Har yili Prezident sovrini uchun о‘tkazilayotgan "Tashabbus" kо‘rik-tanlovi о‘z faoliyatida kо‘zga kо‘rinarli natijaga erishayotgan xususiy sektor vakillarini faol qо‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirishni kо‘zda tutadi.

О‘z jabhasida eng nufuzli sanalgan ushbu tadbir orqali ishbilarmon ishiga xolis baho berish imkoni mavjud. Albatta, ushbu tanlovda ishtirok etib, hech bir tadbirkor yutqazmaydi. Aksincha, о‘zi uchun     yangilik topadi, mahsulotini keng ommaga namoyish eta oladi, tajriba almashadi.

Ma’lumki, mazkur kо‘rik-tanlov qamrovi ancha kengaydi, asosiy yо‘nalishlar soni ortdi. Ilgari biroz e’tibordan chetdan qolgan sohalar —    xizmat kо‘rsatish va yoshlar tadbirkorligi rivojiga kо‘mak berish, ularni hudud ravnaqiga qо‘shayotgan hissasiga kо‘ra taqdirlashga sharoit hozirlandi.

Shu kunlarda kо‘rik-tanlovning hududiy bosqichlari bо‘lib о‘tmoqda. Muborak tumanida ham ushbu tadbir yuqori saviyada, xolislik asosida tashkil etilishiga alohida ahamiyat qaratildi.

Bu bosqichda hududda faoliyat yurituvchi 30 ga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Shu maqsadda qatnashchilar hakamlar hay’ati va mehmonlarga о‘z mahsulotlari va xizmatlari kо‘rgazmasini namoyish qilishdi.

- Biznesimiz asosan sanoat yо‘nalishiga ixtisoslashgan, - deydi kо‘rik-tanlov tuman bosqichi ishtirokchisi, "Eko hayot" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sobir Umirov. - Hali maqtanishga arzigulik yutuqlarni qо‘lga kiritdik, deb aytolmayman. Chunki faoliyatimizni yо‘lga qо‘yganimizga kо‘p bо‘lmadi. Yangi uskunalar olib kelib, uy-rо‘zg‘or uchun chelak hamda blok g‘isht ishlab chiqarayapmiz. 15 nafar kishini ish bilan ta’minladik. Hozir mahsulotimizga xaridor kо‘p. Oyiga 400 dona 5 va 10 litr hajmli chelak, kuniga 1200 dona g‘isht tayyorlash quvvati mavjud. Ikkinchi chorakda tarmoqlarni kо‘paytiramiz. Yо‘lakbop plita, profilli eshik-rom singari qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etamiz. Aytganimdek, kо‘rsatkichlarimiz biroz qoniqarli, shu ham natijamizga ta’sir etdi. Yakunda "Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori" yо‘nalishida ikkinchi о‘rin bilan kifoyalandik.

Qayd etish о‘rinli, Muborak tumani iqtisodiyotida yirik sanoat ulushi salmoqli bо‘lsa-da, bu hududda kichik biznes subyektlari rivojiga xalal bermayapti. Muhimi, faoliyat yо‘nalishlarida xilma-xillik, bir-birini takrorlamaslik bor.

- 25 yil bо‘libdiki, gilamchilik bilan shug‘ullanib kelamiz, - deydi hududiy bosqich g‘oliblaridan biri, yakka tartibdagi tadbirkor Ergash Yarashev. - 10-15 yil ilgari hunarmandchilikning bu turi hududimizga deyarli xos emasdi, ya’ni keng ommalashmagandi. Biz boshlab berdik, qolganlar rivojlantirishdi. Tabiiy, shu bilan birga, shifobaxsh mahsulotga talab о‘lmaganidek, gilamlarimizga ham doim xaridor topiladi. Asosan chet ellik sayyohlarga taklif etamiz. Aholi buyurtmasi bilan ham gilam tо‘qib beramiz. Bu ish oilaviy mashg‘ulotga aylangan. Tuya, qо‘y va echki junidan kigiz,  sholcha, gilam, sumka kabi buyumlarni tо‘qishni tashkil etganmiz. Kelgusida qiziquvchilar uchun о‘quv kursi ochish niyatimiz bor. Tanlovda mahsulotimizni namoyish etib, mehmonlarning e’tirofini qozondik.

Hakamlar hay’ati xulosasiga kо‘ra, barcha asosiy yо‘nalishlar bо‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ularga tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho  sovg‘alari topshirildi. Qо‘shimcha nominatsiyalar bо‘yicha ham bir qancha ishtirokchilar munosib taqdirlandi. 

Ma’lumot о‘rnida eslatish joiz, "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovining ilk bosqichlari Dehqonobod, Koson, Kasbi, Chiroqchi tumanlarida ham о‘tkazib bо‘lindi.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-05-2019 |
Foto galereya