan Kasbi tumanida klaster ishga tushirish vazifasini zimmasiga olgan "Indorama agro" xorijiy korxonasi kо‘proq bahramand bо‘lgan. Subyekt imtiyoz asosida 38 milliard sо‘mdan ortiq mablag‘ni iqtisod qilgan. Shuningdek, Qarshi shahridagi boshqa bir tashabbuskor - "Sulton teks grup" xususiy korxonasi ham yangi tuzilma uchun zarur asbob-uskuna va texnika vositalarini import qilishda 1 milliard 600 million sо‘m miqdoridagi mablag‘ini tejagan.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida bojxona imtiyozi taqdim etilgan navbatdagi yirik tarmoq meva-sabzavotchilik bо‘ldi. Prezidentning 2018 yil 29 martdagi "О‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarori shunga keng sharoit yaratdi. Hujjat sohaning mavjud imkoniyatlarini yanada samarali ishga solish, yuqori sifatli va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish hamda ularni xorij bozorlariga olib chiqishga qaratilgan. Unga kо‘ra, shu yо‘nalishda faoliyat kо‘rsatayotgan tadbirkorlarga 2021 yil 1 yanvarga qadar qator yengilliklar berildi.

Jumladan, chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, kо‘chatlar va payvandtaglar, mineral о‘g‘itlar, о‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlarini import qiluvchi xо‘jalik yurituvchi subyektlar bojxona tо‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bundan mustasno) ozod qilindi. Bundan tashqari, meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalarini yurtimizga olib kirishda ham bojxona imtiyozi taqdim etildi. Natijasi esa ishbilarmonlarga dastlabki uch oyda 25 milliard 571 million sо‘mlik bojxona  imtiyozi qо‘llanganida aks etib turibdi.

Qolaversa, mana bir necha yildirki, 94 turdagi texnologik asbob-uskunalarni chetdan olib kirishga ham imtiyoz joriy qilingan. Albatta, bular xо‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatini modernizatsiya qilishga sharoit hozirlashi kerak. Mazkur jarayon esa Adliya vazirligi tomonidan 2013 yil 20 martda davlat rо‘yxatidan о‘tkazilgan "О‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona boji va qо‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan texnologik jihozlar rо‘yxatini tasdiqlash haqida"gi qaror asosida tartibga solinadi. Shu faoliyat natijasida 14 milliard 860 million sо‘m miqdoridagi mablag‘ tadbirkorlar ixtiyorida qolgan.

О‘z navbatida, bojxona imtiyozlari qо‘llanishi doirasi avtomobil yо‘llari qurilishi (3 milliard sо‘m),  oziq-ovqat xavfsizligi (qariyb 2 milliard sо‘m), yog‘och-taxta materiallari importi (1 milliard sо‘m), charm-poyabzal sanoati (685 million sо‘m), chorvachilik sektorini rivojlantirish (674 million sо‘m) va sutni qayta ishlash (583 million sо‘m) kabi yо‘nalishlarni qamrab olgan.

Xulosa о‘rnida aytganda, joriy yilning birinchi choragida viloyatimizdagi xо‘jalik yurituvchi subyektlarga taqdim etilgan bojxona imtiyozlari ular faoliyati rivojiga turtki bergan. Yangi quvvatlar ishga tushishi, ishlab chiqarish texnologik yangilanishi, tarmoqlar salohiyati yuksalishiga zamin hozirlagan. Tadbirkorlarning bu taxlit qо‘llab-quvvatlanishi ularning davlatga bо‘lgan ishonchini ham oshiradi, mamlakatda ishbilarmonlik muhiti sifat jihatidan о‘sishini ta’minlaydi.

Sobir XOLMURODOV, 

viloyat bojxona boshqarmasi guruh boshlig‘i,

Mirzohid JО‘RAYEV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

01-05-2019 |
Foto galereya